Sultanov Karim Sultanovich Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Sultanov K.S. 1949-yili Qirgʻizston Respublikai, Oʻsh viloyati, Aravan tumanidagi Langar qishlogʻida tugʻilgan. U shu yerda 1966-yili oʻrta maktabni tugatib, Toshkent politexnika institutining (hozirgi I.Krimov nomli Toshkent Davlat texnika universiteti) mexanika fakultetiga oʻqishga kiradi. Ushbu institutni 1971-yili imtyozli diplom bilan tamomlab, Uzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutiga katta laborant lavozimiga ishga qabul qilinadi va uning butun faoliyati shu institut bilan bogʻliq ravishda davom etadi.
Ushbu institutda 1973-yili u stajer – tadqiqotchi lavozimiga oʻtkazilib, M.V.Lomonosov nomli Moskva Davlat Universiteti qoshidagi Mexanika institutiga yuboriladi. U 1974-yilda ushbu universitetga maqsadli aspiranturaga kirib, uni 1977-yili nomzodlik dissertatsiyasini himoyasi bilan tugatadi. Unga 1977-yili fizika – matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan. Nomzodlik dissertatsiyasini texnika fanlari doktori, professor G.M.Lyaxov va SSSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, fizika – matematika fanlari doktori, professor S.S.Grigoryan rahbarliliklari ostida bajargan.
Sultanov K.S. 1977 – 1987-yillarda M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va ISM institutida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan. Sultanov K.S. 1981-yili Toshken Davlat universitetiga kirib (kechki), uning matematika fakultetini 1986-yili tugatgan.
U 1987-yili M.V.Lomonosov nomli Moskva Davlat universitetiga dotoranturaga yuborilgan va 1992-yilda ushbu universitetda doktorlik dissertatsiyasini Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi S.S.Grigoryan rahbarligi ostida muvaffaqiyatli himoya qilgan. Soʻngra, u 1992 – 1995-yillarda M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va ISM institutida laboratoriya mudiri lavozimida ishlagan.
Sultanov K.S. 1995-yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining Bosh ilmiy kotibi lavozimiga tayinlanadi. Ushbu lavozimda u 2005-yilgacha ishlagan, soʻngra 2005 – 2011-yillarda OAK raisining birinchi oʻrinbosari va raisi lavozimlarida ishlagan. Qariyib 16 yil davomida Sultanov K.S. Respublika Oliy attestatsiya komissiyasida respublikamiz uchun sifatli oliy malakali ilmiy va ilmiy – pedagog kadrlar yetishtirishdek mas’uliyatli vazifani bajarib keldi. U OAK me’yoriy hujjatlarini yaratishda, ekspertlar jamoasini tashkil qilishda, dissertatsiyalar himoyasida ob’yektivlikni va dissertatsiyalar sifatini oshirishda tinimsiz mehnat qildi.
2011-yildan boshlab 2021-yilgacha M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va ISM instituda bosh ilmiy xodim va laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlagan. Sultanov K.S. 2021-yildan ushbu institut direktori lavozimiga tayinlandi va shu lavozimda ishlab kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligi ostida 5 ta fan doktori (DSc) va 11 nafar fan nomzodlari (PhD) tayyorlangan. U 2 ta monografiya va 350 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir.
Ilmiy maqolalarining qariyib 50 dan ortigʻi Сcопус xalqaro ilmiy maqolalar bazasiga kiruvchi AQSH, RF, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining ilmiy jurnallarida nashr qilingan.
U qator xalqaro va respublika miqiyosidagi ilmiy konferensiyalarda oʻzining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Sultanov K.S. ikki farzandning otasi va beshta nabiralarining bobosidir. Uning oʻgʻli Sultanov P.K. tibbiyot fanlari doktori (DSc) va qizi iqtisod fanlari nomzodi (PhD) ilmiy darajalariga ega. Turmush oʻrtogʻi Sultanova D.X., Toshkent politexnika institutidan kursdoshi boʻlib, 1971-yildan Fanlar akademiyasining Kibernetika institutida injener, katta injener, yetakchi injener lavozimlarida ishlagan. Hozirgi paytda ular nafaqadalar.
Uning ilmiy faoliyati gruntlarda va qattiq jismlarda seysmik toʻlqin tarqalish jaroyonlarini, deformatsiyalanuvchan qattiq jismlarning grunt bilan oʻzaro tasirlarini va iplar mexanikasini tatqiq qilishga bagʻishlangan.
Ushbu ilmiy yoʻnalishlarda olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari asosda Sultanov K.S., Yer osti inshootlari seysmik mustahkamligining toʻlqin nazariyasini yaratdi va dinamik kuchlar tasiridan gruntlarning nochiziq deformatsiyalanish qonunlarini ishlab chiqdi. Shuningdek, paxta tolalaridan xosil qilingan yigirilgan iplarining tolali tarkibini hisobga oluvchi, ularning nochiziq deformatsiyalanish qonunini ochib berdi.
Sultanov K.S. va uning oʻquvchi – shogirdlaridan iborat ilmiy matabi tomonidan olingan ilmiy va amaliy natijalar Navoiy kon – metallurgiya kombinatining Muruntov ochiq karyeri va Olmaliq togʻ- metallargiya kombinatining Kalmakir karyeri qiya qirgʻoqlarini portlash toʻlqinlari tasiridan ustvorligini hisoblashda qoʻllanilgan. U tomonidan ishlab chiqilgan toʻlqin nazariyasi asosida, yer osti quvurlarining seysmik mustahkamligini ta’minlash boʻyicha olingan amaliy natijalar, Yer osti quvurlarini seysmik mustahkamligini hisoblashda foydalanish uchun qurilish me’yorlariga kiritshga tavsiya etilgan.
Hozirgi paytda uning rahbarligi ostida M.T.Oʻrozboyev nomli Mexanika va ISM instituti xodimlari mexanika fanining bino va inshootlar zilzilabardoshligi, suyuqlik va gaz mexanikasi, mashinalar dinamikasi, toʻqimachilik sanoati mashina va texnologiyalari va materallarning mustahkamlik nazariyalari kabi yoʻnalishlarida dunyo miqiyosida tan olinayotgan ilmiy va amaliy ishlarni bajarmoqdalar.