Ustozlik–buyuk maqomdir. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ” degan hikmat bejiz aytilmaydi. Oʻtgan ulugʻlarimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechogʻli baland ekanini teran anglaganlar va shunga koʻra muomala qilganlar.
Ustozlar haqida gap borganda hazrat Alisher Navoiyning bu baytlaridan oshirib bir soʻz aytmoq mushkuldir:
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Ustozlar jamiyat binosining me’morlari, ma’rifat bogʻining boʻstonlaridir. Ular hayot boʻstonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun mehr bilan mehnat qiladi.
Butun umrini ta’limga bagʻishlab, yuzlab, minglab yoshlarni bilimli, ma’naviy barkamol voyaga yetkazish yoʻlida xizmat qilib, el-yurt hurmati-yu ehtiromiga, olqishiga sazovor boʻlgan kamtarin inson Tulakov Elmurad Salamovich 1954-yilda Samarqand viloyati, Xatirchi tumanida tugʻilgan. 1977-yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining “Sanoat va fuqaro qurilishi” fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1987-yilda V.V.Kuybishev nomidagi MISI (Moskva)da nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2005-yilda V.V.Kuybishev nomidagi MGSU (Moskva) da doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Institutni tugatgach, harbiy xizmat davrida, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston hududida bir qator harbiy ob’yektlarni qurishga rahbarlik sifatida ishladi. Harbiy xizmatni tugatgach, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qoshidagi loyihalash va tajriba ustaxonasida (PEM) muhandis, katta muhandis, bosh mutaxassis, loyihalash boʻlimi boshligʻi, bosh muhandis va ustaxona boshligʻi lavozimlarida ishlagan. Hozirda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish unversiteti "Bino va inshootlarni doyihalash" kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Gruntlar mexanikasi va poydevorlar qurilishi muammolari bilan shugʻullanadi: lyossli asos massivining qalinligi boʻyicha namlanish davomida namlikni taqsimlanishini va namlangan lyossli gruntlarning deformatsiya xususiyatlarining oʻzgarishini eksperimental va nazariy tadqiqotlar orqali oʻrganish; namlangan lyossli gruntlarda joylashgan alohida turgan inshootlar poydevorlarini, shu jumladan suv minoralari, aloqa tarmogʻi va elektr uzatish liniyasi tayanchlarini seysmik ta’sirlarni hisobga olgan holda hisoblash; murakkab muhandislik-geologik sharoitlarda bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashning amaliy masalalari boʻyicha 6 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta monografiya, 176 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqolalar va ishlanmalar muallifidir.
Jumladan, “Binolarning energiya samaradorlik injeneringi”, M.Mahmudov bilan hammualliflikda “Sanoat va fuqaro binolari arxitekturasi. Qurilish fizikasi”, “Строительство на просадочных лессовых грунтах”, “Фундаменты водонапорных башен в увлажняемых лессовых грунтах Средней Азии, “ Oʻta choʻkuvchan namlangan gruntlarda qurilayotgan suv minoralarining doirasimon poydevorlarini deformatsiyasini hisoblash”, “Bino va inshootlar-ning yer osti qismini gidroizolyatsiya qilish”, “Oʻta choʻkuvchan gruntlarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan kam qavatli turar-joy binolarining yer ostki qismini loyhalashni takomillashtirish”, “Расчет деформации кольцевых фундаментов водонапорных башен в увлажняемых лессовых грунтах Средней Азии” nomli darslik va oʻquv qoʻllanma shuningdek monografiyalar muallifidir.
Quyosh oʻzining zarrin nurlari bilan tabiatga jon ato etgani singari ustozlik mahorati, salohiyati va tajribasi bilan oʻz shogirdlari qalbini ilm ziyosi bilan toʻldirgan E.S.Tulakov chin ma’noda zamonamiz qahramonidir. Zero, uning bosib oʻtgan umr yoʻli, mehnatsevarligi, vatanparvarligi, ustoz sifatida yaratgan oʻziga xos hayot maktabi shogirdlar uchun ibrat va namuna maktabidir.