Q.Sh.Tursunov 1960-yilning 12-dekabr sanasida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanining Fazli qishlog‘ida tavallud topgan. 1977-yil Qarshi davlat pedagogika instituti (hozirgi Qarshi davlat universiteti) “Fizika – matematika” fakultetiga o‘qishga qabul qilinib, 1982–yil mazkur fakultetni imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli tamomlagan. 1982-yildan Mirishkor tumani H.Olimjon nomli 13-o‘rta umumiy ta’lim maktabiga fizika-astronomiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1983-yildan Qarshi davlat universiteti “Fizika o‘qitish metodikasi” kafedrasida katta laborant vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.
1988-yildan “Fizika va umumtexnika fanlarni o‘qitish metodikasi” kafedrasining o‘qituvchisi hamda 1991-yildan “Nazariy fizika va fizika o‘qitish metodikasi” kafedrasini stajyor – tadqiqotchisi va shu yilning oxiridan O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti kunduzgi bo‘lim aspiranturasiga qabul qilingan.
1992-1994-yillarda O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutining kunduzgi bo‘lim aspiranturasida tahsil olib, ushbu institutni DK 113.20.01 raqamli Birlashgan ixtisoslashgan ilmiy Kengash yig‘ilishining 1997 yil 12 dekabr sanasida O’zbekiston Respublikasi fan arbobi pedagogika fanlari doktori, professor D.Sh.Shodiev ilmiy rahbarligida “Belgili modellardan foydalanish asosida umumta’lim maktablarida fizika o‘qitish samaradorligini oshirish” mavzusida 13.00.02. – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika) ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Qarshi davlat universiteti ilmiy kengashining tavsiyasiga ko‘ra 2008 yil 25 dekabrdagi № 150/1–sonli bayonnomaga asosan “Ta’lim – tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika)” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoni tasdiqlangan. Qarshi davlat universiteti “Astronomiya, fizika o‘qitish metodikasi” kafedrasiga 1995-yildan e’tiboran 2007-yilgacha faoliyat olib bordi. 2007-yildan 2009-yilgacha avval “Umumiy va eksperimental fizika” kafedrasiga, keyinchalik esa “Fizika va uni o‘qitish metodikasi” kafedralarida katta o‘qituvchi va dotsent vazifalarida ishladi.
Qahor Shonazarovich Tursunovning keyingi faoliyati bevosita Qarshi muhandislik –iqtisodiyot institutining “Umumiy fizika” kafedrasi bilan bog‘liq. U 2010-yildan 2017- yilgacha shu kafedrani mudiri lavozimida ishlab ilmiy tadqiqot ishlarni yanada salmoqli bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Har o‘quv yilida shartnoma asosida 30 million so’m mablag‘ institut hisobiga tushirib kelmoqda. Shuningdek, Vazirlik tizimida 2018–2021 yillarga mo‘ljallangan innovatsiya dasturlari doirasidagi BAMV–FZ–004 “Xalkopirit yarim o‘tkazgichlarining asosiy issiqlik–fizikaviy, strukturaviy va konstruktiv parametrlarini optimallashtirishning fundamental qonuniyatlarini aniqlash va ularning matematik modellarini yaratish” mavzusidagi loyiha bo‘yicha 250 million so‘mlik shartnoma doirasida katta ilmiy xodim sifatida ilmiy – tadqiqot ishlarni olib bordi.
2021-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Qarshi davlat universitetidagi bir martalik ilmiy Kengash yig’ilishida “Uzluksiz fizika ta’limida nazariy umumlashtirishlarning didaktikasi va metodikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Qarshi davlat universitetidagi bir martalik ilmiy kengash tavsiyasiga ko‘ra 2021 yil 30 noyabrdagi № 309/1–sonli bayonnoma bilan pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan (04 № 006709).
2017-yilning 28-avgust sanasidan 2021-yil 30-noyabr sanasigacha Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining “Fizika va elektronika” kafedrasi dotsenti, 2021- yilning 3–dekabr sanasidan professor vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab keldi. 2022-yilning 30–iyun sanasidan esa tanlov natijalariga ko‘ra mazkur kafedra professori, 2022-yilning 12-sentabr sanasidan hozirgi kunga qadar Qarshi muhandislik -iqtisodiyot institutining “Fizika va elektronika” kafedrasini mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Q.Sh. Tursunov oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimidagi attestatsiya jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. U jamoatchilik asosida bir qancha vazifalarni bajarib keldi va bajarmoqda. O‘z ixtisosligi bo‘yicha 1 ta Ilmiy kengash raisining o‘rinbosari, 1 ta ilmiy seminar a’zosi, 2 ta ilmiy Kengash a’zosi hisoblanadi.
Qarshi davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi PhD.03/04.06.2020.Ped.70.02 raqamli ilmiy Kengash raisi o‘rinbosari, Qarshi davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi PhD.03/04.06.2020.Ped.70.02 raqamli ilmiy kengash qoshidagi seminar a’zosi, Qarshi davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi PhD.03/04.06.2020.Ped.70.02 raqamli ilmiy Kengash qoshidagi malakaviy imtihon qabul qilish komissiyasi a’zosi va Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.Ped.72.04 raqamli ilmiy Kengash a’zosidir.
Q.Sh.Tursunov talabalar hamda tadqiqotchilar bilan ustoz-shogird tizimini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ta’lim mazmunini optimallashtirish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, rivojlangan davlatlarning tajribalarini Respublikamizda joriy qilish masalalari bo‘yicha shogirdlariga ilmiy–metodik tavsiyalar berib kelmoqda. 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (sohalar bo‘yicha) ixtisosligida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan institutning mustaqil tadqiqotchilariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Shuningdek, Qarshi davlat universitetidagi tayanch doktorantlarga ilmiy rahbar hamdir. Bugungi kunda Respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirishga ham o‘z hissasini qo‘shib, dissertatsiya ishini himoya qilayotgan tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlarini tahlil qilib taqrizchi va rasmiy opponent sifatida tadqiqot ishi muhokamalariga ishtirok etib, o‘z taqrizi asosida xulosalar berib kelmoqda.
Uning rahbarligida ayni paytga qadar 3 ta pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilingan. Hozir paytda 6 ta pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda.
Q.Sh.Tursunov o‘z ilmiy – pedagogik faoliyati davomida tabiiy ilmiy fanlarni o‘qitish sifatini yaxshilash orqali, talabalarning aqliy salohiyati, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun zamonaviy metodik ta’minotni yaratish va ta’lim sifatini ta’minlashga yo‘naltirilgan samarali tadqiqot ishlari olib bordi. Aniq va tabiiy ilmiy fanlarni, jumladan, “Fizika” fanini o‘qitish jarayonida talabalarni zamonaviy va istiqbolli mehnat bozori talablariga, innovatsion ta’lim muhitida o‘qitishning yangi strategiyalariga moslashtirish, doimiy yangilanib, o‘zgarib, takomillashib borayotgan ta’limning axborot infrastrukturasi bazasini nazariy umumlashtirishlar asosida yaratish, texnologik taraqqiyot talablariga moslashtirish, innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Uning muallifligida 2 ta monografiya (“Tabiiy–ilmiy fanlarni o‘qitishda modellashtirish”.– Toshkent, “Davr press” NMU, 2018.–185 bet, “Теоретические основы и реализация фреймового подхода в обучении физики”.–Ташкент, “Voris–nashriyoti”, 2020.–162 стр. 7 ta o‘quv qo‘llanma (“Fizika o‘qitishning nazariy asoslari”.–Toshkent, O‘zbekiston, 2008., “Fizika ta’limi texnologiyasi”.–Qarshi, Nasaf, 2012., “Fizikadan laboratoriya mashg‘ulotlari”.– Toshkent, Tafakkur qanoti, 2017., “Geodezik astronomiya”.– Toshkent, “Davr press” NMU, 2019., “Fizikadan laboratoriya mashg‘ulotlari to‘plami”.– Toshkent, Voris–nashriyoti, 2020., “Molekulyar fizika va termodinamika asoslari”.– Toshkent, “Voris–nashriyoti”, 2020., “Fizika. Masala va mashqlar to‘plami”.– Qarshi, “Intellekt” nashriyoti, 2022.). 3 ta darslik (Fizika. 7–sinf uchun darslik, O‘qituvchi nashriyoti, 2000., “Fizika o‘qitishning nazariy asoslari”.– Qarshi, “Intellekt” nashriyoti, 2022., “Geodezik astronomiya”.– Qarshi, “Intellekt” nashriyoti, 2022.), shuningdek, 39 dan ortiq o‘quv – uslubiy qo‘llanma, xorijiy hamda respublika miqyosidagi nashrlarda 250 dan ortiq ilmiy, ilmiy–uslubiy maqolalari nashr etilgan. Q.Sh.Tursunovning bevosita Xalqaro va respublika ilmiy–nazariy konferensiyalarning faol qatnashchisi, ma’ruzachisi va tashkilotchisi sifatida ishtirok etib, uning rahbarligi va ma’sul muharrirligida respublika miqyosida o‘tkazilgan bir nechta ilmiy–amaliy anjumanlarning to‘plamlari nashr etilgan.
Shuningdek, Q.Sh.Tursunov kafedra professor – o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va keng ilmiy jamoatchilik oldida doimiy ravishda tabiiy – ilmiy fanlarni o‘qitishdagi yutuq va muammolar to‘g‘risida chiqishlar qilib, ta’lim berishning hozirgi darajasi va yanada yaxshilash istiqbollarining targ‘ibotchisi hamdir.
Q.Sh.Tursunov O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy – tadqiqotlar institutining Nukus filialidagi OAK e’tirof etgan ilmiy va metodik jurnal “Mug’allim ha’m u’zliksiz bilimlendiriw” jurnalining doimiy tahrir hay’ati a’zosi.
Shuningdek, “European Scholar Journal” (ESJ) va “Journal of integrated education and research” kabi xalqaro jurnallarning hay’ati a’zosidir.
Q.Sh.Tursunov to‘g‘ri so‘z, halol, kamtarin, samimiy do‘st, serqirra mohir pedagog, jonkuyar ustoz, sofdil, intizomli va yuksak madaniyatli inson. Jamoa o‘rtasida esa izlanuvchan, talabchan, o‘z vazifasini vijdonan bajaruvchi pedagog sifatida institut professor – o‘qituvchilari orasida alohida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lib, doimiy ravishda o‘z malakasini oshiruvchi ijodkor pedagog. U siyosiy, ijtimoiy va ilmiy – metodik salohiyatini yuksaltirib, ta’lim – tarbiya jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llab, ayni vaqtda institutning barcha jamoat ishlarida ham muntazam qatnashib mas’uliyat bilan xizmat qilib kelmoqda. Oilali, hozirda 2 nafar farzandning otasi va nabiralar bobosidir.