Musurmanova Aynisa 1952 yilda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tavallud topgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. Pedagogika fanlari doktori, professor, XDP a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat ko‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, “O‘zbekistan belgisi” ko‘krak nishoni, Birinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ”Xalq ta’limi a’lochisi”, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi, Ikkinchi darajali “Mehnat faxriysi” va “Mo‘tabar ayol”, ”Ma’rifat fidoyisi” ko‘krak nishonlari mukofati sovrindori.
Aynisa Musurmonova 1966 yilda tumandagi 67-o‘rta maktabning 8-sinfini tamomlab, K.D.Ushinskiy nomidagi Samarqand xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1970 yilda imtiyozli tugatgan. 1970 yilda A.Navoiy nomidagi SamDUning o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirib, uni ham 1975 yilda imtiyozli tamomlagan.
Mehnat faoliyatini mehnat faoliyatini “Pastdarg‘om haqiqati” gazetasining tahririyatida adabiy xodim (1975), Pastdarg‘om tumani pioner va o‘quvchilar uyi direktori (1975-1980), T.N. Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida kichik, so‘ng katta ilmiy xodim(1980-1988), Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti umumiy pedagogika kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsenti, doktoranti hamda institutga qarashli “Xalq ta’limini boshqarishning ilmiy asoslari”, “Odobnoma” kafedralari, bir vaqtning o‘zida “Oila” ilmiy laborotoriyasi mudiri (1988-1995), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xotin-qizlar ishlari bo‘limi mudiri so‘ngra oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kotibiyati mudiri (1995-1998), Respublika “Oila” ilmiy-amaliy Markazi direktori (1998-2000), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ijtimoiy masalalar va bandlik qo‘mitasi raisi, hamda ”Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi (2000-2002), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi rais o‘rinbosari (2002-2005), O‘zDJTU pedagogika va psxologiya kafedrasi mudiri (2005-2020), 2020 yil 28 sentyabrdan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” va O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat ko‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutlari direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
A.Musurmanova qayerda va qaysi lavozimda ishlamasin hukumatimizning fan, ta’lim, yoshlar, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini takomillashtirish, qonunchilikni rivojlantirishga oid davlat siyosatini ado etishda o‘z sohasining jonkuyari sifatida halol mehnati, chuqur bilimi va cheksiz salohiyatini namoyon etib kelmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlaridanoq, pedagogika sohasida eng dolzarb bo‘lgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar vositasida yoshlar ma’naviy madaniyatini shakllantirish muammosini birinchilardan bo‘lib tadqiq etishga kirishdi. Tinimsiz ilmiy izlanishlari, zahmatli mehnatlari natijasida 1986 yilda Pedagogika tarixi va nazariyasi ixtisosligi bo‘yicha fan nomzodi, 1994 yilda fan doktori dissertatsiyalarini muvoffaqiyatli himoya qilib, 1988 yilda dotsent, 1998 yilda professor ilmiy unvonlarini olishga muyassar bo‘lgan.
A.Musurmanova pedagogika ilmida uzluksiz ta’lim tizimida umuminsoniy va milliy qadriyatlar vositasida yoshlar ma’naviy madaniyatini shakllantirish, oilada sog‘lom avlodni tarbiyalash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy kompetentligini takomillashtirish hamda bola farovonligini ta’minlash muammolari bo‘yicha pedagogika sohasida o‘zining ilmiy maktabini yaratgan.
Hozirgi kungacha 70 dan ortiq shogirdlarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Shulardan, 6 nafari fan doktori hamda 34 nafari pedagogika fanidan fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalariga ega bo‘lgan. Hozirgi kunda himoya jarayonlarining turli bosqichlarida 6 nafar fan doktori (DSc) va 9 nafar pedagogika bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar tayyor. 50 dan ortiq dissertatsiyalarga rasmiy opponentlik, 200 dan ortiq dissertatsiyalarga ekspertlik qilgan.
1998-2018 yillar davomida A.Musurmanova rahbarligi va ishtirokida 5 ta amaliy tadqiqotlar, 3 ta innovatsion, 3 ta qisqa muddatli hakmda Xalqaro F.Ebert jamg‘armasi hamkorligida 6 ta xalqaro loyihalar bajarilgan.
A.Musurmanova muallifligida 520 ga yaqin ilmiy, o‘quv-metodik ishlar, shulardan: 10 dan ortiq monografiyalar, 21 ta darslik, 30 dan ortiq o‘quv-metodik qo‘llanmalar, 3 ta lug‘at, 10 dan ortiq risolalar, 300 dan ortiq maqolalari Respublika va qator xalqaro jurnallarda, ilmiy to‘plamlarda nashr etilgan. Shuningdek, 7 ta SCOPUS jurnallarida maqolalar chop etgan. Hozirgi kunda darslik va o‘quv qo‘llanmalardan uzluksiz ta’lim tizimining o‘quv-tarbiya jarayonida foydalanilmoqda.
A.Musurmanova I va II chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining rais o‘rinbosari, ijtimoiy masalalar va bandlik qo‘mitasi raisi siafatida faoliyat ko‘rsatgan.
A.Musurmanovaning umumiy ta’lim maktablarining 7,8,9-sinflarida 2000-2020 yillar davomida o‘qitilgan ”Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” (6 ta tilda ya’ni, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq, tojik tillari), OTM talabalari uchun ”Umumiy pedagogika” (1-2 qism), ”Kasbiy-hunar ta’limi” darsliklari, “Milliy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasi”, ”O‘quvchilar ma’naviy madaniyatini shakllantirish”, ”Oila ma’naviyati-milliy g‘urur”, ”Mustaqil O‘zbekiston xotin-qizlari Konsepsiyasi”, ”Marosimlar-ma’naviyatimiz ko‘zgusi”, ”Hadislar-ma’naviyat manbai”, ”Oila-jamiyat tayanchi”, ”Farzandlarimga nasihatlar”, ”Mahalla-hayot ko’zgusi”, ”Mahallada qizlarning sog‘lom turmush tarzi”, ”Ayollar daftari” va ”Yoshlar daftari”ni shakllantirish”, ”Pedagogik texnologiyalar - ta’lim samaradorligi omili”, ”Ayollari ardoqlangan yurt” va boshqa o‘nlab darslik, monografiya, metodik qo‘llanmalari mutaxassis-kitobxonlarning sohaviy “Yo‘l xaritasi”ga aylangan.
A.Musurmanova ma’rifatparvar olima keng qamrovli jamoatchi ayol sifatida o‘zining vatanparvarligi, xalqparvaligi, millatparvarligini namoyon etib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi Ekspertlar guruhi a’zosi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert Kengashi a’zosi; Diniy qo‘mita qoshidagi targ‘ibot guruhi rais o‘rinbosari; “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni komissiyasi a’zosi; Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi jamoatchilik kengashi va ilmiy-metodik kengashlari a’zosi; “Zamonaviy ta’lim”, “Bola va zamon”, “Fan, ta’lim, innovatsiya”,“Pedagogik mahorat”,”Xalq ta’limi” kabi 10 dan ortiq Respublika va xalqaro ilmiy-metodik, ommabop jurnallarning tahririyat a’zosi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi BIMMda IMK hamda O‘MKHT Markazida faoliyat yuritayotgan IMK a’zosi; O‘zDJTU huzurida tashkil etilgan universitetni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish Kengashi a’zosi sifatida ko‘plab sohalar rivojiga qo‘shib kelmoqda.
A.Musurmanova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni asosida ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy sohada “Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi-ma’rifat”, ”Oila-jamiyat tayanchi”, ”Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash”, ”O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida yoshlar, xotin-qizlar va mahalla fuqarolarining ma’naviy va ma’rifiy saviyasini, hayotdan mamnunlik kayfiyatini yuksaltirishda, sog‘lom muhitni qaror toptirishda o‘tkazilayotgan targ‘ibot ishlari doirasida o‘zining sermazmun ma’ruza, seminar-trening, davra suhbatlari, debat, uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
A.Musurmanova turli tele-ko‘rsatuv, radio eshittirishlarda (“O‘zbekiston”, “O‘zbekiston-24”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Oilaviy”, “Mahalla”, “Sevimli”, “Yoshlar” va b.q.) Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnomaligida bo‘layotgan shiddatli ijtimoiy-ma’naviy islohotlar, beshta tashabbus, yoshlar va xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ”mahallabay”, ”xonadonbay”, ”fuqarobay” tizimlarining mohiyati, gender tengligini ta’minlash, mahalla va oila institutini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ko‘plab chiqishlar qilgan.
Davlatimiz rahbari say-harakatlari bilan 2019-2020 yillarda tashkil etilgan “Mehr“ operatsiyalari orqali Suriya, Avg‘oniston kabi davlatlardan Vatanimizga qaytgan bolalar, xotin-qizlarning ruhiyatini tiklashda, hayotga, Vatanga bo‘lgan muhabbat hissini tarbiyalashda ma’rifatparvar, ruhshunos-pedagog sifatida faol ishtiroki Aynisa Musurmanovaning insonparvalik sifati hisoblanadi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida bo‘lgan tasodifiy texnogen talofatdan jabr ko‘rgan, ko‘makka muhtoj, oilalarga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida bir necha marta bergan xayriya yordamlari A.Musurmanovani vatanparvarligi, saxovatpeshaligidan dalolatdir.
Shuningdek, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Yoshlar ittifoqi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Sog‘lom avod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimligi, O‘zDJTU,Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va uning huzuridagi Bosh ilmiy metodik markaz (BIMM), boshqa qator davlat va nodavlat tashkilotlarning esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
2021 yil 28 sentyabrdan hozirga qadar “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. A.Musurmanovani o‘z sohasining bilimdoni, kasbining mohir ustasi, halol, mehnatsevar, adolatlari, talabchan, qat’iyatli, tashkilotchi va tashabbuskor rahbar, o‘z vaqtida shogirdlariga mehribon va jonkuyar ustoz, yuksak pedagogik mahorat egasi, mohir notiq sifatida biladi, hurmat qiladi, sevadi hamda qadrlaydi.
U o‘zining yuksak ilmiy salohiyati, halolligi, vatanparvarligi, mehnatsevarligi, ijodkorligi, tashkilotchiligi, qat’iyatligi, adolatliligi, kompetentli rahbarligi, talabchanligi, ijtimoiy faolligi bilan nafaqat ilmiy-tadqiqot institutida balki respublikada keng jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat va e’tiborga loyiq.