1936-yil 30-iyulda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1954-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti sharq fakultetining eron boʻlimiga oʻqishga kirdi. Oʻqish davrida Afgʻonistonga borib, malaka oshirib qaytdi. 1960-yilda mazkur fakultetni fors tili va adabiyoti ixtisosligi boʻyicha tugatib, shu yerning oʻzida fors tili oʻqituvchisi vazifasida ishga qoldirildi. Z. Umarov 1960-yildan umrining oxiriga qadar sharq fakultetining eron-afgʻon filologiyasi kafedrasida oʻqituvchi, 1967-yildan katta oʻqituvchi, 1971-yildan dotsent va 1977-yildan 1984 yilga qadar kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatib keldi.
Z. Umarov bu orada 1961-1962 va 1968-1970-yillar Afgʻonistonda dariy tilidan tarjimon boʻlib ishladi. 1967-yilda ToshDU filologiya fakultetining Ilmiy kengashida “Грамматика староузбекского языка “Мабани ул-лугат” Мирзы Мехдихана” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Z. Umarov 1984-yilda SSSR Ichki ishlar vazirligiga qarashli Toshkent Oliy militsiya maktabining maxsus fakultetiga oʻz ixtisosligi boʻyicha ishga oʻtkazildi va bu yerda 1988-yilga qadar dotsent va oʻquv guruhining rahbari vazifasida xizmat qildi. 1988-yilda u yana oʻzi ishlagan sharq fakultetiga qaytib, eron-afgʻon boʻlimida dariy tilidan dars berib keldi.
Olim bir qancha ilmiy maqolalar muallifi hamda “Forscha-oʻzbekcha oʻquv lugʻati” va “Dariy va oʻzbek tillarining solishtirma-qiyosiy grammatikasi” oʻquv qoʻllanmasining hammuallifidir. Zikrilla Umarov – eron va turkiy tilshunoslikning rivojiga munosib hissa qoʻshgan sharqshunos olim. Mirzo Mehdixonning “Maboni ul-lugʻat” asari uning tomonidan forsiydan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Asar eski oʻzbek tilining fonetik va grammatik
xususiyatlari hamda turkiy tillar haqidagi fors grammatika fani tarixini oʻrganishda katta ahamiyatga ega boʻlib, asar tarjimasi olimning nafaqat ikki tilli tilshunos, balki zabardast tarjimon ham boʻlganidan dalolatdir.
Z. Umarov 1992-yil 28-iyulda vafot etgan.