Olim

UMIRZAKOV BALTOXODJA ERMATOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Dunyo miqyosida taniqli olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Umirzakov Baltoxodja Ermatovich 25-oktabr 1948-yilda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida tavallud topgan. 1966-yilda 38 – oʻrta maktabni medal bilan tugatgan. 1966 – 1973-yillarda Toshkent politexnika institutining “Injenerlik fizika” fakultetida tahsil olib, elektron texnika muhandisi ixtisosligini olgan. 1982-yilda fizika – matematika fanlari boʻyicha nomzodlik, 1993-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



1973-1977-yillarda “Amaliy va nazariy fizika” kafedrasida muhandis, 1978-1980-yillarda aspirant, 1981-1993-yillarda assistent, dotsent lavozimlarida ishlagan. 1993-2005-yillarda “Elektron texnika materiallari fizikasi va texnologiyasi” kafedrasining mudiri, 2004-2005-yillarda “Elektronika va avtomatika” fakultetining dekani, 2006-2013-yillarda “Nanotexnologiya” kafedrasi mudiri, 2013-yil sentyabrdan hozirgi paytgacha “Umumiy fizika” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.



B.Umirzakov yaratgan maktabning ilk tadqiqotchilari oʻz navbatida yetuk mutaxassis boʻlib yetishdilar hamda respublikaning Toshkent, Qarshi, Jizzax, Xorazm, Samarqand shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida va ilmiy tadqiqot institutlarida ilmiy maktabning davomchilari sifatida faoliyat yuritib kelmoqdalar.



Proffessor B.E.Umirzakov ilmiy-pedagogik faoliyati davrida quyidagi yutuqlarga erishgan:



Ilmiy faoliyatining 30-yildan ortigʻini nanomateriallar olish va nanoelektronika sohasiga bagʻishlagan va bu sohada Respublikamizda birinchi boʻlib ilmiy maktab yaratgan (2000) va 2006-yilda TDTUda yangi “Nanotexnologiya va nanoelektronika” ta’lim yoʻnalishi tashkil qilinishiga rahbarlik qilgan;



Dunyoda birinchilardan boʻlib ion implantatsiya usuli yordamida turli tabiatli materiallarning sirt va sirt osti qatlamlarida nanomateriallar olindi va ularning fizik xossalari oʻrganildi. Soʻnggi yillarda epitaksiya va ion implantatsiya usullari bilan turli tabiatli nanokristallar, nanooʻlchamli strukturalar va koʻp qatlamli tizimlar olindi, ularning shakllanish qonunlari oʻrganildi, fizik mexanizmlari ochib berildi;



Elementar va binar yarimoʻtkazgichlar asosida nanostrukturalar olishning texnologiyasi ishlab chiqildi va koʻp qatlamli (metall – dielektrik – yarimoʻtkazgich) geterostrukturalarni olish texnologiyasi ishlab chiqildi;



Quyosh energetikasi asboblari uchun yarimoʻtkazgichlar va dielektrik plyonkalari sirt osti qatlamlarida geteroepitaksial nanooʻlchamli tizimlarni sintez qilish texnologiyasi ishlab chiqildi;



8 ta fan doktori, 13 dan ortiq fan nomzodlari (shundan, 7 ta falsafa doktori PhD) va 50 dan ortiq magistrlar tayyorladi. Shundan 3 nafar fan doktorlari 34-36 yoshida himoya qilgan;



Ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida 800 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, shu jumladan 12 ta monografiya, 150 dan ortiq ilmiy maqolalari chet elning nufuzli jurnallarida chop etilgan. 100 ga yaqin xalqaro konferensiyalarda ma’ruzalar qilingan, 10 dan ortiq ishlanmalari Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligining ixtiro patentini olingan hamda 20 dan ortiq oʻquv qoʻllanma va darsliklar chop etgan;



Xalqaro va Respublika miqyosida oʻtkaziladigan konferensiyalarni tashkil qilishda va oʻtkazishda faol qatnashgan. Jumladan, soʻnggi 10-yil ichida professor B.E.Umirzakov va uning shogirdlari Germaniya, Rossiya, Fransiya, Finlandiya, Yaponiya, Korea, Xitoy kabi dunyoning rivojlangan davlatlarida nanomateriallar fizikasi va texnologiyasi sohasida ilmiy ma’ruzalar qilgan;



Chet elning (AQSH, Azarbayjon) nufuzli jurnallarida tahririyat a’zosi;



Xalqaro pedagogik ta’lim fanlar akademiyasi (2010) va xalqaro ekologiya, aholi va tabiat muhofazasi fanlar akademiyasining (2017) haqiqiy a’zosi;



20 dan ortiq xorijiy va davlat budjeti asosidagi ilmiy loyihalar va xoʻjalik shartnomalari bajarilgan va bajarib kelinmoqda. Ushbu loyihalarda Oʻzbekiston Respublikasi elektronika sanoati uchun mikro, nano va optoelektronika qurilmalarining elementlar bazasini yaratishda, ultra katta integral sxemalar, jumladan quyosh energetikasi uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan;



2002-2003-yillarda Amerika xalqaro biografiya instituti tanlovida gʻolib boʻlib, “Yilning yeng yaxshi olimi” unvoniga ega boʻlgan va oltin medali sohibi boʻldi. Uning qisqacha ilmiy biografiyasi “Xalqaro biografik katalog”ning 11-nashriga kiritildi;



2018-yilda Xalqaro biografik va referativ ma’lumotlar bazasi – SСОPUSning maxsus diplomini olgan;



 



Koʻp yillik ilmiy va pedagogik faoliyatlarini inobatga olib, domla 2019-yil Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev farmoniga koʻra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.



Yuqoridagi ishlar professor B.E.Umirzakovning soʻnggi yillardagi ilmiy faoliyati bir qismi xolos. B.E.Umirzakov hozirgi kunda koʻplab yangi gʻoyalar ustida ilmiy izlanishlarni davom ettirmoqda.



Oilali 2 oʻgʻil, 2 qizi, 10 dan ortiq nevara va chevaralari bor.



Ustoz yaratgan ilmiy maktabning nufuzi ortib, shogirtlarining olamshumul ilmiy yutuqlarga erishishlariga tilakdoshmiz.