Olim

UMURQULOV BEKPO‘LAT

Filologiya fanlari doktori, professor

Bekpo‘lat Umurqulov 1949-yilning 25-martida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Machay qishlog‘ida tug‘ildi. 1966-yilda Boysun tumanidagi 1-o‘rta maktabni tugatdi.



Ona tili va adabiyotiga havas uyg‘otgan ilk ustozlari Machay qishlog‘idagi A.Ikromov nomli 46-maktabning ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi Mengli Ergashev va pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Jabbor Esonovdir.



Bekpo‘lat Umurqulov o‘rta maktabni tugatgach, 1966–1967 o‘quv yilida Sherobod tumanidagi 3-o‘rta maktabda ishladi. 1967-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetiga o‘qishga  kirib, 1971-yil tugatgan.



1971–1972 yillar Gagarin rayonidagi (hozirgi Muzrabot tumani) “Mehnat zafari” gazetasida katta adabiy xodim bo‘lib ishlagan.



1972-1973 yil harbiy xizmatda bo‘lgan.



1973–1976 yillar Gagarin rayonidagi 1-o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.



1976–1987 yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A.S.Pushkin nomidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.



Shu yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida  ham dars bergan.



Bekpo‘lat Umurqulov 1983-yilda E.Begmatov rahbarligida “Hozirgi o‘zbek poeziyasining leksik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Ushbu mavzuni  nomzodlik dissertatsiyasi sifatida ishlanishi, badiiy asar tili masalalarini keng maqsadda o‘rganish borasida katta  turtki bo‘ldi. Badiiy asar tilini o‘rganish masalalari tilshunoslikning dolzarb masalalaridan bo‘lib, shu yillarda tadqiqotchilar nazaridan chetda qolayotgan edi. Olim ushbu mavzuni ishlash bilan o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos  ifoda usulini asosladi.



She’riyatda qo‘llaniladigan so‘zlar va grammatik  formalarning shu nutq uchun xosligini, bu vositalarni shu nutq  jarayonidagi vazifalarini tahlil  qilib berdi. Ana shu  izlanishlarning samarasi  natijasida uning “Poetik nutq leksikasi ” (Toshkent, fan 1990) nomli monografiyasi nashr etildi. Monografiyada o‘zbek poetik nutqining o‘ziga xos bo‘lgan, boshqa nutq turlarida deyarli  uchramaydigan nutqiy  birliklari tahlil qilingan. Bunday so‘zlar poetik leksika atamasi orqali nomlanib, ular poetizmlar va poetik nutq uchun xos bo‘lgan so‘z  qisqartmalari shaklida ajratilib, bu lug‘aviy vositalarning she’riy nutq jarayonida bajaradigan vazifalari tahlil  qilingan. Shuningdek, monografiyada  metafora, o‘xshatish va sifatlash kabi badiiy  vositalarning she’riy nutqdagi o‘rni haqida aniq misollar, chog‘ishtirmalar o‘rni to‘g‘risida mulohazalar bildirilgan.



Bekpo‘lat Umurqulov ko‘p yillar Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutining nutq madaniyati bo‘limida ishlab, nutq madaniyati masalalari bilan shug‘ullangan. Nutq madaniyatini keng omma orasida targ‘ibot  qilishda faol ishtirok etgan. Hammualliflikda yaratilgan “O‘zbek nutqi madaniyati ocherklari” (Toshkent, “Fan” 1988) monografiyasi nutq madaniyati sohasidagi ilk  tadqiqotlardan bo‘lib, monografiyaning  “Nutq madaniyati va uslub”,  “Uslub va funksional uslub tushunchalari”, “Badiiy uslub”, “Ilmiy uslub”, “Nutqiy ravonlikni buzuvchi ba’zi faktorlar” kabi qismlari B.Umurqulov tomonidan yozilgan.



Olimning  “Lektor nutqi va badiiy til” (Toshkent, “O‘zbekiston” nashriyoti, 1981), “So‘z tanlash san’ati” (Toshkent, “O‘zbekiston” nashriyoti, 1985) kabi risolalari ham nutq madaniyati masalalariga  bag‘ishlangan.



U 1987-yildan boshlab Termiz davlat pedagogika instituti (hozirgi Termiz davlat universitetida) ishlashga kelgan.



1990-yildan dotsent, 2005-2011-yillar o‘zbek tilshunosligi kafedrasining mudiri lavozimida ishladi.



Shu yillarda olim ilmiy ish bilan bir qatorda  ko‘pgina metodik  xarakterdagi tadqiqotlarni yaratdi.



“Savod o‘rgatish metodikasi” (Dushanbe, 1994, hammualliflikda), “O‘zbek tili” (Termiz, 2000), “O‘zbek adabiy tili” (Termiz, 2001), “Hozirgi o‘zbek adabiy tilidan mashqlar to‘plami” (Termiz, 2007), “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Termiz 2009) “O‘zbek tilining amaliy grammatikasi” (Termiz, 2018, hammualliflikda) kabi asarlaridan oliy o‘quv yurtlari talabalari foydalanib kelmoqda. Uning “O‘zbek tili amaliy grammatikasi” nomli qo‘llanmasidan Afg‘onistondagi o‘zbek oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida foydalanib kelinmoqda. Ustoz ikki xalq o‘rtasida ko‘prik qo‘ygan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonda va Afg‘onistonda tehsil olayotgan har bir afg‘on talabasi ustozdan juda minnatdor ekanligini doimiy takrorlab turishadi.



Bekpo‘lat Umurqulovning S.Rahimov bilan hamkorlikda “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent, 2001)  qo‘llanmasi va  “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Toshkent, 2003) darsligi yaratildi. Bu darsliklar hozirgi kunda ham oliy ta’lim muassasalaridagi asosiy o‘quv qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.



Bekpo‘lat Umurqulovning asosiy ilmiy faoliyati badiiy nutq masalalari bilan bog‘liq. U keyingi  yillarda nasriy asarlar tilini tahlil qilish bo‘yicha ilmiy ishlar olib bordi. Bugungi zamonaviy tilshunoslikning yangi yo‘nalishi bo‘lgan lingvopoetikaga asos solgan tilshunoslardan desak adashmaymiz.



Ushbu izlanishlar natijasi sifatida “Badiiy adabiyotda so‘z” (Toshkent, “Fan”, 1993), “Badiiy nasr jozibasi” (2021) kabi monografiyalari nashr etildi. Qisqa va sermazmun ijodining samarasi sifatida xalqimiz uchun katta meros qoldirgan ijodkor Hamid Olimjon dostonlari materiallari asosida tayyorlangan “Shoirning qofiya san’ati” nomli monografiyasi nashr etildi (2016-yil, hammualliflikda). Bekpo‘lat Umurqulov badiiy asar tilini tahlil qilish masalalari bo‘yicha 100 dan ortiq ilmiy maqolalar yozib, nashr ettirgan.



U 2006-yildan Antigue world xalqaro ilmiy akademiyasining  professori.



“O‘zbek nasriy nutqining  lingvo-uslubiy shakllanish asoslari” mavzusida 2020-yil professor Ibodulla Mirzayev rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.



Bekpo‘lat UmurqulovQarshi davlat universiteti qoshidagi DSc 03/30.12.2021. Fil.70.01 raqamili ilmiy kengash a’zosi. Termiz davlat universiteti qoshidagi  PhD/ 03/31.03.2021. Fil. 78.04.raqamli ilmiy seminar a’zosi, Termiz davlat universiteti qoshidagi  PhD/ 03/31.03.2021. Fil. 78.04. raqamli ilmiy kengash raisi.



2022-yil professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan. Uning muharrirligida 15 ta  o‘quv-uslubiy qo‘llanma va ilmiy to‘plamlar nashr etilgan.



B.Umurqulov Respublikamizda va xorijiy mamlakatlarda nashr etiladigan bir qator jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Samarqand davlat universitetida nashr etiladigan  “Fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi,  “Surxondaryo: ilm va tafakkur” jurnali ilmiy kotibi, Termiz davlat universitetida nashr etiladigan  “Filologik tadqiqotlar: til,  adabiyot, ta’lim”  jurnali bosh muharriri o‘rinbosari. AQShning Texas shtatida nashr etiladigan filologiya, madaniyat va tarix jurnali tahririyat kengashi a’zosidir. Olim tahrirlagan jurnallarni barcha ilm ahli sevib o‘iydi va o‘ziga kerakli bilimlarni oladi.



Bekpo‘lat Umurqulovning badiiy matn tahliliga bag‘ishlangan bir qator tadqiqotlari AQSh, Angliya, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirligi davlatlarida nashr etiladigan nufuzli jurnallarda chop etilgan.



Bekpo‘lat Umurqulov2023-yili 3-8-yanvar kunlari Hindistonda o‘tkazilgan ASIAN society for academic researchning “Linguistics and English Literature Linguistics” mavzusidagi konferensiyada ma’ruza qildi hamda 22-29- aprel kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan SAARD international conference (Dubai, april, 2023) tomonidan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi. Ikki davlatning, ikki millatning tili va tilshunosligi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar olib kelib talabalar va shogirdlar bilan bo‘lishdi.



Olim oʻzining donoligi, kamtarinligi, ilmga boʻlgan tashnaligi, mehnatsevarligi, talabalaga va shogirdlarga mehribonligi, o‘z sohasiga fidokorligi va yurtiga boʻlgan muhabbati bilan hamkasblari, keng jamoatchilik orasida e’tibor qozongan. Ustozning nomini barcha hurmat bilan tilga oladi.



Bekpo‘lat Umurqulov o‘z oldiga Vatanimizga ilmiy salohiyati bilan xizmat qiladigan kadrlar yetkazib berish vazifasini qo‘ygan.



Bekpo‘lat Umurqulov rahbarligida oltita ilmiy tadqiqotchi filologiya  fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan. Bugungi kunda 10 dan ortiq tadqiqotchilar Bekpo‘lat Umurqulov rahbarligida  ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 2017-2022-yillarda Termiz davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgi kunda Termiz davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori vazifasida faoliyat yuritmoqda.