Ismoilov Maxmud Ismoilovich – 1947-yil 22–iyunda Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. Otasi – Solihjonov Ismoil, 1882-yil tug‘ilib, 1966-yilda vafot etgan, hayotlik chog‘ida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Onasi - Po‘latxo‘jayeva Habibaxon, 1904-yilda tug‘ilib, 1980-yilda vafot etgan. M.Ismoilov 1965-1970-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutini a’lo baholarga tamomladi. U 1970-1972 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti “Elektr energiyasini ishlab chiqarish va tarqatish” kafedrasi assistenti lavozimida mehnat faoliyatini olib bordi. 1972-1976 yillarda - Moskva shahri Butun ittifoq qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasini muvaffaqiyatli tamomlab, 1977 yil Moskva shahrida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli yoqladi.
1980-1985-yillari “Qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish” fakulteti dekani muovini, 1985-1992 yillar shu fakultet dekani, 1992-1993 yillar sirtqi ta’lim fakulteti dekani, 1993-1996 yillar sirtqi ta’lim prorektori, 1996-2001 yillar sirtqi bo‘lim dekani, 2001-2003 yillar o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor, 2003-2004 yillar sirtqi bo‘lim dekani, 2004 yildan 2014 yilgacha “Moliya iqtisodiyot ishlari bo‘yicha” prorektor lavozimlarida ishlab keldi. 1976-2014 yillar dvaomida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti “Qishloq xo‘jaligida elektr energiyasini qo‘llash” kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida mehnat faoliyatini olib borgan.
Olimning 70 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlari, jumladan, 2 ta monografiya, 3 ta metodik tavsiyalar chop etilgan, shuningdek u 2 ta mualliflik guvohnomasi muallifi hamdir. U mehnat faoliyati davomida o‘zining tashabbuskorligi, mehnatsevarligi, bilimga chanqoqligi, pedagogik mahorati, institut jamoat ishlarida faol ish olib borishi, talabchanligi va mas’uliyatliligi bilan institut jamoasi va talabalar orasida obro‘- e’tibor qozondi.
M.Ismoilovning xizmatlari hukumatimiz tomonidan e’tirof etilib davlat mukofatlari bilan taqdirlandi. Xususan, 1991-yilda Xalq demokratik partiyasi a’zoligiga qabul qilinib, 1995-yil 30-avgustda respublikamizda injener kadrlarni tayyorlashdagi xizmati uchun “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan mukofotlangan.
Uning 2 nafar farzandi, 4 nafar nabirasi bor. U oilada mehribon umr yo‘ldosh va g‘amxo‘r ota, farzandlar va nevaralarning sevimli bobojonisi bo‘lgan.
M.Ismoilov 2015-yil 2 - avgustda vafot etgan.
Ustozning oxiratlari obod bo‘lsin.