Quyosh har kuni o‘zining zarrin nurlarini sharqdan g‘arbga tomon butun tabiatga bir xilda, beminnat sochadi. Xuddi shu kabi hozirgi zamon ilm-fanining, ayniqsa aniq fanlarning poydevori, taraqqiy etishi ham aynan sharqdan boshlanganligi hayotiy haqiqatdir!
Shukurullo Ubaydullayevich Yo‘ldoshev - Respublikamiz agrar soha tizimidagi meliorativ, dehqonchilik va suv xo‘jaliklarida foydalaniladigan texnikalarning konstruktiv, texnologik va texnikaviy (ekspluatatsion) xossalarini tahlil va tadqiq qilish, foydalanish, ta’mirlash, saqlash va diagnostikalash texnologiyalari bo‘yicha mashinalarning ishonchlilik koʻrsatkichlarini (buzilmasdan ishlashligi puxtalik-mustahkamliligi, ta’mirbopligi va saqlanuvchanligi). detallarning ishqalanuvchanligi-yeyilishi (tribonikasi), zanglashga chidamliligi sohalari boʻyicha taniqli olim.
‘‘Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti - Milliy Tadqiqot Universitetining ‘‘Gidromeliorativ ishlarini mexanizatsiyalash’’ kafedrasining professori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik, texnika fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, ‘‘TIQXMMI’’ MTU da xizmat koʻrsatgan professor, akademik A.I.Selivanov (Moskva sh.) nomli yubiley medali sovrindori.
‘‘Qishloq, melioratsiya texnikalaridan foydalanish, ta’mirlash va tiklash texnologiyasi’’, ‘‘Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash texnologiyalari’’, ‘‘Mashinalarda ishqalanish va yeyilish, ‘‘Qishloq xo‘jaligida elektr texnologiyalari va elektr uskunalari’’ yoʻnalishlari va Respublika agrar sektor xoʻjaliklari tizimidagi texnik va texnologik muammolari boʻyicha quyidagi ilmiy maktablarni yaratgan va Davlat grantlariga rahbarlik qilgan:
- Qishloq, melioratsiya va suv xoʻjaliklari tizimidagi mashina, agregat va suv nasoslarini takomillashtirish, ta’mirlash, saqlash va diagnostikalash texnologiyalari va texnik muammolari.
- Mashinalar ishonchliligi, detallarning ishqalanishi, yeyilish nazariyasi va amaliyoti.
- Mashinalar resursidan samarali foydalanish va detallarni qayta tiklash texnologiyasi.
- Moshinalarda yoqilg‘i-moylash materiallaridan foydalanish muammolari.
Akademik Yo‘ldoshev Sh.U. mashina, mexanizm, suv nasoslari va agregatlaridan foydalanish, ularning eskirish jarayonlarini, buzilishini, ishqalanish, yeyilish, sinish, qiyshayish, bukulish va zanglash xossalarini oʻrgangan, tahlil qilgan va nazariy amaliy tavsiya va texnologiyalar yaratgan.
Texnika fanlar doktori, professor, OʻzQXFA akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, TIQXMMI da xizmat ko‘rsatgan professor Yo‘ldoshev Shukurullo Ubaydullayevich 1935-yil 11-aprelida Toshkent shahrining markazi (oʻsha paytda) ‘‘Eski Juva’’ dahasining ‘‘Xazrati Imom’’ mahallasida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 1957-yilda Oʻrta Osiyo Politexnika instituti (hozirgi I.A.Karimov nomidagi TDTU) ni ‘‘Mexanika’’ fakultetini tamomlab muxandis-avtomobilchi mutaxassisligini olgan.
Hayoti va ilmiy faoliyati sanalari:
* 1957-1959-yillar - ‘‘Oʻzavtoyoʻllar’’ Vazirligi tizimidagi 3-sonli avtobazada mexanik va Vazirlikda katta muxandis;
* 1959-1964-yillar Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish institutida aspirant, kichik va katta ilmiy xodimi:
U melioratsiya va suv xoʻjaliklarida foydalaniladigan texnika na nasoslarning, dehqonchilikda ishlatiladigan plug, seyalka, cultivator, paxta terish, g‘alla oʻrish kombaynlarning ishonchlilik koʻrsatkichlarini (buzilmasdan ishlashligi, puxtalik-mustahkamligi, yeyilish va ishkalanishga, zanglashga chidamliligi, ta’mirbopligi, saqlanuvchanligi va diagnostikaga moslanganlik xususiyatlarini) tadqiq qilgan, nazariy va amaliy tavsiya va texnologiyalar yaratgan.
* 1974-1977-yillar SAIME ilmiy ishlar boʻyicha direktorning birinchi o‘rinbosari;
* 1977-1991-yillarda TIQXMMIning ‘‘Materialshunoslik’’, ‘‘Mashinalar ishonchliligi va ta’mirlash’’ kafedralar mudiri, tarmoq laboratoriya rahbari. ‘‘Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash’’ Markazining prorektori, institutning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori,
* 1991-1995-yillar - O‘zbekiston qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasi Vitse-prezidenti, Prezidium a’zosi, akademik;
U O‘zQXFA tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari va Respublika xo‘jaliklarida targ‘ib qilish, qo‘llash va tashqi aloqalarni takomillashtirish va yo‘lga qo‘yish bilan bevosita shug‘ullangan.
* 1995-2000-yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputati;
U deputat sifatida davlat va jamoat ishlari bilan birgalikda agrar soha xo‘jaliklari uchun 30 dan ortiq qonunlar loyihasini tayyorlash, sessiyalarda muhokama qilish va hayotga tadbiq qilishda qatnashgan va agrar xo‘jaliklarning huquqiy madaniyatini oshirishga hissa qo‘shgan.
* 1963-yil TIQXMMIda nomzodlik dissertatsiyasini ‘‘Иследование износа некоторы трушихся пар хлопковы марин’’, 1982-yilda ‘‘Оценка показателей и повишение технического уровия уборочной техники’’ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Sankt - Peterburg shaxri Agrar Universiteti Ilmiy Kengashida himoya qilgan.
1977-yilda Akademik Sh.U.Yoʻldoshevga dоtsеnt, 1983-yilda professor ilmiy unvonlari berilgan.
U 3 ta TIQXMMI ning o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini modernizatsiyalash boʻyicha 1998, 2001 va 2013-yillarda, 1998, 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan strategik konseptual dasturlar yaratgan.
Akademik Shukurullo Ubaydullayevich Yoʻldoshev 674 ta mualliflik ilmiy maqolalari (bulardan 67 tasi xorijiy davlatlarda chop etilgan), 4 ta darslik, 5 ta monografiya, muammoli ma’ruzalar toʻplami va 29 ta ixtirolar uchun patentlar muallifidir. 27 ta fan nomzodi va 4 ta fan doktorlari tayyorlagan. 40 dan ortiq mashinalardan foydalanish, ta’mirlash, saqlash va diagnostikalash texnologiyasi bo‘yicha texnologik xaritalar va tavsiyalar yaratgan 120 dan ortiq o‘quv-uslubiy qoʻllanma va koʻrsatmalar tayyorlagan va chop etgan. Ilmiy ma’ruzalar bilan Turkiya (Kushadas sh., 1993-yil), SUAR KNR (1993- yil), Moskva (1993-yil), Minsk (1994-yil), Isroil (‘‘Texnion’’ Universiteti, 1999-yil). Pokiston (Loxar sh. 2001-yil) kabi shahar va davlatlarda ilmiy anjumanlarda qatnashgan va ma’ruzalar qilgan.
Olim ko‘plab qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, moshinalar kostruksiyasini takomillashtirish, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, saqlash va diagnostikalash yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy to‘plam va tezislarga bosh muharirlik qilgan.
1977-yildan TIQXMMI Ilmiy Kengashi a’zosi va ixtisoslashgan Ilmiy Kengashlar a’zosi, ilmiy kotibi, rais oʻrinbosari va raisi.
Akademik Sh.U.Yo‘ldoshev qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, mashinalardan foydalanish va ta’mirlash texnologiyalari bo‘yicha tavsiyalar yaratish, agrar Oliy ta’limni takomillashtirish, yuqori malakali injener, bakalavr, magistr, aspirant va doktorantlar tayyorlashdagi xizmatlari uchun ‘‘Mustaqillik nishoni’’ (1992-yil). ‘‘O‘zbekiston belgisi’’ (1997-yil). Akademik Selivanov A.I. nomli (Moskva - yubiley medali sovrindori, 2009-yil), ‘‘Oʻzbekiston mustaqilligiga 20-yil (2011-yil), ‘‘O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil’’ (2016-yil), O‘zbekiston mustaqilligiga 26-yil (2017-yil) va ‘‘Mehnat faxriysi’’ birinchi darajali koʻkrak nishoni (2018-yil) bilan taqdirlangan. U Respublika Oliy ta’lim, Qishloq va suv xo‘jaliklari vazirligi, GOSNITI, SredAz GOSNITI, TIQXMMI- Milliy tadqiqot universiteti va bir nechta tashkilot, xo‘jaliklarning faxriy yorliqlari’’ bilan taqdirlangan.
Akademik Sh.U.Yo‘ldoshev 1994-yil va 2022-yildan Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlari Davlatlararo Kengashining — dehqonchilik fani va dehqonchilik sanoat majmuidagi axborot masalalari bo‘yicha ‘‘Аграрная наука’’ ilmiy - nazariy jurnal (Moskva sh.) va Ukraina ‘‘Milliy texnik Universitetining ‘‘Вестник’’ jurnalining taxririyat a’zosi hisoblanadi.
2004-yildan va hozir ham ‘‘GIM’’ kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Sh.U Yoʻldoshev 3 ta farzand, 11 ta nabira va 6 ta evaralarning bobosi. Olim ziyoli farzandlarni voyaga yetkazdi, jumladan, nabirasi Shukriyaxon Shuhrat qizi 2022-yilda Shvedsariyaning Jeneva Universiteti talabasi bo‘ldi! Nabirasi Ulug‘bek Akmal o‘g‘li esa Angliyaning Manchester universitetini tamomladi hamda 2023-yil olimning yana bir evarasi Zoyaxonim Ulug‘bek qizi dunyoga keldi.
Akademik Shukrullo Ubaydullayevich agrar soha xo‘jaliklarini industrizatsiyalash va mashinalar resurslaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha o‘z ilmiy maktablarini yaratgan olimdir!
Umumiy mehnat faoliyati 65-yil. Akademik Sh.U.Yoʻldoshev 65 yillik ilmiy, ilmiy-pedagogik faoliyati davomida shijoat va samaradorlik, zavq bilan fan, Oliy maktab va tadqiqot ishlanmalariga tizimli yondashuv asosida agrar soha xo‘jaliklar infratuzilmasini ilmiy asosda modernizatsiyalash, yangi zamonaviy texnikalarni joriy etish, ularning resurslaridan samarali foydalanish, ishonchlilik ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha mehnat qilmoqda.
Ustozning talabchanligi, to‘g‘ri so‘zligi, yosh tadqiqotchilarga e’tiborliligi, g‘amxo‘rligi va mehribonligi millatimiz yoshlarini bilimdon, ilg‘or, raqobatbardosh, madaniyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga zamin yaratmoqda.
Olim shogirdlariga bergan nasihatlarida shunday deydi: Talaba, magistr va tadqiqotchi izlanuvchilarni ilm egallashi, o‘tgan buyuk alloma va olimlarning asarlarini o‘rnganib bilimlarni to‘plashi, salohiyatli bo‘lishi shuning uchun kerakki, yaratilgan yangilik, ixtiro va texnologik jarayonlar dehqon, fermer va suv xo‘jaligi xodimlarining muammolarini bartaraf etib, ularning mushkulini oson qilib, bu sohada boshqalarga ijobiy namuna bo‘lishidan iboratdir!
Akademik Shukurullo Ubaydullayevich kabi o‘z shogirdlari: injiner, bakalavr, magistr, tadqiqotchi-izlanuvchilarda ilmga, yozgan maqola, dissertatsiya, monografiya, darslik va yaratgan yangilik-ixtirolariga nisbatan zavq va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘ota olgan olim ustozlarga shon-sharaflar bo‘lsin!
Biz hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, akademik Shukurullo Ubaydullayevich Uchinchi Renessans ostonasida turgan Yangi O‘zbekiston ilm-fanining asosiy ustunlaridan biridir!