Olim

ZAYNABIDINOV SIROJIDDIN

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor

Sirojiddin Zaynabidinov 1945-yil 22-dekabrda Andijon viloyatining “Andijon” neftchilar shaharchasida tugʻilib, oʻn bir yillik oʻrta maktabni a’lo baholar va namunaviy xulqi uchun oltin medal bilan bitirdi. Yoshligidanoq tabiatga, atrofdagi voqyelikka qiziquvchan boʻlganligi uchun uni Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) ga chorladi. Universitetning fizika fakultetini yarimoʻtkazgichlar va dielektriklar fizikasi mutaxassisligi boʻyicha bitirgach, oʻz bilimlarini chuqurlashtirish na kelgusida ta’lim-tarbiya sohasida ishlashni maqsad qildi va shu universitetda katta laborant lavozimida ish faoliyatini boshladi. Yosh mutaxassis oʻqish va izlanishdan charchamadi.



1970-yilda Rossiya fanlar Akademiyasining “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi” institutida (hozirda Sankt-Peterburgdagi Fizika-texnika instituti) diplom ishi sifatida “Kremniydagi chuqur energetik holatli kirishmalarning xatti-xarakatlarini oʻrganish” mavzusini tanladi va bu mavzu uning kelajakdagi ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishi boʻlib qoldi.



S.Z.Zaynabidinov ilmiy rahbarlari professorlar A.Teshaboyev, M.K.Baxodirxonov, B.I.Boltaks, V.I.Fistullarning yordam va hamkorliklari bilan kompensirlangan kremniy olish texnologiyasini yaratish, kremniydagi kirishma atomlari va nuqsonlarning xossalarini oʻrganish, ularni tashqi ta’sirlar yordamida boshqarish, legirlangan kremniy va undan yasalgan elektron asboblarning funksional xususiyatlarini oʻrganish va amalga tatbiq etish boʻyicha yirik tadqiqotlar olib bordi hamda salmoqli yutuqlarga erishdi. Uning tomonidan kirishma atomlari va kristall nuqsonlarining oʻzaro ta’sirlashuv jarayonlari mexanizmlarini oʻrganish boʻyicha olingan tajribaviy va nazariy natijalar, legirdangan kremniy xossalarining tashqi ta’sirlarga chidamliligini oshirish yoki, aksincha, tashqi ta’sirlarga oʻta sezgir yarimoʻtkazgichli moddalar yoki strukturalar yaratish sohasida ishlab chiqilgan ixtiro va takliflar qattiq jismlar fizikasi nazariyasiga qoʻshilgan muhim hissa boʻlish bilan bir qatorda fanni amaliyotga joriy etish borasida yangi imkoniyatlar yaratdi.



S.Zaynabidinov oʻzining tadqiqotlari natijalari boʻyicha nufuzli ilmiy jurnallarda va toʻplamlarda ikki yuzdan ortiq maqolalar e’lon qildi, koʻplab ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan qatnashdi, ixtirolari uchun 10 ta mualliflik guvohnomasi va patentlar olishga muyassar boʻldi. Uning muallifligida Respublika miqyosida chop etilgan va ilmiy-oʻquv muassasalarda keng foydalanilayotgan “Kremniyda chuqur sathlar hosil boʻlishi fizikasi”, “Kremniyda nuqsonlar hosil boʻlishi”, “Kremniyni neytron transmutatsiyasi yoʻli bilan legirlash” kabi risolalar, “Qattiq jismlar fizikasi”, “Yarimoʻtkazgichlarda fotoelektrik hodisalar”, “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi”, “Yarimoʻtkazgichli asboblar fizikasi”, “Yarimoʻtkazgichlar va yarimoʻtkazgichli asboblar texnologiyasi”,  “Nanozarralar fizikasi, kamyosi va texnologiyalari”, “Elektron texnikasi moddalari”, “Nanotexnologiyalar va mikroelektronikadan inglizcha — ruscha - oʻzbekcha lugʻat”, “Yarimoʻtkazgichli nanotuzilmalar”, “Yarimoʻtkazgichli materiallar va asboblar fizikasidan laboratoriya mashgʻulotlari”, “Объемные скопления атомов металлических примесей в полупроводниках” kabi oʻzbek va rus tilidagi oʻndan ortiq darslik va qoʻllanmalar professor S.Zaynabidinovni fan va ta’lim sohasidagi yirik olim va mohir pedagog sifatida jamoatchilik tomonidan tan olinishiga asos boʻldi.



Ilmiy tadqiqot ishlarining fan va amaliyot uchun ahamiyatini e’tirof etgan holda S.Zaynabidinovga fizika-matematika fanlari nomzodi (1977-yil), doktori (1987-yil) ilmiy darajalari berildi. Uning ilmiy faoliyati hukumatimizning ilm-fan sohasidagi eng nufuzli mukofot "Beruniy nomidagi Davlat mukofoti"ning berilishi bilan munosib baholandi. Zaxmatkash olimning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda ham oʻz bahosiga sazovor boʻldi. U Nyu-York Fanlar Akademiyasi a’zosi etib saylandi, Angliya Jahon Biografik Markazi S.Zaynabidinovni oʻz a’zoligiga qabul qildi, “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi sohasidagi buyuk yutuqlari uchun” Faxriy diplomiga va kumush medaliga sazovor boʻldi.



Olimning ta’limni rivojlantirish sohasidagi faoliyati va erishgan yutuqlari ham munosib baholandi. U ketma-ket dotsent, professor, “Oliy ta’lim” va “Oʻrta maxsus kasb-ta’lim a’lochisi” unvonlariga ega boʻldi. Xalqaro Oliy ta’lim Fanlar Akademiyasi (Rossiya) hamda Xalqaro ta’lim, fan, texnika va san’at akademiyasi (AQSH) S.Zaynabidinovni xaqiqiy a’zolikka sayladilar.



S.Zaynabidinov ToshDUda 16 yil davomida “Yarimoʻtkazgichlar va dielektriklar fizikasi” kafedrasini hamda 4 yil davomida fizika fakultetini boshqardi. 1996-2006-yillarda Andijon Davlat universitetining rektori vazifasini bajardi. Bu davrda u mamlakatimiz ta’lim tizimining rivojiga, takomillashuviga oʻzining chuqur bilim va tajribalari bilan bir qatorda 50 dan ortiq ilmiy-uslubiy asarlari, dastur va yoʻriqnomalari, tavsiyalari hamda ilmiy-uslubiy anjumanlar tashkil etishdagi namunali faoliyati bilan salmoqli hissa qoʻshdi. S.Zaynabidinov respublikamizga koʻplab oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash bilan bir qatorda yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar yetkazib berish sohasida ham ibratli faoliyat koʻrsatib kelmoqda. U ToshDU, AndDU hamda OʻzR Fanlar akademiyasining issiqlik fizikasi boʻlimi va fizika-texnika instituti huzuridagi Ixtisoslashgan Kengashlar a’zosi va rahbari sifatida bir necha oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Shaxsan uning rahbarligida 8 nafar fan doktori va 20 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi. Uning shogirdlari hozir respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida fan va ta’lim sohasida mamlakatimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilmoqdalar.



S.Zaynabidinov Oʻzbekiston fizika jamiyatining tashkilotchilaridan biri va 1992-2011-yillarda raisi, Oʻzbekiston Respublikasi FA Andijon- Namangan   ilmiy   markazining   rahbari,   “Oʻzbekiston   fizika jurnali”,   “Fan   va  turmush”   va  “Kompozitsion   materiallar”, DAN RU “Vestnik” jurnallari taxririy hay’atining a’zosi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’limi va Xalq ta’limi vazirliklarining fizika boʻyicha ilmiy-uslubiy kengashlari rahbarlaridan biri, OʻzR-Fanlar Akademiyasining “Yarimoʻtkazgichlar va