Olim

JAMOLDINOVA ODINAXON RASULOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Jamoldinova Odinaxon Rasulovna 1970 yil 29 mayda Farg‘ona viloyatining, O‘zbekiston tumanida tavallud topgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. Pedagogika fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining ma’naviy ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni mukofoti sovrindori.



1992 yil Toshkent davlat pedagogika instituti (kunduzgi)ni tugatgan va maktabgacha tarbiya metodisti, maktabgacha pedagogika va psixologiya o‘qituvchisi ixtisosligini olgan.



Mehnat faoliyatini 1992 yildan o‘qituvchilik faoliyati bilan boshlagan.



1998-1999 yy. - Jizzax davlat pedagogika instituti Pedagogika kafedrasi o‘qituvchisi, 1999-1999 yy. - Jizzax viloyati hokimligi oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha kotibiyati yetakchi mutaxassisi, 1999-2002 yy. - Jizzax davlat pedagogika instituti Pedagogika kafedrasi o‘qituvchisi, 1999-2008 yy. - Respublika Oila ilmiy-amaliy markazi Jizzax viloyat bo‘limi direktori, 2002-2006 yy. - Jizzax davlat pedagogika instituti Yoshlar pedagogikasi va psixologiyasi kafedrasi mudiri, 2006-2008 yy. - Jizzax davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta’lim nazariyasi va metodikasi kafedrasi mudiri, 2008-2012 yy. - “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi, 2012-2015 yy. - Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlari bo‘yicha prorektori lavozimlarida ham ishlab kelgan.



O. Jamoldinova ilmiy tadqiqot ishlarini pedagogik faoliyat bilan muntazam bog‘liqlikda olib bormoqda. 2004 yildan boshlab yoshlar pedagogikasi va psixologiyasi, maktabgacha ta’lim kafedralarida rahbarlik qilish bilan birga sohaning ilmiy muammolarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy amaliy konferensiyalar, seminarlar tashkil qilib kelmoqda.



2004-2006 yillarda u rahbarligidagi kafedrada Jizzax viloyatida ilk bor maktabgacha ta’lim sohasi uchun oliy ma’lumotli pedagog kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mazkur sohada magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Uning rahbarligida 10 ta magistr, 30dan ortiq bakalavrlik ishlari tayyorlandi.



O.Jamoldinova rahbarligida 2 ta pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 1 ta pedagogika fanlari doktori (DSc) himoya qilgan va tasdig‘ini olgan.



O. Jamoldinova O‘zbekistonda pedagogika sohasida 100 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 3 ta monografiya, 2 ta risola muallifi. 20 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy amaliy konferensiyalarida ishtirok etgan. Ilmiy maqolalari AQSH, Rossiya, Germaniya, Ukraina, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya jurnallarida chop etilgan.



O.Jamoldinova pedagogik faoliyati davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining talabalari va magistrlariga umumiy pedagogika, pedagogika tarixi, pedagogik texnalogiyalar, ijtimoiy pedagogika, maktabgacha pedagogika, umumiy psixologiya, bolalar psixologiyasi, pedagogik psixologiya fanlaridan dars berib kelmoqda. Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot kommunikatsion va pedagogik texnalogiyalardan samarali foydalanadi.



Bugungi kunda modul kredit asosida o‘qitish jarayoni, HEMIS dusturi asosida ta’lim jarayoning raqamlashtirilishi bilan ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.



O.Jamoldinova ilmiy-pedagogik faoliyati bilan bir qatorda boshqaruv sohasida ham o‘zining yuksak salohiyatga ega ekanligini namoyon etib kelmoqda. Jumladan, 2008-2012 yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi lavozimida faoliyat olib bordi. Bu davrda ta’lim muassasalarida yetakchilar faoliyatini takomillashtirish, “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarini qo‘llab-quvatlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush madaniyatini targ‘ib etishga asosiy e’tiborini qaratdi.



2012-2014 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab talaba yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, turli salbiy illatlarga qarshi kurashish ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarni olib bordi. Bu davrda Prezident asarlarining mazmun mohiyatini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan targ‘ibotchilar guruhi, davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosini ta’minlashga ko‘maklashadigan ko‘ngillilar guruhlari faoliyatini tashkil etish tashabbuskori bo‘ldi.



2015-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat olib bordi. Jumladan, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasida fan, ta’lim, madaniyat sohasiga oid qonunchilikning takomillashtirilishi va yangi tahrirdagi qonunlarning tayyorlanishida faollik ko‘rsatdi.



2020 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining ma’naviy ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.