Olim

SHARIPOVA DILARA DJUMANIYAZOVNA

Pedagogika fanlari doktori, biologiya fanlari nomzodi, professor

D.D.Sharipova 1938-yilning 9-iyulida Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. Toshkent shahridagi 37-maktabda o‘qidi va 1955-yilda uni tamomlab, Toshkent tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1961-yilda institutni bitirib, 1962-yilgacha Chirchiq tug‘ruqxonasida mikropediatr bo‘lib ishlagan. 1962-1963- yillarda esa “Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari” ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.



1963-yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining “Anatomiya, fiziologiya va gigiena” kafedrasining asperanturasiga kirib, akademik V.Yu.Yunusov rahbarligida 1966-yilda “Turli haroratda ovqat hazm qilish a’zolarini boshqarishda tuz va suv almashinuvining ahamiyati” mavzusida dissertatsiyasini yoqlab biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.



1966-1990-yillar davomida O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri, bo‘lim mudiri, direktorning ilmiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdi.



1967-1973-yillarda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya institutining pedagogika fakultetida sirtdan o‘qidi. 1990- yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining “Yosh fiziologiyasi va maktab gigienasi” kafedrasining dotsenti, keyin shu kafedraning mudiri lavozimida faoliyat yuritdi. 1990-yilda D.Sharipova Nizomiy nomli TDPIning ixtisoslashgan kengashda “O‘quvchilar gigienik tarbiyasining ilmiy-pedagogik asoslari”  mavzusida dissertatsiya himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 1993-yilda D.Sharipovaga Oliy Attestasiya komissiyasi tomonidan professor unvoni berildi.



1997-yildan e’tiboran D.Sharipova Nizomiy nomli TDPUning “Tibbiy bilim asoslari” kafedrasi mudiri, 1998-yildan hozirgi vaqtgacha Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universitetining “Zoologiya va anatomiya” kafedrasining professori lavozimida ishlab kelmoqda.



2006-yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat Pedagogika instituning “Amaliy psixologiya” fakultetining qayta tayyorlash kursini tugatib psixologiya mutaxassisligiga ega bo’ldi.



D.Sharipova 2015-2021-yillarda A.Avloniy nomli Respublika rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institunining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasida hamda Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida  o’rindoshlik sifatida faoliyatini davom ettirdi. 13/00/07-Ta’limda menejment hamda 13.00.05-Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi DSc 03/30.12.2019.Ped 48.01 raqamli Ilmiy Kengashning a’zosi.



D.Sharipova 500 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 dan ziyod monografiya, 100 dan ziyod uslubiy qo‘llanmalari muallifidir.



Professor D.Sharipova respublikamizga kadrlar tayyorlab berish borasida jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash lozim. Uning rahbarligida shu kungacha 30 dan ziyod nomzodlik, ilmiy maslahatchiligida 10 dan ziyod doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi.



D.Sharipova mamlakatimizda faol jamotchi sifatida tanilgan bo‘lib, 1993-1997-yillarda O‘zROAK ekspertlar kengashi a’zosi, O‘zRFA fiziologiya instituti va jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Ilmiy Kengashlar a’zosidir.



U Respublika ta’lim markazi qoshidagi ilmiy-uslubiy kengash a’zosi, Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Pedagogika Fanlari ilmiy tekshirish instituti va Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi ilmiy kengashlarning a’zosi bo‘lgan. Shu bilan birga Respublika bolalar fondi boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro Hayriya fondi jamg‘armasining a’zosi, “Shaxsnoma” ijtimoiy-pedagogik tadqiqot jamg‘armasi vitse prezidenti bo’lib faoliyat yuritgan bo’lib, hozirgi kunda “Oydin hayot” sog’lom turmush tarzini targ’ib etish nodavlat notijorat markazi kengashi  raisidir.



D.Sharipova Boshqirdiston Respublikasida nashr etiladigan “Образование: традиции и инновации” jurnali va “Bola va zamon”, “Xalq ta’limi” jurnallari redkollegiya a’zosidir. Olima O‘zbekistondagi xalqaro jamg‘arma xususan,“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro bolalar jamg’armasi, ”Xalqaro bolalar faol jamg‘armasi (YuNISEF) hamda F.Ebert nomidagi xalqaro fondi bilan hamkorlikda ishlagan.



O‘tgan yillar davomida D.Sharipova xalqaro va mahalliy loyihalarda rahbar sifatida ishtirok etgan. Hamkorlikda gigiyena va sanitariya holatini o‘rganish xalqaro dasturi, “Chekmasdan yoshlik gashtini sur”, ”Yod tanqisligining oldini olish”. ”Oilada sog’lom turmush tarzini shakllantirish”, ”Xotin –qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish”, ”Talabalarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va ijtimoiy faolligini oshirish” loyihalarini Toshkent, Qarshi, Qo’qon shaharlarida amalga oshirgan.



Ilmiy izlanishlari natijasiga ko‘ra Ushinskiy nomli mukofotga sazovor bo‘lgan.



O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim a’lochisi, Qori-Niyoziy medali, I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi (1998).



D.D.Sharipovaning  ilmiy faoliyati davomida erishgan yutuqlari xorijiy va MDHda inobatga olinib, “Xalqaro pedagogik ta’lim fanlar akademiyasi”ning muxbir a’zosi (1999), 2000 yilda shu akademiyaning akademigidir. 2019 yildan Turon akademiyasi, 2022-yildan “Antik” akademiyasi akademigi saylangan. D.Sharipova respublikada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va salomatlikni saqlash ilmiy maktabini yaratdi.