Olim

SHODIYEVA MATLUBA JO‘RAYEVNA

Pedagogika fanlari doktori, dotsent

Matluba Shodiyeva 1982-yil 1-fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1999-2004-yillarda Qarshi davlat universitetining Pedagogika fakultetida, 2010-2012-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida magistraturada tahsil oldi.



Umumiy mehnat staji – 25 yil.



M.Shodiyeva oʻz mehnat faoliyatini 1998-yilda Mirishkor tumanidagi 1-o‘rta maktabda bolalar va o‘smirlar yetakchisi lavozimida boshladi.



2001-2010-yillarda Kasbi tumanidagi 32-o‘rta maktabda, 2011-2012-yillarda Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 90-o‘rta maktabda boshlangich sinf o‘qituvchisi lavozimida, 2012-2015-yillarda Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi lavozimlarida faoliyat olib bordi.



2015-yildan hozirgi kunga qadar mazkur markazda Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus talim kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda. U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazida boshlang‘ich talim yo‘nalishidagi Ilmiy-metodik kengashda rais o‘rinbosari vazifasida ham faoliyat yuritdi. Umumiy orta talim muassasalarining 4-sinflar uchun Ona tili (2020 yil), 3-sinflar uchun Ona tili va o‘qish savodxonligi (2022 yil) darsliklari, 3-sinf o‘quvchilari uchun ishlab chiqilgan Ona tili va o‘qish savodxonligi darsliklarining Mashq daftarlari (2022 yil) taqrizchisi hisoblanadi. 



M.Shodiyeva 2017-yilda Malaka oshirish tiimida innovatsion yondashuv orqali boshlang‘ich ta’limni modernizatsiyalash: muammo, yechimlar va rivojlanish istiqbollari, 2020-yilda Malaka oshirish tizimida o‘qituvchilarni ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirish: strategiyalar, innovatsiyalar va ilgor tajribalar mavzusida, 2021-yilda Boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish: mazmun, metodologiya, baholash va ta’lim muhiti, 2022-yilda Modernizatsiya qilingan o‘quv dasturlari va darsliklarini amaliyotga samarali joriy qilish texnologiyalari: tahlil, metod va vositalari mavzularida Respublika miqyosida anjumanlar tashkil qilgan. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi va yangi avlod darsliklarini amaliyotga samarali joriy etish, umumta’lim tizimida iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi, ilgor xalqaro tajriba va jamiyatning zamonaviy talablariga muvofiq sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish hamda inson kapitalini mehnat bozorida va umuman mamlakatda o‘quvchining raqobatbardoshlik darajasini belgilovchi asosiy omil sifatida rivojlantirish, xalqaro baholash tadqiqotlarini amaliyotga samarali joriy etilishiga doir respublika va viloyat miqyosida o‘quv seminarlari va vebinarlar, hududlarda o‘qituvchilar uchun sayyor o‘quv kurslari tashkil qilib keladi.



M.Shodiyeva 2014-yil Umumta’lim fanlari metodikasi jurnali tahririyati tomonidan o‘tkazilgan tanlovning Eng yaxshi metodik tavsiya nominatsiyasida Respublika g‘olibi, 2016-yilda Ma’rifat Respublika gazetasi tahririyatining Faslning eng yaxshi ijodkori tanlovida Respublika g‘olibi bo‘lgan.



Xalq ta’limi tizimidagi samarali mehnati, talim muassasalari faoliyatini tashkil etishda samarali tashabbus ko‘rsatganligi munosabati bilan, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda qo‘shgan munosib hissasi uchun 2015-yil O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazining, 2016-yil O‘zbekiston Respublikasi Xalq talimi vazirining Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.



Pedagogik faoliyati hamda jamiyat hayotidagi faolligi va tashabbuskorligi uchun “Qashqadaryolik xalq ta’limi fidoyilari” va  “Yosh olima ayollar” turkumidagi kitoblarda Matluba Shodiyevaning hayoti, ilmiy va pedagogik faoliyati yoritilgan.



Dotsent M.J.Shodiyeva xorijiy (“European Scholar Journal”) va Respublika (Fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi) jurnallarining tahririyat a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatmoqda.



M.J.Shodiyeva samarali ilmiy faoliyat bilan bir qatorda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qarshi davlat universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Jizzax, Sirdaryo va Samarqand viloyat, shuningdek, Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari, shuningdek Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlik ishlarini samarali yo ‘lga qo‘ygan.



Hozirda viloyat telekoʻrsatuvlarida (“Muloqot”) modernizatsiya qilingan Milliy o‘quv dasturi va yangi avlod darsliklarining mazmun mohiyati, uni samarali amaliyotga joriy etish kabi masalalar bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



M.Shodiyeva oʻz kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy salohiyatini ham namoyon qilib kelmoqda. 2019-yilda Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi qarori bilan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2021-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan.



2022-yilda pedagogika fanlari doktori, professor Abdullayeva Barno Sayfutdinovna rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi ixtisoslashgan kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi va pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Ushbu sohalarda dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilish bilan birga, o‘z ilmiy maktabini ham yaratmoqdi. Uning rahbarligida 6 ta pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori va 1 ta doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borilmoqda.



Matluba Shodiyevaning 1 ta darslik, 1 ta monografiya, 8 ta metodik qo‘llanma, Respublika va Xalqaro jurnallarda 40 dan ortiq ilmiy maqola, ilmiy-amaliy anjumanlarda 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari chop etilgan. Hozirgi kunda darslik va o‘quv qo‘llanmalardan uzluksiz ta’lim tizimining o‘quv-tarbiya jarayonida foydalanilmoqda.



M.J.Shodiyevaga 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun ona tili o‘qitish metodikasi fani bo‘yicha elektron axborot ta’lim resursi” uchun, 2022-yilda “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha mobil ilova” uchun elektron guvohnoma berilgan.



Hududiy markaz, respublika va xorijda o‘tkaziladigan ilmiy-nazariy va amaliy konferensiyalarda talim-tarbiya, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashib keladi.



M.Shodiyeva Qashqadaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida “Yosh olimlar Kengashi”ning raisi sifatida ham markazda yosh olimlarning safi kengayishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.



M.Shodiyeva bir qancha xorijiy universitet va markazlarning onlayn kurslari orqali (University of Virginia: The Kennedy Half Century, Coursera Projekt Network: Introduction to HTML, The Kennedy Half Century, Build a Full Website using WordPress, Simulating Viral Pandemics in Python, Create and Format a Basic Document with LibreOffice Writer, Predicting Salaries with Simple Linear Regression in R) oz pedagogik mahoratini oshirib borgan (2020 yil), shuningdek, 2021- yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Qarshi hududiy filialida ham malaka oshirgan.



Matluba Shodiyeva 2022-yil “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.



M.Shodiyevani jamoasi, maktabgacha va maktab talimi sohasi mutaxassislari o‘z sohasining bilimdoni, kasbining mohir ustasi, halol, mehnatsevar, adolatli, irodali, eruditsiyali, shijoatkor, tashabbuskor, talabchan, qatiyatli, tashkilotchi va tashabbuskor rahbar, o‘z vaqtida shogirdlariga mehribon va jonkuyar ustoz, yuksak pedagogik mahorat egasi, mohir notiq sifatida biladi, hurmat qiladi, sevadi hamda qadrlaydi



Matluba Shodiyeva izlanuvchan, talabchan va mas’uliyatli olima bo‘lish bilan birga ikki nafar farzandning sevimli onasi.



U oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, izlanuvchanligi, yuksak ilmiy salohiyati, professional sohasiga sadoqati, ijodkorligi, qat’iyatligi, kompetentli rahbarligi, talabchanligi, ijtimoiy faolligi bilan keng jamoatchilik orasida katta hurmat qozongan.