G‘ayrat Shoumarov 1947-yili Toshkent shahrining Balandmachit mahallasi (hozirgi Xadra maydoni, Аlisher Navoiy ko‘chasi hududi)da shifokor oilasida tavallud topgan. Tuman sog‘liqni saqlash bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlagan otasining xizmat faoliyati tufayli Toshkent viloyatining Chinoz va Yangiyo‘l hududlarida bir necha yil yashagan. 1963–1967-yillari Yangiyo‘l tibbiyot bilim yurtida o‘qib, feldsher kasbini egallagan. 1967–1968-yillari Navoiy shahridagi harbiy kasalxonada feldsher bo‘lib ishlagan. 1968–1970-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida, 1969–1973-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining pedagogika va psixologiya fakulteti defektologiya bo‘limida tahsil olgan. 1973-yildan shu institutning assistenti sifatida pedagogik mehnat faoliyatini boshlagan. 1973–1974-yillari Polsha Respublikasida harbiy xizmatni o‘tagan. 1977-yildan 1980-yilgacha Moskva shahridagi SSSR Pedagogik fanlar akademiyasi qoshidagi ilmiy-tekshirish institutida maxsus psixologiya ixtisosligi bo‘yicha akademik, psixologiya fanlari doktori Vladimir Ivanovich Lubovskiy rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlab, 1980-yili himoya qilgan. Dissertatsiya intellektual test metodikalarining diagnostik imkoniyatlarini aniqlashga bag‘ishlangan edi.
1980–1987-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Umumiy psixologiya” kafedrasida assistent, dotsent lavozimlarida ishlagan. Katta ilmiy xodim lavozimiga o‘tkazilgach, 1988–1989-yillari doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlash uchun ikki yilga Moskva shahriga yuborilgan. Doktorlik dissertatsiyasining mavzusi nomzodlik ishining mantiqiy davomi bo‘lmasdan, mutlaqo boshqa yo‘nalish, yaʼni yosh oilalarning ijtimoiy-psixologik muammolarini tadqiq etishga bag‘ishlangan edi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha Moskva, Nijniy Novgorod, Kishinyov, Toshkent shaharlarida eksperimental maʼlumotlarni yig‘ib, 1990-yili doktorlik dissertatsiyasini Moskva shahrida muvaffaqiyatli himoya qilgan. Umuman olganda, uning olim sifatida shakllanishida Moskva ilmiy muhiti alohida o‘rin tutgan.
1991–1996-yillari Аvloniy nomidagi Xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti rektori, 1996–1998-yillari Respublika taʼlim markazi direktori lavozimlarida ishlagan. 1998-yildan 2002- yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi konsultant, bosh konsultant, monitoring guruhi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2002–2008-yillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, 2008-yildan 2010-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri lavozimlarida ishlagan.
U ikki yil davomida Respublika komissiyasi kotibi bo‘lib “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani taʼlim tizimiga joriy etilishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Barcha taʼlim turlarida birinchi bor davlat taʼlim standartlari (DTS) tasdiqlanishida monitoring guruhi rahbari sifatida uning ham alohida o‘rni bor. Taʼlim tizimiga psixologik xizmatning joriy etilishida, respublika maktablari shtat jadvallariga psixolog shtati kiritilishida uning katta hissasi bor.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, G‘.Shoumarov psixologiya fani yo‘nalishida O‘zbekistonda oilani o‘rganish bo‘yicha shakllangan ilmiy maktabning asoschisidir. G‘.Shoumarov maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan, sog‘lom turmush tarzi, salomatlik, oila masalalariga bag‘ishlangan qator o‘quv qo‘llanmalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qitiladigan “Oila psixologiyasi” va “Sharqona oila” o‘quv qo‘llanmalari, “O‘zbek milliy ensiklopediyasi”, “Аyollar ensiklopediyasi”, “Bolalar ensiklopediyasi” singari kitoblar mualliflaridan biri bo‘lib, uning rahbarligi va hammuallifligida psixologiya bo‘yicha qator ilmiy-ommabop kitoblar tayyorlangan. Umuman olganda G‘.Shoumarov 400 dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir.
Psixologiya sohasiga oid masalalar bo‘yicha ko‘p yillar davomida “Oila”, “O‘zingni er bilsang”, “Inson va qonun”, “Yuzma-yuz” singari va boshqa ko‘rsatuv hamda eshittirishlarda faol ishtirok etgan. Respublikada chop etilayotgan jurnallar, jumladan, “Коррекционная педагогика” (Moskva), “Zamonaviy taʼlim”, “Psixologiya”, “Xalq taʼlimi” singari jurnallarda tahrir hayʼatlari raisi va aʼzosi sifatida faoliyat yuritmoqda.
G‘.Shoumarov bir necha yillar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ilmiy kengashlarda raislik qilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Аttestatsiya komissiyasi tashkil etilganda psixologiya va pedagogika fanlari bo‘yicha besh yil davomida ekspert kengashining raisi o‘rinbosari bo‘lgan.
G‘.Shoumarov bir necha yillardan beri sog‘lom turmush targ‘ibotchisi bo‘lib, aʼzolari turli bo‘g‘indagi rahbarlardan iborat futbol komandasiga sardorlik qilib kelmoqda. Yana bir jihatni taʼkidlash lozimki, uning kasbiy qiziqishlari doirasida tibbiyot sohasining alohida o‘rni bor. U yillar davomida (1970- yildan 1980-yilgacha) Toshkent shahar tez tibbiy yordam markazi (03) va Moskvadagi hozirgi Sklifosovskiy nomidagi tez tibbiy yordam markazida o‘rindoshlik asosida tibbiyot xodimi (feldsher) bo‘lib ishlagan.
G‘.Shoumarov O‘zbekiston Respublikasi taʼlimi va psixologiya fani yutuqlarining dunyo miqyosida targ‘ib-tashviq etilishida ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Hozirga qadar MDH davlatlarini hisoblamaganda, 13 yetakchi xorijiy davlat (Gretsiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Gollandiya, Yaponiya, Filippin, Shveytsariya, Turkiya va h.k.)da xizmat safarlarida bo‘lib, xalqaro miqyosdagi turli konferensiyalar, seminar va simpoziumlarda ishtirok etgan. U 2009-yili Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh Аssambleyasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan va Аssambleyada o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etgan.
G‘.Shoumarov bugungi kunga qadar oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yetarli hissa qo‘shgan. Xususan, 60 ga yaqin fan nomzodi (PhD)ga ilmiy rahbarlik, 15 nafar fan doktori (Dsc)ga ilmiy maslahatchilik qilgan. Hozirgi vaqtda ham o‘nlab tadqiqotchilar uning rahbarligida doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash ustida ish olib borishmoqda.
Uning rahbarligida o‘zbek, tojik, qoraqalpoq, qirg‘iz oilalarining ijtimoiy va etnopsixologik xususiyatlari, ayollarda o‘ziga o‘zi o‘t qo‘yish, bolalarda o‘z joniga qasd qilish, jinsiy qoniqishning nikoh mustahkamligiga taʼsiri, respublikada psixologik xizmatni tashkil etish, badiiy ijodiyot psixologiyasi, boshqaruv psixologiyasi, deviatsiya masalalari tahlili va shu kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. O‘zbekistonda birinchi marta oliy taʼlim tizimida psixologik xizmatni tashkil etish yo‘nalishida Fan va texnologiyalar markazi tomonidan moliyalashtirilgan amaliy loyiha rahbari sifatida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida psixologik markazning ishga tushirilishi va faoliyat yuritishida uning xizmati kattadir.
G‘.Shoumarov jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan 2000-yili tashkil etilgan O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasiga o‘n yil mobaynida rahbarlik qilgan. Bundan tashqari 2003–2010-yillari “O‘zbekiston-Turkmaniston” do‘stlik jamiyati raisi bo‘lib ishlagan.
Hozirgi vaqtda G‘ayrat Shoumarov O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining maslahatchisi lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.