Ahmadali Asqarov 1935-yil 25-sentabrda Namangan viloyati, Norin tumanida dehqon oilasida tugʻilgan. Uning mehnat faoliyati 66 yilni tashkil etadi va 1957-yildan buyon Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tizimida ishlab kelmoqda.
Asqarov mamlakatimizning yetakchi arxeolog va tarixchi olimlaridan hisoblanadi. U 1957-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Instituti tarix-filologiya fakultetining tarix boʻlimini tamomlab, Respublika Fanlar akademiyasining Tarix va Arxeologiya institutiga aspiranturaga qabul qilingan. 1963-yilda “Zarafshon daryosi etaklari bronza davrida” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Keyinchalik Oʻzbekiston FA Tarix va Arxeologiya ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim (1961-1963), soʻngra katta ilmiy xodim (1963-1966), keyinroq arxeologiya yoʻnalishi boʻyicha direktor oʻrinbosari (1966-1970) lavozimlarida xizmat qilgan. 1970-1987-yillarda Oʻzbekiston FA Arxeologiya instituti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Asqarovning ilmiy-tashkilotchilik qobiliyati va arxeologiya fanida erishgan yutuqlari uni avval (1984 y.) OʻzR FA muxbir aʼzosiga, keyin (1987 y.) esa akademiyani haqiqiy aʼzoligiga saylanishiga olib keldi. Akademik Asqarov 1987-1992 yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining tarix, tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻlimining akademik-kotibi, Akademiya prezidiumi hayʼati aʼzosi boʻlib ishladi. 1991 yildan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktori, 1994 yil iyulidan 1998 yil mart oyigacha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi aʼzosi, tarix, tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻlimining raisi vazifalarida ishladi.
Ahmadali Asqarov Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1985). 1992-yilda “Mustaqillik” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. 1993-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining 60 yillik nishonini olgan. 1995-yilda T.N.Qori-Niyoziy nomidagi medal bilan taqdirlangan va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvonini olgan. 2023-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
A. Asqarov 600 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar, shu jumladan 20 ta monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalari muallifi. Shulardan 60 dan ortiq xorijiy tillarda (ingliz, fransuz, nemis, yapon, fors, xitoy) 200 ga yaqini rus tilida chop etilgan. Ilmiy yoʻnalishining kengligi: qadimgi shaharsozlik madaniyati va ilk davlatchilikning shakllanish jarayonlari; Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi; arxeologik manbalar dolzarb tarixiy muammolar yechimi xizmatida; Oriylar muammosi va uning tarixiy — arxeologik tahlili; arxeologiya fanining ilmiy uslubiy va nazariy masalalari; noyob arxeologik yodgorliklarni “Moviy osmon” ostidagi muzeyga aylantirish bobida ilmiy — amaliy gʻoyalar ijodkori.
Ilmiy-pedagogik faoliyati doirasida, akademik Ya.Ğ. Ğulomov oʻzbek arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi boʻlgan. U yoshlarning ilmiy mafkuraviy, maʼrifiy va maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishda ibratli murabbiysi hisoblanadi va 40 ga yaqin shogirdlari fan nomzodi va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.
Ahmadali Asqarov xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik va madaniy aloqalarning rivojlanishiga ham ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, 1991 yil bahor oyida Alma-Ata shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKOning seminar kengashida amerikalik professor Richard Fry bilan birgalikda Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutini tuzish gʻoyasini koʻtarib chiqqan. Bu markaz Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston kabi mustaqil yosh davlatlarni jahon sivilizatsiyasidagi tarixiy oʻrnini oʻrganishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bu taklifga Ahmadali Asqarov Alma-Ata, Parij, Tehron, Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtgan YUNESKO yigʻinlarida xalqaro ilmiy jamoatchilik eʼtiborini qaratib bu gʻoyani himoya qilib chiqqan. Nihoyat 1995 yil 5 iyulda Samarqandda 12 davlat vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada “Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti” ochilishi haqida bitim imzolangan. 1995 yil 26 avgustda esa ushbu xalqaro Institutni YUNESKOning bosh rahbari prof. Federiko Mayor ishtirokida rasman ochilish tantanasi boʻlgan.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston arxeologlari Fransiya, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Polsha, Rossiya kabi oʻndan ortiq davlatlar arxeolog mutaxassislari bilan hamkorlikda bevosita ilmiy shartnomalar asosida mustaqil Oʻzbekistonimiz hududlarida arxeologik qazishma ishlarini olib boradi, xalqimiz oʻtmish tarixining yangidan-yangi qirralarini oʻrganish davom etmoqda. Ushbu hamkorliklar tufayli har yili oʻnlab arxeolog yoshlar xorijiy ilmiy safarlarda boʻlishib, mustaqil Oʻzbekistonimiz arxeologiya fanи yutuqlarini targʻib qilish bilan birga jahon arxeologiyasi yangiliklari bilan tanishib kelmоqdalar.
Ahmadali Asqarov nomi jahonda tanilgan arxeolog-tadqiqotchilar qatoriga kiradi va u prof. Clare Smith tashkil etgan 11 jildlik “Global Archaeology Encyclopedia”ga kiritilgan. 2014 yilda ushbu ensiklopediyada u haqda maqola bosilgan. Bu nufuzli ensiklopediyaga oʻzbek arxeologlari vakilining birinchi bor kiritilishi mustaqil Oʻzbekistonda arxeologiya faniga berilgan yuksak bahodir deb hisoblaymiz.
Bu tinib-tinchimas olim 2015 yildan hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, hozirda esa Milliy Arxeologiya Markazining “Oʻzbekiston Arxeologiyasi” jurnali tahririyat aʼzosi; 2017 yil 1-yanvardan hozirgacha Respublika Prezidentining maxsus qarori asosida Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti ilmiy ishonchli vakili. Unga yuklatilgan vakolatga koʻra Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti iqtidorli talabalari magistr va yosh tadqiqotchilarga jamoatchilik asosida maslahatchi ustoz va murabbiy; 2017 yildan hozirgacha Oʻz.FA Arxeologiya instituti, hozirda Milliy Arxeologiya Markazi qoshidagi fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari beruvchi ilmiy kengash aʼzosi; 2017 yildan hozirgacha Oʻz.FA Arxeologiya instituti, hozirda Milliy Arxeologiya Markazi qoshida faoliyat koʻrsatib kelayotgan ilmiy seminar aʼzosi; 2017 yildan hozirgacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti qoshida faoliyat koʻrsatuvchi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar va ularni oʻqitish metodikasi yoʻnalishi” boʻyicha ilmiy seminar raisi; 2017 yildan hozirgacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti “Ilmiy axborotlari” ilmiy-nazariy jurnali tahririyat aʼzosi; 2016-2017 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU qoshida faoliyat koʻrsatib kelayotgan fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari beruvchi ilmiy kengash aʼzosi; 2016-2017 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU qoshida faoliyat koʻrsatib fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi; 2018 yildan hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti qoshida faoliyat koʻrsatib fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari beruvchi ilmiy kengash aʼzosi; 2018 yildan hozirgacha Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti qoshidagi xorijiy tillar akademik litseyida jamoatchilik asosida Oʻzbekiston tarixining dolzarb tarixiy maʼlumotlar bilan qurollantiruvchi yoshlarning ustozи va ilmiy murabbiysi; 2018-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining arxeologiya fan yoʻnalishi boʻyicha “ilmiy-texnik kengash” raisi; 2023 yildan boshlab “Markaziy Osiyo tarixi” xalqaro ilmiy jurnali bosh muharriri.