Bahrom Abduhalimov 2016 yilda “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni, 2020 esa yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji — 42 yil.
Hozirda OʻzR FA Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha vitse-prezidenti va Abu Rayhon Beruniy nomidagi OʻzR FA Sharqshunoslik instituti direktori vazifalarida ishlab kelmoqda. Mehnat faoliyatini 1981-1983 yillarda Liviya Arab Respublikasida arab tili tarjimonligidan boshlagan. 1983-1987 yillarda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi, 1987-1990 yillarda harbiy xizmatni Yaman Arab Respublikasida harbiy tarjimon vazifasida oʻtagan.
Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov 1990-2002 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, 2002-2003 yillarda direktor oʻrinbosari, 2003-2004 yillarda Toshkent shahridagi Vestminster universitetining prorektori, 2004-2006 yillarda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori, 2006-2008 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining millatlararo munosabatlar masalalari va din ishlari boʻyicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. 2008 yildan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida direktor, 2011 yildan Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha vitse-prezidenti, 2020 yildan 2024 yilgacha Oʻzbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan.
Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qoʻlyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili sohalari boʻyicha yirik mutaxassis.
1994 yil 3 iyunda OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoshidagi doktorlik himoyalari kengashida “Xoji Xalifaning “Kashf az-Zunun” asari Movarounnahr va Xuroson aniq fanlari tarixi boʻyicha manba sifatida” mavzusida tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasi olish uchun dissertatsiya himoya qilgan.
2001 yil 9 noyabrdagi OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti qoshidagi ixtisoslashgan kengashda “Bayt al-hikma” va Oʻrta Osiyo olimlarining Bagʻdoddagi ilmiy faoliyati (IX-XI asrlarda tabiiy fanlar)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 29.03.2012 yilda “Tarixiy manbashunoslik” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim lavozimi berilgan.
B.A. Abduhalimov 2004-2005 yillar davomida hamda 2007 yilning ikkinchi semestrida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Sharq falsafasi va madaniyati” kafedrasi “Sharq falsafasi” taʼlim yoʻnalishida “Sharq xalqlarining madaniy aloqalari” fanidan maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtgan. “Sharq falsafasi” taʼlim yoʻnalishi talabalari malakaviy ishlariga; “Zamonaviy Sharq falsafasi va tarixi” mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan. B.A. Abduhalimov kafedraning OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari doirasida talaba va magistrantlarga jamoatchilik asosida ilmiy maslahatchilik faoliyatini ham olib borgan.
B.A. Abduhalimov Toshkent islom universitetida “Markaziy Osiyo fani va madaniyati tarixi”ga oid maxsus kurslar oʻqigan, bakalavr diplom ishlariga rahbarlik qilgan. U Toshkent islom universiteti tarafidan chop etilgan “Yurtimiz allomalari” (9-sinf) toʻplam-darsligining mualliflaridan biridir. Ayni vaqtda Toshkent islom universitetida qator yillar davomida bitiruv imtihoni komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat yuritib kelgan.
B.A. Abduhalimov Oʻzbekistonda Mirzo Ulugʻbek (1994), Amir Temur (1996), Ahmad Fargʻoniy (1998), Xorazm Mamun akademiyasi (2006), Oʻrta asr Sharq allomalari (2014), Markaziy Osiyo renessansi(2017)ga bagʻishlangan yirik xalqaro konferensiya, ushbu yoʻnalishlarda xorijiy davlatlar Oksford (1997), Rim (2001), Kembridj (2002), Anqara (2009), Tokio (2010), ar-Riyad (2012), Seul (2014, 2015), Leydenda (2016) tashkil etilgan koʻplab xalqaro anjuman va seminarlarning faol ishtirokchi va tashkilotchilaridan hisoblanadi.
Ilmiy tadqiqotlari natijalari 100 dan ortiq ilmiy maqola, risola va monografiyalarda oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida eʼlon qilingan.
B.A. Abduhalimov yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. U Respublika va xalqaro miqyosda tan olingan oʻz ilmiy maktabiga ega. Hozirga qadar uning rahbarligida 3 ta fan doktori, 1 ta fan nomzodi, 1 ta falsafa fanlari boʻyicha PhD himoya qilgan, 1 doktorant va 3 tadqiqotchi oʻz dissertatsiyalari ustida ish olib bormoqda.
B.A. Abduhalimov “Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar” hamda OʻzR FA ShIning “Meros” jurnalining bosh muharriri, “Oʻzbekiston tarixi” va Janubiy Koreyada va Misr Arab Respublikasida nashr qilinadigan “Acta Via Serica” va “Madaniy Meros” jurnallarining tahririyat aʼzosidir.
Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich katta ilmiy tajribaga ega. B. Abduhalimov Sharqshunoslik institutidagi ilmiy faoliyatini “Yozma yodgorliklarni oʻrganish va nashrga tayyorlash” boʻlimida kichik ilmiy xodim lavozimida boshlab, 1994 yil nomzodlik va 2001 yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Uning tadqiqotlari Markaziy Osiyo tarixi, sharq qoʻlyozma asarlari, islom, arab davlatlari, arab tili kabi mavzularni qamrab olishi barobarida oʻrta asrlarda yashab ijod etgan Markaziy Osiyo olimlarining hayoti, faoliyati va asarlarini tadqiq etish B.Abduhalimovning asosiy tadqiqot yoʻnalishi hisoblanadi. Uning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari, yaratgan kitob, broshyura, risola va maqolalari oʻrta asrlarda yashab oʻtgan Markaziy Osiyo olimlarining aniq va tabiiy fanlar (matematika, astronomiya, meditsina, geografiya v.b.) rivojiga qoʻshgan hissalarini aniqlashga yoʻnaltirilgan muhim tadqiqotlar hisoblanadi. Jumladan, u turkiyalik mashhur bio-bibliograf Kotib Chalabiyning (XVI asr) arab tilida yozgan “Kashf az-zunnun” asaridagi oʻn olti mingga yaqin kitob va oʻn mingga yaqin mualliflari orasidan Markaziy Osiyoga oid barcha maʼlumotlarni toʻpladi, ularni sinchiklab oʻrgandi, oʻrta asrning boshqa manbalari bilan taqqoslab, tahlil qildi, soʻngra zarur aniqliklar bilan ilmiy isteʼfodagi kiritdi.
B. Abduhalimov tarafidan bajarilgan “Bayt al-hikma” va Oʻrta Osiyo olimlarining Bagʻdoddagi ilmiy faoliyati” (IX-XI asrlarda aniq va tabiiy fanlar) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi Markaziy Osiyo olimlarining IX-XI asrlarda Bagʻdod ilmiy maktabi — “Bayt al-hikma” (“Hikmatlar uyi”)dagi serqirra ilmiy faoliyatini tadqiq etishga, ularning aniq va tabiiy fanlar rivojiga qoʻshgan beqiyos hissalarini koʻrsatishga bagʻishlanganligi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Muallif koʻplab birlamchi manbalarga tayangan holda musulmon Sharqidagi Bagʻdod ilmiy maktabining oʻzagini Markaziy Osiyo olimlari tashkil etganini ilmiy dalillar asosida isbotlab berdi. Natijada, Muhammad ibn Musa Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ahmad Saraxsiy, Ahmad Sagʻoniy, Ahmad Marvaziy, Abbos Javhariy kabi olimlar hayoti va ilmiy faoliyatiga kiritilgan bir qator yangiliklardan tashqari, “Bayt al-hikma”ning tashkil topishi, tarkibiy tuzilishi, rivojlanish bosqichlari, eng muhimi esa mazkur maktab faoliyatidagi Markaziy Osiyo olimlarining yuksak oʻrnini koʻrsatib berish orqali uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan munosib oʻrnini aniqlashga erishildi. 2004 yilda dissertatsiya asosida “Bayt al-hikma” va Oʻrta Osiyo olimlarining Bagʻdoddagi ilmiy faoliyati (IX-XI asrlarda aniq va tabiiy fanlar) nomli monografiya Toshkentda nashr etildi. 2020-2022 yillar mobaynida ushbu monografiya Turkiya va Oʻmon Sultonligida turk va arab tillarida qaytadan chop etildi.
Mavzuga oid baʼzi maʼlumotlar, masalan, mashhur olim Ahmad Fargʻoniyga taalluqli yirik ilmiy maqola oʻz vaqtida “Journal of Islamic Studies” nomli nufuzli jurnalda Oksfordning “Oxford University Press” nashriyoti tarafidan ingliz tilida chop etilgan (Ahmad Farghani and His Compendium of Astronomy. Journal of Islamic studies, Oxford, 1999, № 10:2). Ahmad Fargʻoniyga bagʻishlangan boshqa bir maqola Londonda arab tilida “al-Hayat” sahifasida ham nashr etilgan. Dissertatsion tadqiqotning asosiy ilmiy xulosalarini xalqaro maydonga tanishtirishda 2016 yilda Koreya Respublikasida nashr etilgan “The “Bayt al-Hikma” and scientific activity of the Central Asian scholars in Baghdad (IXth-XIth centuries)” nomli maqola muhim ahamiyat kasb etdi. Muallifning bir qator maqolalari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr Arab Respublikasi va Kuvaytda arab tilida ham chop etilgan.
Oksford Islom tadqiqotlari markazining “Imom Buxoriy” (1996), Britaniya Kengashining “Chivining” (1997), Janubiy Koreyaning “Koica” (2001) stipendiyalariga sazovor boʻlib, ushbu mamlakatlarda malaka oshirish kurslarini oʻtagan.
Hammualliflikda tayyorlagan asari uchun Kuvaytning “Imom Buxoriy avlodlariga” nomli mukofoti bilan taqdirlangan.
Uning bevosita ishtiroki natijasida Oʻmon Sultonligi bilan hamkorlikda qurilgan Sharqshunoslik institutining yangi binosi nafaqat Fanlar akademiyasi, balki respublika va xorijiy davlatlar miqyosidagi muhim ilmiy-tashkiliy voqea boʻldi.
OʻzR FA Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishi boʻyicha vitse-prezidenti sifatida ilmiy ishlarning samaradorligini oshirishga, xodimlarning ish sharoitlarini yaxshilashga, institutlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga hamda xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorligini kengaytirishga boshchilik qilmoqda.