Olim

ABDIKARIMOV RUSTAMXAN ALIMXANOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Abdikarimov Rustamxan Alimxanovich Toshkent arxitektura-qurilish universitetining “Qurilish mexanikasi va seysmik muhandislik” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. U 1960 yil 28 iyunda Qozogʻiston Respublikasi Turkiston tumanidagi (hozirgi Turkiston viloyati) Otaboy (hozirgi Qarnoq) qishlogʻida ishchi oilasida tavallud topgan. Otasi Abdikarimov Olimxon sovxozda ishchi, brigadir, buxgalteriya boʻlimi xodimi boʻlib faoliyat yuritgan. Boshlagan ishini nihoyasiga yetkazmaguncha tinib-tinchimas inson boʻlgan. Onasi Tashmetova Tursun matematikaga qobiliyatli, qoʻshiqqa havasi baland, bilimdon ayol edi. Rahmatli ota-onalarining shunga oʻxshash eng sara xislatlari oʻgʻillariga oʻtgan.  R.A.Abdikarimov shu qishloqdagi umumiy oʻrta maktabni 1977 yilda oltin medalga tamomlagan.



Yoshligidan oʻqishga boʻlgan iqtidorini sezgan Avaz akasi ukasini oliy maʼlumot olishga qiziqishini orttirish maqsadida 9-sinfni bitirish arafasida Toshkent shahriga olib kelgan va Toshkent davlat universiteti bilan yaqindan tanishtirgan.  Shu sabab u 1977 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning “Amaliy matematika va mexanika” fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1982 yilda mexanika ixtisosligi boʻyicha tamomlagan. Bu ilm dargohida u taniqli olimlar: akademiklar T.R.Rashidov, T.B.Boʻriyev, Ya.N.Mubarakovlar hamda professorlar Sh.Mamatqulov, A.Hamidov va boshqalardan tahsil olgan, ularning nazariga tushgan. Oʻqishdagi muvaffaqiyatlarini inobatga olib, universitet rahbariyati R.Abdikarimovni diplom oldi amaliyotini oʻtash va diplom ishini tayyorlash uchun M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MDU)ga yuborgan. U diplom ishini taniqli olim, akademik B.E.Pobedrya rahbarligida tayyorlagan va universitetga qaytib kelib, muvaffaqiyatli himoya qilgan. R.Abdikarimov imkoniyatdan unumli foydalanib, MDUda faoliyat yuritgan, sobiq Ittifoq Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi A.A.Ilyushin va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi X.A.Raxmatullinlarning ilmiy seminarlariga qatnashgan hamda sohaning buyuk olimlari maʼruzalarini tinglagan, shu zaylda ilmga boʻlgan intilishi yanada ortgan.



R.Abdikarimov mehnat faoliyatini “Kibernetika” ilmiy ishlab-chiqarish birlashmasining “Kibernetika” institutida injener lavozimida boshlaydi. Soʻngra birlashma tarkibidagi “Algoritm” institutida kichik ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. Ilmiy faoliyatga boʻlgan chin dildan ixlos R.Abdikarimovni “Kibernetika” instituti huzuridagi kunduzgi taʼlim aspiranturasiga yetaklaydi. 1985-1988 yillarda “Hisoblash matematikasi” ixtisosligi boʻyicha aspiranturada tahsil oladi. Moskvada, professor Preobrajenskiy Igor Nikolayevich ilmiy rahbarligi ostida, “Koʻp bogʻlamli qiyshiq burchakli plastinkaning turgʻunligi va tebranishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlagan va 1989 yili Saratov politexnika instituti (hozirgi Saratov davlat texnika universiteti)da muvaffaqiyatli himoya qilgan. Uning ilmiy izlanish natijalari aviasozlik sohasiga tatbiq etilgan.



R.Abdikarimov 1988 yildan boshlab mehnat faoliyatini taʼlim sohasi bilan bogʻlagan. U avval Toshkent politexnika institutining (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti) “Oliy matematika”, 1991 yildan esa yangi tashkil etilgan Toshkent arxitektura-qurilish institutining “Oliy va amaliy matematika” kafedrasida ishlagan.



R.Abdikarimov 1993-1996 yillarda Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” ixtisosligi boʻyicha kunduzgi doktoranturani tamomlagan.



U 1997-2004 yillar hamda 2007-2011 yillarda Toshkent moliya instituti “Matematika” kafedrasida katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. Bakalavriatura bosqichida talabalarga “Oliy matematika”, “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika”, “Matematik programmalash”, magistratura bosqichida esa “Moliya matematikasi” fanlaridan maʼruzalar oʻqib, amaliy mashgʻulotlar oʻtagan. Uning bugungi kunda yuzlab talaba-shogirdlari iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida mehnat faoliyatini olib bormoqda.



Toshkent moliya instituti rahbariyati 2010 yili R.Abdikarimovga Ilmiy Kengash qarori bilan uning ilmiy va pedagogik faoliyatda erishgan yutuqlarini inobatga olib, “Matematika” kafedrasi faxriy professori ilmiy unvonini bergan.



R.Abdikarimov oʻziga xos tashkilotchilik, tashabbuskorlik, gʻayratlilik, shijoatlilik, boshqaruv qobiliyatlariga ega. U yangi va masʼuliyatli lavozimlarda vijdonan ishlagan. 2004-2006 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida bosh ekspert, ilmiy-nashriyot boʻlimi boshligʻi lavozimlarida faoliyat olib borgan. Davlat test markazi «Axborotnoma» jurnalining ilmiy-metodik jurnal sifatida shakllanishi va nashr etilishini yetuk mutaxassislar B.J.Rajabov va B.F.Nazarovlar bilan birgalikda yoʻlga qoʻygan. U, taʼlim muassasalari, pedagoglar attestatsiyasi va boshqa taʼlim sohasiga tegishli meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqishda  faol ishtirok etgan.



R.Abdikarimov 2007-2011 yillar Toshkent moliya institutida pedagogik faoliyat olib borish bilan bir qatorda jamoatchilik asosida, prorektor lavozimiga tenglashtirilgan, Axborot-nashriyot kompleksi direktori lavozimida ishlagan va unga rahbarlik qilgan. Kompleks tarkibidagi Tahririyat-nashriyot boʻlimi, «IQTISOD-MOLIYA» nashriyoti, bosmaxona va Axborot-resurs markazi oʻrtasida oʻquv adabiyotlarini yaratish va nashr etish ishlarini muvofiqlashtirgan, barcha boʻlim va kafedralar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Oʻquv jarayonini darslik, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va boshqa zaruriy materiallar bilan taʼminlashni tashkil etish, chop ettirish, ularning elektron versiyalarini yaratishda jonbozlik koʻrsatgan.



U Kompleks rahbari sifatida uning tarkibidagi “Moliyachi” gazetasi va “Moliya” ilmiy jurnalining zamon talabidagi davriy nashrlarga aylantirish va ommabop boʻlishida samarali faoliyat olib borgan.



R.Abdikarimov dissertatsiya ishini dastlab professor X.Eshmatov ilmiy maslahatchiligida bajarib boshlagan, ustozi ogʻir kasallikka chalinib qolganidan keyin esa akademik M.Mirsaidov rahbarligida nihoyasiga yetkazgan va 2017 yil «Katta deformatsiyalarni eʼtiborga olgan holda oʻzgaruvchi qalinlikka ega boʻlgan qovushqoq-elastik yupqa devorli konstruksiyalarning dinamik hisobi nazariyasi va usullarini rivojlantirish» mavzusida fizika-matematika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va fan doktori diplomini olgan, 2019 yil esa unga professor ilmiy unvoni berilgan.



R.Abdikarimovning dissertatsiya ishiga sohaning taniqli chet el olimlaridan, xususan, AQSH, Belgiya, Xitoy, Ukraina, Rossiya Federatsiyasidan ijobiy taqrizlar kelib tushgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi sohasidagi akademik T.Rashidov dissertatsiya ishining salmogʻi va salohiyatini yuksak baholagan.   R.Abdikarimov oʻz sohasida chet el olimlari bilan xalqaro ilmiy hamkorlikni namunali yoʻlga qoʻygan va ular bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini jadal suratlarda amalga oshirib, N.I.Vatin (Petr Velikiy nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti professori, Rossiya), Marco Amabili (McGill universiteti professori, Kanada), A.S. Bikovsev (AQSH), A.F.Verlan (Ukraina), V.A.Krisko, A.V.Krisko., M.V.Jigalov, V.G.Dmitriyev,  D.P.Goloskokov, V.M.Jgutov, M.V.Suxoterin, S.O. Barishnikov, T.P. Knish (Rossiya) va boshqa taniqli soha olimlari bilan hammualliflikda ilmiy maqolalar chop ettirib kelayotgan faol izlanuvchilar  sirasidan hisoblanadi.



R.Abdikarimov deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasining eng dolzarb muammolaridan biri bilan shugʻullanib kelmoqda, nazariy jihatidan hamda yechish usullari borasida salmoqli ravishda rivojlantirmoqda. Taʼkidlash joizki, mexanika, nazariy fizika, tibbiyot, ekologiya va boshqa sohalardagi aksariyat dinamik jarayonlarning matematik modellari zaif-singulyar yadroli nochiziqli xususiy hosilali integral-differensial tenglamalar sistemasini tashkil etadi. R.Abdikarimov mazkur tenglamalar sistemasini sonli yechishning samarali usullarini ishlab chiqqan. Xususan, u oʻzgaruvchan qalinlikli qovushqoq-elastik plastinka, panel va qobiqlarning dinamik masalalari uchun umumlashgan matematik modelni yaratgan, olingan zaif-singulyar yadroli nochiziqli integral-differensial tenglamalar sistemasini tegishli turli xil chegaraviy shartlar ostida yechish usullarini rivojlantirgan va tavsiya etgan usullar yordamida yechgan, hisoblash algoritmi va kompyuterda dasturlar majmuasini yaratgan. Yaratgan dasturiy majmui yordamida oʻzgaruvchan qalinlikli qovushqoq-elastik yupqa  qobiqli konstruksiya elementlarining tebranishi va dinamik turgʻunligi masalalarini tahlil qilgan. Yaratgan model, algoritm va dasturiy majmualari oʻzgaruvchan qalinlikli plastinka va qobiqlarning dinamik holatini tahlil qilishda, ularni loyihalashda qoʻllaniladi.



R.Abdikarimovning 200 dan ortiq ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlari eʼlon qilingan, xususan “Oliy matematika” oʻquv qoʻllanmasi, “Некоторые задачи механики с параметрами разрывного типа” (1997 yil) va “Математическое моделирование нелинейных задач о колебаниях и динамической устойчивости вязкоупругих систем” (2005 yil) nomli monografiyalari, “Oliy matematika” (2004 y., 2008 y.), “Moliyaviy matematika” (oʻzbek va qoraqalpoq tillarida) nomli oʻquv qoʻllanmalari hamda  oʻn beshdan ziyod oʻquv-uslubiy qoʻllanmalari, 50 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijda (AQSH, Ispaniya, Vyetnam, Chexiya, Rossiya, Ukraina, Armaniston va boshqa) chop etiladigan ilmiy jurnal va toʻplamlarda nashr etilgan. Qator xalqaro (Palm-Springs, Memfis, Xanoy, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kazan, Vladimir, Krasnoyarsk, Perm, Rostov-na Donu, Kiyev, Xarkov, Lvov va boshqa) va respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.



Industrial and Production Engineering (MPCPE-2020, 2021, 2022), Vladimir State University named after Alexander and  Nikolay Stoletovs, Vladimir, 2nd International Scientific Conference on Socio-Technical Construction and Civil Engineering (STCCE-2021), 21-28 April 2021, Kazan State University of Architecture and Engineering, II ALL-RUSSIAN CONFERENCE WITH INTERNATIONAL PARTICIPATION Deep foundations and geotechnical problems of territories (DFG 2021) IN PNRPU va boshqa yana bir qancha xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarning tashkiliy, dasturiy  qoʻmitalarining aʼzolari boʻlgan.



R.Abdikarimov asosiy vazifalaridan tashqari jamoat ishlarida ham faol qatnashadi. U OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti qoshidagi  hamda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti qoshidagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan ixtisoslashgan kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi. Hozirgi kunda u “Magazine of Civil Engineering”, “Stroitelstvo unikalnqx zdaniy i soorujeniy” (Sankt-Peterburg, Rossiya), “Arxitektura, stroitelstvo, transport” (Tyumen, Rossiya), OʻzR FA “Mexanika muammolari”(Oʻzbekiston) ilmiy jurnallarining tahririyati aʼzosidir.



Uning bevosita ilmiy rahbarligida bir nafar fan doktori, (akademik M.Mirsaidov bilan hamkorlikda) va uch nafar fan nomzodi tayyorlagan. Shuningdek, oʻnlab tadqiqotchilarning fan nomzodligi boʻyicha dissertatsiya ishlariga oʻz maslahatlari bilan yordam bergan.



R.Abdikarimov kompyuter dasturlari majmui uchun 20 tadan ortiq Intellektual mulk agentligining guvohnomalarini olgan.



R.Abdikarimov 2011-2016 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida bosh mutaxassis, Oliy taʼlim muassasalari bosh boshqarmasida Ilmiy-pedagog kadrlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.



U 2017-2021 yillar mobaynida Toshkent moliya instituti “Oliy va amaliy matematika” kafedrasida ishlagan. Bakalavriatda “Iqtisodchilar uchun matematika”, magistraturada “Moliya matematikasi”  fanidan maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib borgan.



R.Abdikarimov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 fevraldagi 32-son qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan oʻtkazib kelinadigan “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” 2021 yilgi Tanlovining “Matematika. Tabiiy fanlar” taʼlim sohasi boʻyicha “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasida Respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan. Uning bunday yutuqqa erishishida  umumiy oʻrta maktabda tabiiy fanlardan saboq bergan Yusup Xayrullayev (matematika), Sobirjon Yusupov (fizika) va Rasul Rashidov (ximiya) kabi qator muallimlarining  hissasi katta, deb hisoblaydi.



R.Abdikarimov 2012 yili uch hafta muddatli Germaniyaga qilgan xizmat  safari davomida bir qancha, asosan, qishloq joʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari, ishlab chiqarishlarda boʻlib, taʼlim tizimini oʻrganib, tajriba orttirib kelgan. Shuningdek, u 2014 yili Amerika Qoʻshma Shtatlarining bir qancha shtatlarida xizmat safarida boʻlib, taʼlim tizimi hamda ingliz tili ikkinchi til sifatida oʻqitilishini oʻrgandi. Xususan, u Vashington (DC)dagi Jorjtaun universiteti, Jorj Vashington universiteti, Viskonsin shtatidagi Viskonsin universiteti, Arizona shtatidagi   Arizona universiteti, Vestern xalqaro universiteti, Shimoliy Karolina universiteti va boshqa shunga oʻxshash ellikdan ortiq maktabgacha, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim, oliy taʼlim, oliy   taʼlimdan keyingi taʼlim, pedagog xodimlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarida boʻlib, taʼlim jarayonining tashkil etilishi, baholash tizimi, taʼlim muassasalarining ishlab chiqarish bilan hamkorligi va boshqa masalalarni oʻrganib qaytgan. U Vashingtonda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasida boʻlgan.



R.Abdikarimov talabalik yillaridan buyon teatr sanʼatiga qiziqadi va bu muhabbat haliyam oʻzi bilan birga.



Shuningdek, u doʻstlari bilan Toshkent shahridagi yozuvchi, olimlarning uy-muzeylari, allomalar qabrlari ziyoratini amalga oshirib keladi. U muntazam ravishda yaqinlari bilan teatrga borishni kanda qilmaydi.         R.A.Abdikarimov hozirgi zamon axborot texnologiyalari imkoniyatlarini yaxshi oʻzlashtirgan, ulardan ilmiy va pedagogik faoliyatida samarali foydalanadi.     U taʼlim jarayoniga alohida mehr bergan tajribali, mohir  pedagog boʻlib, oʻquv jarayonida interaktiv metodlar, pedagogik va axborot texnologiyalarini qoʻllab keladi.



R.Abdikarimov oilali, bir qiz va bir oʻgʻilning otasi, besh nafar nevaraning mehribon buvasi.



Turmush oʻrtogʻi Azizova Venera Sabirovna – sinfdoshi, oliy toifali vrach, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi koʻkrak nishoni sohibasi, Sogʻliqni saqlash boshqaruvi tizimining faxriy yorliqlari bilan bir necha bor taqdirlangan.



Qizi Abdikarimova Dinara – iqtisod fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida kafedra mudiri.



Kuyovi: Safarov Shuxratjon Ismatovich – Toshkent moliya instituti va  Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tugatgan, tadbirkor.



Oʻgʻli Abdikarimov Muzafaar – Toshkent moliya institutini Bank ishi yoʻnalishi boʻyicha, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini marketing mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan, tadbirkor.



Kelini: Abdikarimova Anoraxon Baxodir qizi – Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini radioelektron qurilmalar va tizimlar yoʻnalishi hamda  mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan, adminstrativ menejer.



R.A.Abdikarimov nevaralarining namunali tarbiya, sifatli taʼlim olishlariga, chuqur va mustahkam  bilim egasi boʻlishlariga, ularning unib-oʻsishlariga alohida eʼtibor bilan qaraydi, avlodining kelajagi rivojini ularda koʻradi.       



Bu borada dastlabki muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilgan boʻlib, bugungi kunda katta nevarasi Ismatova Hilolaxon Shuhratjon qizi Angliyada joylashgan Oksford universiteti qoshidagi Xalqaro maktabni tamomlab, keyingi bosqichda (A-level) oʻqishini davom ettirmoqda.



R.A.Abdikarimov Vataniga boʻlgan muhabbati, oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, qatʼiyatligi, talabchanligi, izlanuvchanligi, ijodkorligi, kasbiga boʻlgan sadoqati bilan hamkasb hamda talabalar jamoasi oʻrtasida hurmatga sazovor.