Olim

ABDULLAYEVA MARGʻUBA DUSMIRATOVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Abdullayeva Margʻuba Dusmiratovna 1978-yil 20-yanvarda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Filologiya fanlari doktori, professor. 120 dan ortiq ilmiy, oʻquv-metodik ishlar muallifi. Turkiy adabiyot va tarixiy-nasriy asarlar tadqiqotchisi.   “Tarixiy asarlar badiiyatining qiyosiy tahlili. (“Boburnoma” va “Shajarayi turk” asarlari misolida) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini (2008); “Adabiy-tarixiy asarlarda kichik janrlar poetikasi” (DSc) (2021)  dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U 2019-2021 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Oʻzbek adabiyotini oʻqitish metodikasi” kafedra mudiri lavozimida ishlagan. Hozirgi kunda “Ona tili va adabiyot taʼlimi” fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



Uning 20 ga yaqin kitoblari (monografiya, oʻquv qoʻllanma, darslik va b.) chop etilgan.



M.Abdullayeva ilmiy va pedagogik faoliyati davomida xalqaro miqyosdagi anjumanlarda, loyihalarda faol ishtirok etib keladi. 2021-2023-yillarga moʻljallangan ERASMUS+ dasturining “INTERNATIONAL GREDIT MOBILITY. “Alisher Navoiy asarlarini tarjima qilinishi va ularning xorijda oʻqitilishi” loyihasi ishchi guruhida ishtirok etgan.



U Anqara Gʻozi universiteti rahbariyati taklifiga binoan Turkiyada ilmiy-metodik stajirovka oʻtagan. Gʻozi universiteti Taʼlim fakultetining hamkorlikda amalga oshiradigan ilmiy tadqiqotlari, hamkorlikda oʻtkaziladigan Taʼlim xalqaro simpoziumi, talabalar almashinuvi, magistrant va doktorantlarning ilmiy ishlariga hamkorlikda rahbarlik qilish, professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻtiladigan oʻquv kurslari tashkil qilish boʻyicha samarali faoliyat olib bormoqda.



Margʻuba Abdullayeva 2023-yilda “Uluslararo Bobur shoh konferensiyasi”da Turksoy uluslararo turk madaniyati tashkilotining sertifikatini olgan. U 2024-yilda Turksoy Akademiyasi loyihalari tanlovida ishtirok etib, “Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarning samarali integratsiyasi: til oʻqituvchilarining kasbiy malaka oshirish (qozoq, qirgʻiz, oʻzbek tillarida)” mavzusida amaliy loyihada faoliyat olib bormoqda.



Qozogʻiston Respublikasi Nazarboyev Universitetida boʻlib oʻtgan “Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarning  taʼlim va til oʻqitish, ilmiy tadqiqotlar sohasida samarali integratsiyasi” mavzusidagi seminarda xalqaro mutaxassislar qatorida faol ishtirok etdi.



Rossiya, Ufa, Turkiya davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda maqola va tezislari bilan ishtirok etgan. 2017-yildan buyon universitetda oʻtkaziladigan “Alisher Navoiy va XXI asr” anʼanaviy xalqaro ilmiy-nazariy anjumani hamda “Global taʼlim va milliy metodika taraqqiyoti” anʼanaviy-amaliy konferensiya tashkilotchilaridan biri.



Universitetda oʻtkazilgan koʻplab tanlov va tadbirlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikasida faoliyat yuritayotgan oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilari uchun tashkil etilgan seminar-treninglarda “Mumtoz asarlarni oʻqitish muammolari” mavzusida maʼruzalar qilgan.



Oʻzbekiston-24, Madaniyat va maʼrifat, Yoshlar, Oʻzbekiston tarixi telekanallarida davlat tili, mumtoz adabiyot namoyandalari ijodini oʻrganish boʻyicha hamda Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xoja hayoti va ijodiga bagʻishlangan telekoʻrsatuvlarda ilmiy tadqiqotlari, ijodiy ishlari bilan qatnashgan. Mumtoz adiblar haqida ishonchli faktik materiallar, ilmiy tahlillarni amalga oshirgan.



Taʼkidlash joizki, Abdullayeva Margʻuba Dusmiratovna adabiyotshunoslikda kam oʻrganilgan tarixiy asarlar poetikasi boʻyicha muhim tadqiqotlarni amalga oshirgan. Jumladan, “Toʻrt ulus tarixi” adabiy manba sifatida”, “Alanquvo haqidagi syujetlarning qiyosiy tahlili”, “Adabiy-tarixiy asarlarda kichik janrlar poetikasi” nomli tadqiqotlari adabiyotshunoslikda yangi syujetlarni tadqiq etishga xizmat qilgan.



Margʻuba Abdullayeva samarali ilmiy va pedagogik faoliyati uchun “Alisher Navoiy nomidagi” medal bilan taqdirlangan (2022). Koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Faxriy yorliq” bilan taqdirlangan (2020).  Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining oʻttiz yilligi munosabati bilan “Til millat mulki” mavzusida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni yuqori saviyada oʻtkazishga qoʻshgan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Faxriy yorligʻ”i berilgan.



Toshkent shahar Xotin-qizlar “Olima” uyushmasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan yosh, iqtidorli, ilmga chanqoq qizlarning ilmiy izlanishlarini gullab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, respublikada keng namoyish qilish hamda ularning ilm-fanga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida oʻtkaziladigan “Ilm yulduzlari” IV-Respublika intellektual koʻrik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida “Eng mohir milliy qadriyatlar targʻibotchisi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.



UZA tashabbusi bilan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Bobur hayoti va faoliyatiga doir “Bir qoʻlda moʻyqalam-u, bir qoʻlda toj” mavzusida videolavha tayyorlandi. Intervyuda boburiylar davri tarixi, adabiyoti va madaniyati bilan bogʻliq yangi tahliliy materiallar berilgan. Bundan tashqari Margʻuba Abdullayevaning mumtoz adabiyot namoyandalari hayoti va ijodiga oid 10dan ortiq videodarslari Youtube kanaliga joylashtirilgan. (https://www.youtube.com/watch?v=w9Up_cz92Bk&t=35s )




  • oʻquv jarayonini uslubiy jihatdan taʼminlashda ishtirok etib keladi. U zamonaviy talablarni hisobga olgan holda 60111400 – Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida “Oʻzbek adabiyoti”, 70111401- Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi magistratura ixtisosligida “Mumtoz tarixiy poetika”, “Adabiy taʼlimda innovatsion yondashuv” kabi fanlar uchun fan dasturlari, ishchi oʻquv dasturlari, oʻquv-uslubiy majmualar, sillabuslar tayyorlagan va ular oʻquv jarayoniga joriy etilgan. M.Abdullayeva Respublika oliy oʻquv yurtlari Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi magistratura ixtisosligi boʻyicha “Mumtoz tarixiy poetika” va “Adabiy taʼlimda innovatsion yondashuv” nomli oʻquv qoʻllanmalar tayyorlagan va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrugʻi bilan nashr etilgan, amaliyotga tatbiq etilgan.



Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari boʻyicha komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston maʼnaviy taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining ahamiyati” mavzusida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda “Bobur hayoti – ibrat maktabi” mavzusida maʼruza qilgan.