Nodirjon Abduraxmonovning umumiy ish faoliyati 31 yil, ilmiy va pedagogik ish faoliyati 26 yil, jumladan ilmiy ish faoliyati 24 yil, hozirgi lavozimidagi ish faoliyati 10 yil.
2005-yilda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi D180.20.01 raqamli Ixtisoslashgan kengashda “Turkiston togʻ tizmasi togʻ oldi va osti tekisliklarining lalmi tuproqlari va ularning unumdorligini baholash (Jizzax viloyati chegarasida)” mavzusida 03.00.27–“Tuproqshunoslik” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik, 2019 yilda Botanika instituti va Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc 27.06.2017.V.39.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengashda “Sugʻoriladigan va lalmi tuproqlar unumdorligini baholashning ilmiy asoslari” mavzusida 03.00.13-“Tuproqshunoslik” ixtisosligi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi «Tuproqshunoslik» ixtisosligi boʻyicha 2010 yilda katta ilmiy xodim, 2022 yilda professor ilmiy unvonida tasdiqlagan.
1998 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning Biologiya-tuproqshunoslik fakultetini Tuproqshunoslik va agrokimyo mutaxassisligi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
2000-2002 yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot davlat institutida aspiranturada tahsil olgan.
1998-2004 yillarda oʻrindoshlik asosida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti «Tuproqshunoslik va dehqonchilik» kafedrasi oʻqituvchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
2003-2015 yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot davlat instituti «Tuproq unumdorligini boshqarish va baholash» boʻlimida kichik, katta va yetakchi ilmiy xodimi lavozimlarida ishlagan.
2015 yildan buyon Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda.
2020-2023-oʻquv yillarida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universitetining «Tuproqshunoslik» kafedrasida tashqi oʻrindosh sifatida talabalarga «Tuproqshunoslik», «Tuproq kimyosi», «Tuproq bonitirovkasi» hamda «Voha tuproqlar genezisi va evolyutsiyasi» kabi fanlardan maʼruzalar oʻqidi va amaliy mashgʻulotlar olib bordi.
2023-2024-oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universiteti “Agrokimyo va tuproqshunoslik” kafedrasida tashqi oʻrindosh sifatida talabalarga tuproq bonitirovkasining ilmiy asoslari, tuproq bonitirovkasi va xaritalash, tuproqshunoslik va agrokimyoda barqaror rivojlanish kabi fanlardan maʼruzalar va amaliy mashgʻulotlar olib bormoqda.
Uning ilmiy izlanishlari sugʻoriladigan va lalmi tuproqlarni hosil boʻlishi, rivojlanishi, evolyutsiyasi qonuniyatlarini, unumdorlikni shakllanishida omil va sharoitlarning rolini aniqlash; tuproq unumdorligini chegaralovchi salbiy jarayonlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish; tuproq unumdorligini baholash uslublarini takomillashtirish; tuproqlar unumdorligini baholash orqali yer egalarini ishonchli maʼlumotlar bilan taʼminlash; personallashtirilgan qishloq xoʻjaligi konsepsiyasini tatbiq etish orqali yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy yechimlar ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi.
N.Yu.Abduraxmonov Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida bajarilgan jami 4 ta amaliy va 1 ta fundamental loyihalarga rahbarlik qilgan, shuningdek bir nechta fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarda masʼul ijrochi sifatida ilmiy faoliyat yuritgan.
«Sugʻoriladigan tuproqlarning evolyutsiyasi va tuproq unumdorligini boshqarishning nazariy asoslarini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyiha doirasida Respublikamizning turli regionlarida sugʻoriladigan tuproqlarning vujudga kelishi, shakllanishi, unumdorlik darajasiga tuproq paydo qiluvchi omillarning taʼsiri va bu jarayonda har bir omilning roli aniqlangan. Tabiiy tuproq hosil qiluvchi omillarning quruq va oʻta quruq regionlarda sugʻorish jarayonida bir muncha nivelirlashishi va yetakchi omil sifatida inson faoliyati namoyon boʻlishi koʻrsatildi. Tuproq paydo boʻlishida kechadigan elementar jarayonlar batafsil yoritilib, sugʻoriladigan tuproqlarda elementar jarayonlar natijasida namoyon boʻluvchi tuproqlarning xossa va xususiyatlari ochib berilgan. Sugʻoriladigan tuproqlarning vujudga kelishida shoʻrlanish va shoʻrsizlanish, loylanish, shoʻrtoblanish, organik qoldiqlarning parchalanishi, mineralizatsiyasi va gumus toʻplanishi kabi jarayonlarning roli aniqlangan.
Bu jarayonlar natijasida tabiiy tuproqlardan farqli oʻlaroq, odatda yuqori unumdorlik, muayyan xossa-xususiyatlarga ega boʻlgan yangi tabiiy tana – voha tuproqlarining paydo boʻlishi va rivojlanishining nazariy jihatlari tahlil qilingan. Asosiy sugʻoriladigan tuproqlarning unumdorlik parametrlari oʻrganilib, ularning qishloq xoʻjalik ekinlaridan hosil yetishtirishdagi roli aniqlangan.
Tuproq unumdorligini tashkil etuvchi omillar guruhlarga ajratilib, agroiqlim, genetik-geografik, agrokimyoviy, agrofizikaviy, bioekologik bloklarga boʻlingan. Har bir tuproq unumdorligida muhim oʻrin tutgan xossa va xususiyatlarining optimal va real koʻrsatkichlari belgilangan. Uning asosida boʻz-voha, sugʻoriladigan tipik boʻz, oʻtloqi tuproqlarning unumdorligi modellari yaratilgan. N.Yu.Abduraxmonov rahbarligida 2006-2019-yillar mobaynida davlat buyurtmasi asosida moliyalashtiriladigan respublikadagi mavjud fermer xoʻjaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilar sugʻoriladigan qishloq xoʻjalik yerlarining tuproq kartalarini tuzish va tuproqlarini baholash boʻyicha amaliy tadqiqotlar bajarilgan. Mazkur tadqiqotlar natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi mavjud fermer xoʻjaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilar sugʻoriladigan tuproqlarining ball boniteti yangidan aniqlangan hamda massivlarning 1:10000 va paxta gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarining 1:5000 masshtabli tuproq sifatini baholash kartalari tuzilib, belgilangan tartibda amaliyotga tatbiq etilgan. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida koʻplab fermer xoʻjaliklari bilan xoʻjalik shartnomalari asosida ularga tegishli yer maydonlari tuproqlarining xossa-xususiyatlarini aniqlash, meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish hamda yerlardan samarali foydalanishga qaratilgan tadqiqotlar olib borgan va yerdan foydalanuvchilarga zaruriy kartografik materiallar va tavsiyalar ishlab chiqib taqdim etgan.
Ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq ilmiy ishlar eʼlon qilgan, jumladan olim hammuallifligida “Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining sugʻoriladigan tuproqlari” (Toshkent, 2005 y. -266 b.), “Sugʻoriladigan tuproqlarning evolyutsiyasi va unumdorligi” (Toshkent, 2015 y. -212 b.), “Tuproq unumdorligi va uni boshqarishning ilmiy asoslari” (Toshkent, 2017 y. -120 b.), “Fargʻona vodiysi sugʻoriladigan tuproqlarining xossalari, ekologik-meliorativ holati va mahsuldorligi” (Toshkent, 2017 y.
-328 b.), “Orol boʻyi hududlarining tuproq resurslari va ulardan foydalanishning ilmiy asoslari” (Toshkent, 2020 y. -204 b.) hamda “Mirzachoʼlning sugʻoriladigan tuproqlari va ularning meliorativ holati” (Toshkent, 2023 y. -98 b.) nomli monografiyalar, shuningdek 10 tadan ortiq uslubiy va oʻquv qoʻllanmalar hamda 20 tadan ortiq tavsiyanomalar tayyorlanib ishlab chiqarishga joriy qilingan.
N.Y.Abduraxmonov «Ustoz-shogird» tizimidagi ishlarni yaxshi yoʻlga qoʻygan boʻlib, Institutdagi doktorantlar, tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilari hamda OʻzMUning magistratura va bakalavriat talabalariga zaruriy taklif va tavsiyalar hamda koʻrsatmalar berib kelmoqda. Jumladan, 4 nafar falsafa doktori va 2 nafar magistr tayyorlagan, hozirda 6 nafar tadqiqotchilarining doktorlik dissertatsiyasi ishi boʻyicha ilmiy rahbarlik va ilmiy maslahatchilik qilib kelmoqda.
2017-2019 yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01 raqamli qishloq xoʻjaligi va biologiya fanlari boʻyicha fan doktori va falsafa doktori ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashning ilmiy kotibi va Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar aʼzosi sifatida samarali mehnat qilgan.
2020 yildan buyon Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01 raqamli qishloq xoʻjaligi va biologiya fanlari boʻyicha fan doktori va falsafa doktori ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengash raisi oʻrinbosari va Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi sifatida mehnat qilmoqda, shuningdek, 2019 yildan buyon Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/30.12.2019.B.05.03 raqamli biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining tegishli buyruqlari asosida “Oʻrmon xoʻjaligi, tuproqshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha Ilmiy-texnik kengash aʼzosi hisoblanadi.
N.Y.Abduraxmonov oʻtgan davr ichida turli xalqaro grantlar doirasida qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish maqsadida Turkiya (2013 y.), AQSh (2014 y.) va Niderlandiya (2024 y.) davlatlarida xizmat safarida boʻlgan.
2016-yil u «OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGIGA 25 YIL» esdalik nishoni bilan taqdirlangan
U siyosiy jihatdan barkamol, maʼnaviy yetuk, oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, qishloq xoʻjaligi, xususan, tuproqshunoslik sohasiga fidoyiligi bilan keng jamoatchilik orasida katta hurmat qozongan, oilali, 2 farzandning mehribon otasi.