Abduraxmonova Nilufar Zaynobiddin qizi 1987-yil 24-aprelda Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida tugʻilgan. Millati – oʻzbek.
1994-2003-yillarda Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi 5-sonli oʻrta maktabni imtiyozli tamomlagan.
2003-2005-yillari Andijon viloyati Andijon shahri ADU qoshidagi 11-sonli litsey-internatini imtiyozli diplom bilan bitirgan.
2005-2009-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.
2007-yilda OʻzMU stipendianti va iqtidorli talabalar uchun beriladigan Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmasi federatsiyasi stipendianti boʻlgan.
2009-2010-yillarda Olmazor tumani Politexnika kasb-hunar kollejida ilk pedagogik faoliyatini boshlagan.
2009-2011-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetida magistratura mutaxassisligida tahsil olgan va imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
2010-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti yosh olimlar uchun beriladigan loyihalar tanlovida sovrindor boʻlgan. Mashina tarjimasiga oid tadqiqoti 2011-yil Respublika innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar koʻrgazmasida namoyish etilgan.
2011-2012-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetida “Til nazariyasi va amaliyoti” kafedrasining stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchisi boʻlgan.
2012-2016-yillarda turli respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida “Eng yaxshi innovatsion gʻoya”, “Eng yaxshi maqola muallifi”, “Eng dolzarb gʻoya muallifi” nominatsiyalari sohibasi boʻlgan. 2016-2017-yillarda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasi tayanch doktoranturasini tamomlagan.
2016-2021-yillarda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida dotsent lavozimida ishlagan.
2018-yilda f.f.d., prof. H.Dadaboyev ilmiy rahbarligida “Inglizcha matnlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish dasturining lingvistik taʼminoti” mavzusida 10.00.11- Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini, 2021-yili “Oʻzbek tili elektron korpusining kompyuter modellari” mavzusida DSc doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2023-yilda 10.00.11-Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvonini olgan.
2018-yili “El-yurt umidi” (Isteʼdod) fondining stipendiati sifatida Kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi va tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) kurslari boʻyicha Litvaning Vitautas Magnus universitetida malaka oshirib, aʼlo darajali sertifikat bilan tamomlagan.
2017-2021-yillar uchun N.Abduraxmonova “Markaziy Osiyo universitetlarida sohalararo magistratura dasturini rivojlantirish-CLASS” deb nomlangan xalqaro Erasmuz+loyihasining universitet koordinatori boʻlgan.
2017-2019-yillar uchun Qozogʻistondagi Gumilyov nomidagi Yevroosiyo universitetining “AP05132249 Разработка электронных тезаурусов тюркских языков для создания систем многоязычного поиска и извлечения знаний” nomli xalqaro loyiha ishtirokchisi boʻlgan.
2018-yilda Ispaniyaning Koruna universitetida xalqaro Erasmus+ loyihasi doirasida Kompyuter lingvistikasi boʻyicha malakasini oshirib, sertifikatni qoʻlga kiritgan.
2019-yili Polshaning Adam Miskievich universitetida NLP boʻyicha Erasmus+ loyihasi doirasida malaka oshirgan.
2019-yili “100 ta eng yaxshi innovatsion loyihalar” nomli tanlovining “Eng yaxshi maʼlumotlar bazasi” nominatsiyasi boʻyicha Respublika bosqichida gʻolibasi boʻlgan. Shu nominatsiya boʻyicha Koreya olima ayollar assotsiatsiyasining maxsus sertifikatini qoʻlga kiritgan (2019).
2019-yili Fransiyaning Parij shahrida YUNESKO tomonidan oʻtkazilgan “Til texnologiyasi hamma uchun” (Language technology for all) xalqaro konferensiyasining til sohasi boʻyicha ekspert boʻlgan.
2017-2021-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Kompyuter lingvistikasi laboratoriyasining rahbari sifatida faoliyat olib borgan.
N.Abduraxmonova rahbarligida 2020-yilda Oila va mahalla ilmiy tadqiqot instituti tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida https://uzbekcorpus.uz/ nomli oʻzbek tilining korpusi yaratilgan.
2020-yil N.Abduraxmonova rahbarligida ikki nafar talaba nomdor stipendiya (I.Karimov nomidagi va Alisher Navoiy nomli) sohiblari boʻlgan.
Shuningdek, N.Abduraxmonova 2021-yili “Qadring baland baland boʻlsin, ona tilim” nomli tanlovining Respublika bosqichida 2-oʻrin sohibasi boʻlgan.
2021-2023-yili N.Abduraxmonova Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Yangi avlod oʻquv lugʻatlari va ularning mobil ilovasini yaratish” nomli amaliy loyihada ishtirok etgan.
N.Abduraxmonova har yili oʻtkaziladigan ‘‘Kompyuter lingvistikasining zamonaviy texnologiyalari- CTCL.2024” nomli xalqaro konferensiyasining doimiy moderatori hisoblanadi. Shuningdek, u Skopus bazasiga indekslanuvchi bir nechta xalqaro konferensiyalarning dastur aʼzosidir:
Endilikda Nilufar Abduraxmonova Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti Kompyuter lingvistikasi va amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat olib bormoqda.
Olima dunyoning 1000 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy universitetlarida kompyuter va korpus lingvistikasi boʻyicha maʼruzalar oʻqigan: Qozon Federal universiteti (2020, onlayn), Novosibirsk universiteti (2021, Rossiya), Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti (2022, Qozogʻiston), Al Farobiy nomidagi qozoq milliy universiteti (2023, Qozogʻiston), Puate universiteti (2023, Fransiya).
4 ta monografiya, 5 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta darslik, 1 ta uslubiy qoʻllanma, xorij va respublika nashrlarida eʼlon qilingan 400 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etgan, 30 dan ortiq dasturiy taʼminot va maʼlumotlar bazasi uchun mualliflik guvohnomalarini qoʻlga kiritgan.
Darsliklar: Kompyuter lingvistikasi (2021), Korpus lingvistikasi (2023), Sotsiolingvistika (2024, hammualliflikda), Kompyuter lingviktikasina kiriw (2024, hammualliflikda (qoraqolpoq tilida));
Oʻquv qoʻllanmalar: Mashina tarjimasining lingvistik asoslari (2012), Oʻzbek tilidan universal qoʻllanma (2013, hammualliflikda), Ontology and semantic technologies (2020, xorijiy olimlar hammuallifligida), Tabiiy tillar jarayoni uchun dasturlash (Python) (2023, hammualliflikda), Ontologiya va semantik texnologiyalar (2024, hammualliflikda);
Monografiyalar: Mashina tarjimasining lingvistik taʼminoti (2018), Oʻzbek tili elektron korpusning kompyuter modellari (2021), Kompyuter leksikografiyasida ontologiya (2023, hammualliflikda);
Lugʻatlar: Inglizcha-oʻzbekcha feʼlli frazemalar lugʻati (2017), Oʻzbek tili omonimlarining oʻquv lugʻati (2022, hammualliflikda), Kon-sanoat sohasidagi terminologik birliklarning tarjima lugʻati (2023, hammualliflikda);
Sheʼriy kitob: Biz kutgan bahor (2004).
Oilali, uch farzandning onasi.
Shu kungacha N.Abduraxmonova rahbarligida 3 nafar PhD, 20 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.