1966 yil Samarqand viloyati, Poyariq tumanidagi 14-internat-maktabida badiiy rahbar va kutubxonachi lavozimida mehnat faoliyatini boshlagan.
1976 yili Toshkent davlat universitetining falsafa fakultetini tugatganidan soʻng, yoʻllanma asosida, Toshkent davlat meditsina institutida ijtimoiy fanlar kafedrasida oʻqituvchi lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirgan. 1976-1997 yillar ichida Abilov U.M. mazkur institutda katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri, professor va tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektor lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1998-1999 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining millatlararo masalalar boʻyicha konsultanti va 1999-2000 yillari Ommaviy axborot vositalari bilan ishlash markazi Milliy mafkura va tafakkur masalalari guruhining yetakchi konsultanti, 2000 yilning may oyigacha jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmati Maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha guruhining yetakchi konsultanti. 2001-2004 yillari Ikkinchi Toshkent Davlat tibbiyot instituti maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha birinchi prorektori. 2004 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiy taʼlimni rivojlantirish markazining direktor oʻrinbosari, 2020-2022 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha vazir maslahatchisi lavozimlarida va 2022 dan hozirgacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Ijtimoiy fanlar kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻ.M.Abilov mamlakatimizda oliy malakali kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiya qilish ishlariga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. U uzoq yillar mobaynida falsafa fanidan ixtisoslashgan kengash aʼzosi boʻlib, yurtimizga salohiyatli fan nomzodlari va doktorlari yetishtirishga munosib hissa qoʻshdi. Shu choqqacha uning rahbarligida 11 ta fan nomzodi, 1 fan doktori va 5 ta magistr dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Abilov Oʻ.M. 2012- 2014 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasida tashkil qilingan “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ilmiy asoslari” predmeti boʻyicha imtihon komissiyasi aʼzosi.
Oʻ.M.Abilov mehnat faoliyatini ilmiy izlanishlar bilan chambarchas bogʻliqlikda olib boradi. U 1988 yili “Ijtimoiy optimizm – turmush tarzining muhim belgisi sifatida” mavzusida nomzodlik, 1994 yili “Mustaqil Oʻzbekiston tarixiy taraqqiyoti hozirgi bosqichining optimistik mohiyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U ijtimoiy falsafa, milliy mafkura, mustaqillik va uning optimistik mohiyati yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borib, mazkur sohalarga oid 350dan ziyod ilmiy va ommabop ijodiy ishlari, shuningdek 7 ta falsafa, mantiq hamda siyosatshunoslik fanlariga oid oʻquv darsliklari nashr qilingan. Uning “Ортимизм и пенссимизм в динамике развития научно-философской мысли”. Tashkent. “FAN” Uzb. 1992, “Nezavisimost i optimizm” Tashkent. “FAN” Uzb. 1997, «Milliy gʻoya: maʼnaviy omillar. Toshkent "Maʼnaviyat"-1999», «Oʻzbekiston taraqqiyotining optimistik ruhi. “Istiqlol” Toshkent 2003», «Tibbiyot xodimlari maʼnaviyati» (mualliflar hamkorligida), Toshkent. “Yangi asr” 2014, “Tibbiy atamalar izohli lugʻati”, (hammualliflikda) Toshkent. “Yangi asr” 2021, “Oʻzbekiston taraqqiyoti: optimizm, maʼnaviyat, mafkura va tafakkur evolyutsiyasi” Toshkent. “Fan ziyosi” 2022, “Optimistik evolyusiya: tafakkur, maʼnaviyat, mafkura”. Toshkent. “Fan ziyosi” 2023 kabi kitoblari keng jamoatchilikning eʼtiboriga sazovor boʻlgan.
U 2010 yili Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.