Olim

ABDAZIMOV ANVAR DANIYAROVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Texnika fanlari doktori, professor Abdazimov Anvar Daniyarovich 1953-yilda Toshkent viloyati Toshkent tumani Gʻishtkoʻprik mahallasida tugʻilgan. 1970-yilda Toshkent tumanidagi 37-oʻrta maktabni tugatib, shu yili Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika instituti (ToshPI), hozirda Toshkent davlat texnika universiteti (ToshDTU) ning mexanika fakulteti kechki boʻlimiga oʻqishga kirdi. Kunduzi OʻzFA Mexanika va ISM ilmiy-tadqiqot institutida laborant, slesar boʻlib, keyinchalik 1972 y. dan Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya IChBda texnik nazoratchi boʻlib ishladi. 1972-74 yy.da harbiy xizmatda boʻldi. Xizmatdan soʻng oʻqishni ToshPIning kunduzgi boʻlimida davom ettirdi va 1978-yilda “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” mutaxassisligini imtiyozli diplom bilan tugatdi va Mexanika fakulteti “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” kafedrasida ishga olib qolindi. Dastlab kafedra assistenti lavozimida faoliyat yuritdi, soʻngra aspiranturada taʼlim oldi.



1983-yilda aspiranturani tamomlab katta ilmiy xodim lavozimida ishladi. 1984-yilda OʻzQXFA muxbir aʼzosi, t.f.d., professor Sadriddinov A.S.  ilmiy rahbarligida ToshPI huzuridagi K 067.03.10 Ixtisoslashgan kengashda 05.20.04 – «Qishloq xoʻjaligi va gidromelioratsiya mashinalari» ixtisosligi boʻyicha «Исследование и разработка механизма регулирования рабочей щели хлопкоуборочного аппарата в процессе сбора» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi tasdiqlandi.



Ilmiy ishlardagi muvaffaqiyatlari uchun 1981 yilda bir guruh yosh olimlar qatorida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining mukofotiga sazovor boʻldi.



1987-yilda “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” kafedrasi dotsenti ilmiy unvonini oldi. 1985-89 yy.da “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” kafedrasi dotsenti, bir vaqtda «Traktor va qishloq xoʻjalik mashinasozligi» fakulteti dekani muovini (1986-87yy.) lavozimida ishladi. 1989-1997yy. va 1999-2015yy. davomida ToshDTU «Qishloq xoʻjalik mashinasozligi», keyinchalik «Yer usti transport tizimlari» kafedrasining mudiri, 2008-2009 yy.da ToshDTU Ilmiy kengashi kotibi, oʻrindoshlik asosida «EUTT va servisi» kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritdi.



2007-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti huzuridagi ilmiy kengashida 05.20.01 – «Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalash» ixtisosligi boʻyicha «Terish jarayoni va apparati parametrlarini boshqarish bilan paxta terish mashinalari samaradorligini oshirishning ilmiy-metodologik asoslari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.



 



Abdazimov A.D. shogirdlari bilan yaratgan vertikal shpindelli paxta terish mashinasi(PTM)ning asosiy ishchi organlar (gʻoʻzani ishchi kameraga kirituvchi mexanizmli shpindelli baraban, ishchi tirqishni rostlash mexanizmi va b.) bilan jihozlash dastlabki davlat sinovlari natijalariga koʻra PTM ish tezligini 50% ga, bunkerga tushayotgan paxta miqdorini 90% gacha oshirish va terim apparati asosiy rostlashlarini avtomatlashtirish hisobiga mehnat sarfi va davriyligini kamaytirish imkonini berdi, ularning konstruktorlik hujjatlari tatbiq qilish uchun qabul qilingan va oʻz vaqtida OʻzR Idoralararo komissiyasining qarori bilan sanoat namunalari ishlab chiqarishga tavsiya qilingan.



2015 — 2018 yy. da ToshDTU “Qishloq xoʻjalik texnikasi” (08.2017 dan “Yer usti transport tizimlari”) kafedrasi professori, 2018-2019yy. — ToshDTU «YEUTT» kafedrasi mudiri v.v.b., hozirgi vaqtda ToshDTU «YEUTT» kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.



Prof. Abdazimov A.D. kafedra mudiri sifatida oʻz faoliyatini dastlabki yillaridanoq kafedraning moddiy-texnik bazasini yangilash, yangi zamonaviy oʻquv laboratoriyalarini tashkil qilish, davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari, fanlarning namunaviy dasturlarini yaratishda faol ishtirok etib keldi. Uning bevosita rahbarligi va ishtirokida 90-yillarda oʻquv rejalarga yangi kiritilgan “Avtomobil va traktorlarning avtomatik boshqarish tizimlari nazariyasi” va “Qishloq xoʻjalik mashinalarini avtomatlashtirish” oʻquv fanlari laboratoriya xonasi tashkil etildi va uni avtomatlashtirishning texnik vositalarini tajribalarda tekshirish imkonini beradigan laboratoriya stendlari va faol koʻrgazmali vositalar bilan jihozlandi. Bunda Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshlagan AQSHning “CASE” va GFR ning “CLAAS” kompaniyalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalaridan foydalanilgan holda ulardan oʻquv materiallari elektron versiyalari, oʻquv videofilmlar, slaydlar, shuningdek, ushbu firmalar mashinalari maketlari, multimedia proyektori, elektron doska kabi oʻquv jihozlari homiylik asosida olindi. “CLAAS” kompaniyasi oʻquv markazi bilan hamkorlikda kafedrada 2 marta oʻquv seminarlar tashkil qilindi.



Kafedra mudiri Abdazimov A.D. mutaxassislik fanlarining dasturlari va oʻquv-uslubiy majmualari yangi talablar boʻyicha qaytadan ishlab chiqishda, talabalari oʻqitish jahon andozalariga mos modul-kredit tizimiga oʻtishi munosabati bilan ushbu tizim asosidagi bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura ixtisosliklari, shuningdek, xorijiy OTM (BelMTU, DonDTU va b.) bilan hamkorlikda 2+2 tizimda bakalavrlar, 1+1 tizimda magistrlar tayyorlash oʻquv rejalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.



Abdazimov A.D. kafedra mudiri sifatida kafedraning moddiy-texnik bazasi yangilash boʻyicha universitet rahbariyati tomonidan qoʻllab quvvatlangan saʼy harakatlari bilan sobiq “Oʻzagrosanoatmash-xolding” (boshqaruv raisi-prof.Matchanov R.D.) homiyligida 20 dan ziyod zamonaviy qishloq xoʻjalik mashinalari bilan jihozlash, shuningdek, “GM Uzbekistan”, “SamAvto” va “MAN Avto” qoʻshma korxonalari tomonidan oʻquv ishlari uchun koʻrgazmali vosita sifatida foydalanish uchun homiylik yordami sifatida yengil va yuk avtomobillarining ehtiyot qismlarini olib kelish va ulardan oʻquv ilmiy tadqiqot stendlarini tashkil qilish ishlariga rahbarlik qildi.



Olib kelingan ushbu ehtiyot qismlar asosida mutaxassislik fanlaridan kafedra professor-oʻqituvchilari tomonidan talabalar ishtirokida oʻquv koʻrgazmali jihozlar va laboratoriya stendlari tayyorlandi. Keyingi yillarda homiylar bilan olib borilgan ishlar natijasida “Toshkent qishloq xoʻjalik texnikalari zavodi (TQXTZ)” AJ homiylik yordami natijasida yangi MX-1,8 paxta terish mashinasi, ”TexnologMash” AJ tomonidan SKO-3,6 kurak terish mashinasi kapital taʼmirlab berildi, toʻrt qatorli yangi MX-2,4 PTM tajriba nusxasini tayyorlashda yordam koʻrsatildi. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan TD 60-10 rusumdagi zamonaviy traktor kafedraga taqdim qilindi.



Oʻquv va ilmiy faoliyati davomida A.D.Abdazimovning 250 dan ziyod ilmiy ishlari nashr qilingan, shu jumladan, 5 ta monografiya, 18 ta ixtiro va foydali modelga patentlar, 5 ta dasturiy mahsulotga mualliflik guvohnomalari, 5 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar, 12 ta uslubiy qoʻllanma, soʻnggi yillarda xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda 30 dan ziyod maqolasi, jumladan, “Scopus” bazasiga kiruvchi jurnallarda 8 ta maqolasi chop etilgan.



A.D. Abdazimov rahbarligida 2 fan nomzodi, 1 texnika fanlari falsafa doktori(PhD) va 26 nafar magistrlar tayyorlandi, uning rahbarligidagi 1 mustaqil tadqiqotchi PhD uchun dissertatsiyasini himoyaga Ixtisoslashgan kengashga topshirdi. Hozirda A.D. Abdazimov 3 nafar mustaqil PhD izlanuvchisiga va 4 nafar magistrantga rahbarlik qilmoqda.



Hozirda A.D.Abdazimov kafedradagi mutaxassislik fanlaridan oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni yangilashda hamda yangi mutaxassislik fanlarini oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlashda samarali qatnashmoqda. Jumladan, oxirgi 5 yillikda “YEUTT” kafedrasi hamkasblari va shogirdlari bilan hammualliflikda bakalavriat talabalari uchun “Texnik tizimlarni boshqarish”, “Mashinalarni sinash asoslari”, “Paxta terish mashinalari nazariyasi va loyihalash” fanlari, shuningdek, “Kurs loyihasi va bitiruv malakaviy ishini tayyorlash” boʻyicha 1 ta darslik va 3 ta oʻquv qoʻllanma hamda “Eksperiment rejalashtirish va statistik tahlil” fanidan magistratura talabalari uchun 2 qismdan iborat darslik yaratdi.



A.D.Abdazimov davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan 2 mavzudagi ilmiy amaliy dasturda masʼul ijrochi va 3 mavzudagi innovatsion loyihalarda ilmiy rahbar sifatida ish olib bordi. Ushbu loyihalarning natijalari tegishli ishlab chiqarish va loyiha konstruktorlik muassasalarida joriy qilingan va shogirdlari himoya qilgan dissertatsiya ishlarida oʻz aksini topgan.



A.D.Abdazimov 2018-yil may-iyun oylarida O‘zR Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi tanlovida g‘olib bo‘lib jamg‘arma stipendianti sifatida RF Sankt-Peterburg davlat agrar universiteti (SPbDAU) da malaka oshirishda bo‘ldi. Malaka oshirish “Автомобили, тракторы и сервис” kafedrasi va “Академия менежмента и агробизнеса” malaka oshirish markazida, ushbu markaz rahbariyati tasdiqlagan dastur asosida tashkil etildi. Malaka oshirish uchun sharoitlar, SPbDAU rahbariyati va kafedralar mudirlari va professorlarining munosabatlari yuqori darajada bo‘ldi, malaka oshirish dasturi to‘liq hajmda bajarildi, hisoboti “Iste’dod” jamg‘armasiga taqdim qilindi. Dasturda ko‘zda tutilgan ko‘plab o‘quv jarayoniga tegishli RF ning normativ hujjatlari, o‘quv reja va dasturlar (elektron versiyalari), zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, monografiyalar, dissertatsiyalar avtoreferatlari va b. adabiyotlar, foto- va video materiallar olib kelindi. SPbDAU rahbariyati qabulida bo‘lib ikki OTM o‘quv, ilmiy ishlarda, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va b. sohalarda hamkorlik shartnomasi loyihasi taqdim qilindi. Malaka oshirish hisoboti ilmiy kengashda ko‘rib chiqildi va olib kelingan meʼyoriy, o‘quv-uslubiy va ilmiy materiallar, adabiyotlar qog‘oz va elektron nusxalari tegishli kafedralarga taqdim qilindi.