Olim

AKRAMOVA SHAXNOZA ABROROVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor, podpolkovnik

Akramova Shaxnoza Abrorovna 1980 yil 23 may kuni Toshkent shahrida tugʻilgan.



Boshlangʻich taʼlimni Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanidagi Mannon Uygʻur nomidagi 22-oʻrta maktabda olgan. U yerni 1995 yili bitirib, 1-sonli Toshkent pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirib, 1999 yili oʻqishni muvaffaqiyatli bitirdi. Oʻquv faoliyatini 2002-2008 yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Boshlangʻich taʼlim va tarbiyaviy ish ixtisosligi boʻyicha davom ettirib, bakalavr, magistr darajalarini muvaffaqiyatli qoʻlga kiritdi. 2009 yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Boshqaruv mahorati ixtisosligi boʻyicha oʻqigan. 2012 yili “Oʻsmirlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish (umumiy oʻrta taʼlim maktablarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar jarayonida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlandi. 2017 yil 13.00.01- Pedagogika nazariyasi va tarixi. Taʼlimda menejment ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan.  2018 yili “Boʻlajak bojxona xizmati xodimlarida mafkuraviy immunitetni rivojlantirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 2020 yil 13.00.01 — Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoniga ega boʻldi.



Ish faoliyatini 1998 yilda Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Sobir Rahimov nomli 20-oʻrta maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi lavozimida boshlagan. Shundan soʻng 2001-2007 yillarda umumtaʼlim maktablarida oʻqituvchi, oʻquv-tarbiyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 2007-2008 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Elektron asarlar boʻlimi yetakchi dasturchisi; 2008-2010 yillarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi, Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazida Mafkuraviy texnologiyalar va elektron asarlar boʻlimida bosh mutaxassis; 2010 yil M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida uslubchi; 2010-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi; 2011-2013 yillarda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasida yetakchi mutaxassis; 2013-2018 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oliy harbiy bojxona instituti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi lavozimlarida ish yuritgan. 2018 yildan boshlab to hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti Pedagogika va psixologiya kafedrasi boshligʻi, Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi boshligʻi lavozimlarida podpolkovnik sifatida harbiy xizmat qilib kelmoqda.



Ilmiy izlanishlari doirasida 200 dan ziyod ilmiy ishlari chop qilingan boʻlib, 4 ta darslik, 5 ta oʻquv qoʻllanma, 3 ta monografiya, 4 ta elektron darslik, 10 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 3 ta elektron uslubiy qoʻllanma, 3 ta patent muallifi. Uning 150 dan ziyod ilmiy, publitsistik maqolalari milliy va xorijiy mamlakatlar ilmiy nashrlarda chop etilgan.



Sh.Akramova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi PQ-4075-sonli “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Olmazor tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan individual va jamoaviy ijtimoiy psixologik loyihalarini amalga oshirgan.



2018 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi topshirigʻiga koʻra, Respublika harbiy akademik yoʻnalishidagi “Temurbeklar maktabi” oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish boʻyicha tashkil qilingan ishchi guruhida faol ishtirok etib, “Maʼnaviyat asoslari” fani boʻyicha oʻquv dasturi va metodik, multimediali kompleksini yakka mualliflikda ishlab chiqdi.



2018 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi topshirigʻiga koʻra, Respublika harbiy akademik yoʻnalishidagi “Temurbeklar maktabi” oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish boʻyicha tashkil qilingan ishchi guruhida faol ishtirok etib, “Maʼnaviyat asoslari” fani boʻyicha oʻquv dasturi va metodik, multimediyali kompleksini yakka mualliflikda ishlab chiqdi.



Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning mafkuraviy xaritasi” (yoshlar muammolari) mavzusida amaliy tadqiqot ishlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi tarkibida ishlar olib bordi.



Sh.A.Akramova Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining 2018 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Hisobot-saylov konferensiyasida ishtirok etdi va Bosh vazir huzurida harbiy ayollar nomidan oʻz tavsiyalarini bergan.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 maydagi “Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4342-son Qarori bilan biriktirilgan Sirdaryo viloyati Baxt shahridagi Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sogʻlom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.



2019 yil 9 sentyabr kuni 5815-son Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 1-9 sinflar “Tarbiya” darsligini ishlab chiqish yuzasidan ishchi guruh aʼzosi sifatida metodik tavsiyalar va darslikni mazmun-mohiyatini ishlab chiqqan.



2017-2019 yillarga bajarilgan ITD-2 “Jamiyatda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish” № P3-20170930374-son amaliy ilmiy tadqiqot loyihasida ilmiy xodim sifatida ishtirok etdi. Ushbu loyihadan olingan natijalar asosida ilmiy maqola va uslubiy qoʻllanmalar chop ettirib kelmoqda.



Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Bosh ilmiy metodik markazi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi fanlari doktori ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar tarkibida aʼzo hisoblanadi.



Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining ilmiy nashri – “Jamoat xavfsizligi” ilmiy-amaliy jurnali, “Science and Education” ilmiy jurnali, “Thematics Journal of Social Sciences” xorijiy ilmiy jurnalining tahririyat hayʼati aʼzosidir.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 28 iyul kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishining 39–sonli bayoni va Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5215-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari faoliyatini tizimli tashkil etish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, ularni metodologik taʼminlash, xalqaro tajribani oʻrganish, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar bilan ishlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqishda oʻz jonbozligini koʻrsatdi.



Shunga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida 2021-2022 yillarda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyachilari malakasini oshirilishi yuzasidan oʻquv kurslarida 600 dan ziyod tarbiyachilar, psixologlar, tutingan ota-onalar, SOS-onalar malakasi oshirildi. 2022 yildan to shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 avgustdagi “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-345-sonli Qaroriga koʻra, Tutingan ota-onalarni tayyorlash yuzasidan oʻquv kurslarida koʻplab fuqarolarni tayyorlab kelmoqda.



Mehribonlik oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholagan holda, oʻquv-tarbiya muassasalarining reyting tizimini joriy etish boʻyicha Sh.A.Akramova tomonidan 20 dan ziyod takliflar berildi.



Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa muqobil shakllarini keng joriy etish, oilaviy bolalar uylarining ish faoliyatini yaxshilash maqsadida “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning oilaviy shakllarini keng joriy etish hamda oilaviy bolalar uylari faoliyatini yaxshilashni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaror loyihasini ishlab chiqishda faol qatnashdi.



Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi targʻibotchisi sifatida turli davlat tadbirlarida faol qatnashib, respublika boʻylab seminar-treninglar oʻtkazish bilan bir qatorda “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi oʻlaroq mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishdagi amalga oshirilayotgan tashabbuskorligi tahsinga sazovordir.



Sh.Akramova koʻplab doktorant va mustaqil tadqiqotchilarga belgilangan mavzularda pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.



Sh.Akramova Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari hamda jangovar hamda maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikdan erishgan yuksak natijalari uchun Milliy gvardiya qoʻmondonining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.



Milliy gvardiya qoʻmondonining “Namunali xizmatlari uchun” III darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



Sh.Akramova oilali. Ikki farzandning onasi. U masʼuliyatli harbiy xizmatchi sifatida hamkasblari va jamoadoshlari orasida oʻz hurmat-eʼtiboriga ega. Shaxnoza Akramova kelajakda oʻz kasbining mahoratli egasi, yetuk olima, yoshlarga taʼlim-tarbiya beruvchi fidoyi pedagog va talabchan rahbar sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.