Mahammadsidik Amonboyev 1979 yil 20 mayda Andijon viloyatining Marhamat tumanida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. 1996-2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat bosqichida taʼlim olgan. 2000-2002 yillarda TDIUning magistratura bosqichini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi iqtisodiyot, iqtisodiyot nazariyasi.
Iqtidorli yosh kadr mamlakatimizning intellektual salohiyatini, fan, pedagogika va iqtisodiyotimiz rivojlanishini jahonning eng ilgʻor darajasiga koʻtarish, barqaror taraqqiyotini taʼminlashda faol ishtirok etishni maqsad qilgan. Uning mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, ilk ish faoliyatini 1999-2000 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining oʻquv boʻlimida statistlikdan boshlagan. 2000-2001 yillarda “Ustoz” respublika jamgʻarmasi buxgalter yordamchisi sifatida ish oʻrgangan. 2001-2003 yillarda TDIUning Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimida muhandis-dasturchi sifatida sidqidildan mehnat qilgan.
Mahammadsidik Amonboyev oʻz ilmiy faoliyatini davom ettirib, 2003-2006 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi assistenti boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli kadrlarning malakasini oshirish “Isteʼdod” jamgʻarmasi grant sovrindori sifatida Arxus texnika kolleji (Daniya)da Zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar boʻyicha 1 oylik kursda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
Uning pedagogik faoliyatiga nazar tashlasak, 2006-2008 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi katta oʻqituvchisi sifatida yosh kadrlarni ilmli, salohiyatli mutaxassislar etib tarbiyalash, iqtidorlarini yuksaltirishga koʻmaklashgan. 2008-2012 yillarda esa TDIUning Korporativ boshqaruv kafedrasida katta oʻqituvchi (kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi) boʻlib mehnat faoliyatini davom ettirgan. Shu bilan birga oʻz ilmiy salohiyatini uzluksiz oshirib borishga eʼtibor qaratgan. BATT universiteti (Angliya)da Britaniya kengashi bilan xalqaro loyiha ishtirokchisi sifatida malaka oshirish kursida muvaffaqiyatli qatnashgan.
Uning tashabbuskorligi, ilmiy tajribasi va jamoani oʻz ortidan ergashtirish qobiliyati inobatga olinib, 2012-2014 yillarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni joriy etish markazi direktori etib tayinlangan. Markaz boshqaruvi jarayonlarida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻquv jarayonini yuqori texnologik darajada tashkil etish uchun elektron oʻquv-metodik va axborot-kutubxona resurslari, axborot tizimlari shakllantirilishini taʼminlashda eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilgan.
Mahammadsidik Amonboyev 2014-2015 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Bank-moliya tizimi rivojlanishini tadqiq qilish markazi katta ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritgan. Buyuk Britaniyaning Bristol shahrida 3 oylik ingliz tili kursida ishtirok etgan. 2015-2016 yillarda esa Bank-moliya akademiyasining Kadrlar boʻlimiga boshliq etib tayinlangan. Shuningdek, ilmiy faoliyatini uzviy davom ettirib, akademiyaning Investitsiyalar kafedrasida katta ilmiy xodim-izlanuvchi boʻlgan.
Tajribali ustoz 2017 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Korporativ boshqaruv kafedrasi dotsenti boʻlgan. 2016 yilning 29 sentyabridan 2017 yilning 30 iyunigacha Ispaniyaning Las Palmas de Gran Kanariya universitetida doktorantura dasturida oʻqishga muvaffaq boʻlgan.
U 2017-2022 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Turizm va servis kafedrasi mudiri masʼul lavozimida mehnat qilib, turizm iqtisodiyoti, xalqaro turizm, mehmonxona xoʻjaligi sohalariga yosh malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini sifat jihatidan yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan.
Yosh olim qator xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishda davom etgan. Xususan, 2018 yilda Moskva davlat universitetida tashkil etilgan Ekonometrika kursida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 2019 yilda Sankt Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan “Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy loyihalarni boshqarish” kursida malaka oshirgan. Shu yili Xitoyning Shenyang universitetida tashkil etilgan xorijiy malaka oshirish kursida ham ishtirok etgan.
Mahammadsidik Amonboyev muallifligida 10 dan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalar oliy taʼlimni muvofiqlashtiruvchi Kengashi guvohnomasi asosida chop etilgan. Jumladan, “Korporativ boshqaruv” (2010 y), “Bozor infratuzilmasi nazariyasi” (2012 y), “Marketing turizma” (2021 y), “Fundamentals of tourism” (2021 y), “Turizmda atrof-muhit iqtisodiyoti” (2021 y) darsliklari, “Turizm iqtisodiyoti” (2019 y), “Ekonomika turizma i gostinix uslug” (2019 y), “Regionalniy turizm” (2019 y) , “Ekonomika turizma” (2019 y) kabi qator oʻquv qoʻllanmalari yosh tadqiqotchilar, talabalar, soha mutaxassislari uchun dasturilamal vazifasini oʻtamoqda. Shuningdek, uning 40 dan ortiq ilmiy maqolalari xalqaro va mahalliy jurnallarda chop etilgan. Hozirgi kunda 1 ta xalqaro va 2 ta mahalliy jurnalning tahririyat aʼzosidir.
Mahammadisidq Amonboyev ilmiy rahbarligida 4 nafar ilmiy tadqiqotchi iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini egallagan. Xususan, ularning 1 nafari xorijlik tadqiqotchi. Shuningdek, hozirgi kunda 6 nafar ilmiy tadqiqotchi uning ilmiy rahbarligi ostida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
Mahammadsidik Amonboyev 2022 yildan Xalqaro Nordik universitetida Akademik ishlar boʻyicha prorektor masʼul lavozimida fidoyilik bilan mehnat qilmoqda. Oliy taʼlim muassasasida xalqaro va davlat taʼlim standartlari asosida oʻquv va oʻquv-uslubiy ishlarni tashkil etish hamda malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash, ilgʻor xorijiy mamlakatlar taʼlim tizimining rivojlanish tendensiyalarini oʻrganish, taʼlim sifatini tizimli takomillashtirib borish yuzasidan takliflar tayyorlash va tatbiq etish ishlarini masʼuliyat bilan ado etib kelmoqda.
U shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asnosida yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi tashabbus va loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro Nordik universiteti va Sharqiy Osiyoning ICLEI xalqaro tashkiloti oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida 2023 yilda Xitoyning Shenjen shahrida oʻtkazilgan “Mintaqaviy past uglevodli sanoatni chuqurlashtirish: hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusidagi forumda Oʻzbekiston delegsiyasiga rahbarlik qildi. Joriy yilning aprel oyida XNU taklifiga koʻra yurtimizga tashrif buyurgan ICLEI xalqaro tashkiloti delegatsiyasiga hamrohlik qilib, yurtimiz rasmiy doiralari bilan BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekistonda amalga oshirishga qaratilgan uchrashuv va muzokaralar uyushtirishda koʻmaklashdi. Vazirlik va qoʻmitalar, shuningdek Toshkent, Samarqand, Navoiy shaharlarining hokimliklarida mahalliy hukumatlarga yordam beruvchi bu xalqaro tashkilot masʼullaridan shaharlar kelajagiga doir zarur tavsiyalar olishga erishildi.
Mahammadsidiq Amonboyev oilali, 3 nafar farzandi bor.