Mirzoolim Avazovich Avliyakulov 1989 yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan, millati oʻzbek, oliy maʼlumotli. Toshkent Davlat Agrar Universitetini 2011 yilda bakalavr, 2013 yilda magistraturani agronomiya mutaxassisligi boʻyicha imtiyozli diplomlar bilan tamomlagan.
2013-2014 yillarda Hindistonda Indian Institute of Remote Sensing institutida (on Remote Sensing and Geographic Information System) yoʻnalishi boʻyicha bakalavrdan keyingi post graduate diplomini tamomlagan.
Avliyakulov Mirzoolim Avazovich 2019 yil 31 yanvardan buyon qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc). Doktorlik dissertatsiyasini 2018 yil 28 dekabrda “Sugʻoriladigan yerlardan yil davomida samarali foydalanishning ilmiy asoslari” mavzusida 06.01.02 – “Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” (qishloq xoʻjaligi fanlari) ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan.
2018 yil 30 oktyabrda “Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim ilmiy unvoni berilgan.
2024 yilda esa 06.01.02 – “Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” (qishloq xoʻjaligi fanlari) ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoni berilgan.
Umumiy ish faoliyati 13 yil, ilmiy-pedagogik ish faoliyati 13 yil. M.A.Avliyakulov qishloq xoʻjaligida koʻp yillik oʻtkazgan ilmiy-tadqiqotlari, dala tajribalarida nafaqat gʻoʻza balki kuzgi bugʻdoy, arpa, kartoshka, karam, piyoz, pomidor, mosh kabi ekinlarning ham suv isteʼmolini oʻrgangan va sugʻorish tartiblarini ishlab chiqqan. Uning doktorlik dissertatsiyasi sugʻoriladigan yerlarni yil davomida samarali foydalanishni ilmiy asoslashga qaratilgan.
Ushbu tadqiqotlar asosida janubiy mintaqa oʻtloqlashib borayotgan taqirsimon va markaziy mintaqa sugʻoriladigan tipik boʻz tuproqlaridan yil davomida ilmiy asosda samarali foydalanib, bir daladan yiliga 2-3 martagacha yuqori hosil yetishtirishning maqbul agrotexnologiyasini ishlab chiqqan. Sugʻoriladigan tipik boʻz tuproqlar sharoitida gʻoʻza, kuzgi bugʻdoy, kartoshka, mosh va pomidor ekinlarining sugʻorish muddatlarini barg hujayra shirasi konsentratsiyasi orqali bashoratlash shkalalarini ishlab chiqqan.
M.A.Avliyakulov 2 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan oliy malakali mutaxassis tayyorlagan.
Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Avliyakulov Mirzoolim Avazovich Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yеtishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida belgilangan tartibda 2011 yildan buyon uzluksiz ravishda 8 ta amaliy loyihalarda jumladan 2 ta loyihada rahbar (QX-A-QX-2018-148; IL-21091358) va 6 ta loyihalarda ijrochi (QXА-7-093; QXА-9-012; QXА-9-077-2015; QX-A-QX-2018-153, А-QХ-103; PZ-202008215), 4 ta xalqaro loyihalarda (Lift irrigation; CRP 1.1 Dryland systems; EU-AGRIN Fergana; EU-AGRIN Tashkent) ijrochi sifatida ishlagan va ishlab kelmoqda.
M.A.Avliyakulov Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI)da “Lift irrigation”, “CRP 1.1. Dryland systems”, Jahon bankining “Yaxshiroq paxta yetishtirish tashabbusi (Better cotton initiative)”, QXA-9-012 “Yangi tizimdagi meliorativ mintaqa gidromodul hududlar boʻyicha rayonlashtirilgan, istiqbolli, yangi oʻrta, ingichka tolali gʻoʻza navlarini koʻchat qalinligi, suv-oʻgʻit meʼyor-nisbatlari, sugʻorish tartiblarini ilmiy asoslash va amaliyotga joriy etish” (2012-2014 yy.), QXA-9-077-2015 “Mamlakatimizda qurgʻoqchilikka, turli darajada (kam, oʻrtacha) shoʻrlangan yerlarida yangi istiqbolli I, II, III, IV, V tiplarga mansub oʻrta-uzun tolali gʻoʻza navlari birlamchi super elita, elita, R1 urugʻchiligi-parvarishi agrotadbirlari tizimini ilmiy asoslash va amaliyotga joriy etish” (2015-2017 yy.), QX-A-QX-2018-153 Respublikamizning Janubiy mintaqalarida mahalliy va xorijiy ingichka tolali gʻoʻza navlaridan yuqori paxta hosili yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish” (2018-2020 yy.), A-QX-103 “Global iqlim oʻzgarishi sharoitida gʻoʻza navlarini yangi oʻgʻitlash agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” (2021-2023 yy.), PZ-202008215 “Tuproq unumdorligini oshirishda siderat ekinlarini oʻstirishning takomillashgan energiya resurstejamkor agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” (2021-2023 yy.), “Yevropa Ittifoq tomonidan moliyalashtirilayotgan BMT Taraqqiyot dasturining Qishloq xoʻjaligi bilan hamkorlikdagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) mavzularidagi amaliy va xalqaro innovatsion loyihalarning hamijrochisi sifatida faoliyat koʻrsatgan.
M.A.Avliyakulov QX-A-QX-2018-148 “Respublikamizning janubiy, markaziy va shimoliy mintaqalarida oʻrta-ingichka tolali urugʻlik gʻoʻza navlarini suv-oziqa NPK meʼyor-nisbatlarini ishlab chiqish, sugʻorish muddatlarini tezkor usulda aniqlash hamda suv isteʼmolini yangi elektron qoʻl refraktometri va vetting front detektor asboblari yordamida maqbullashtirish” (2018-2020 yy.), IL-21091358 “Tomchilatib sugʻorish texnologiyasida turli sugʻorish intervallari va koʻchat qalinligida urugʻlik gʻoʻza agrotexnikasini ishlab chiqish” (2022-2024yy) mavzularidagi amaliy loyihalar rahbari sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Mehnat faoliyatini 2011 yilda Oʻzbekiston Paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti, Yangi va rayonlashtirilgan gʻoʻza navlari agrotexnikasi boʻlimi kichik ilmiy xodimi sifatida boshlab, keyinchalik 2014 yildan Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yеtishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Gʻoʻza navlari agrotexnologiyasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi, 2015-2017 yillarda ushbu institutning katta ilmiy xodim izlanuvchisi, 2017-2018 yillarda katta ilmiy xodim, 2018-2019 yillarda DSc doktorant, 2019-2020 yillarda loyiha rahbari va 2021 yildan hozirgi vaqtgacha Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yеtishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Yangi gʻoʻza navlari agrotexnikasi laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kungacha 139 ta ilmiy ishi chop etilgan boʻlib, jumladan 12 ta ilmiy maqolasi Scopus roʻyxatidagi jurnallarda, 21 ta ilmiy maqolasi xorijning nufuzli jurnallarida chop etilgan. Doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan keyin ilmiy jurnallarda 38 ta ilmiy maqola, 11 ta uslubiy qoʻllanma, 10 ta tavsiyanoma hamda 2 ta monografiya chop etilgan. Olimning Scopus bazasidagi xirsh indeksi 6 ga teng.
Soʻnggi uch yilda 2 ta monografiya, 2 ta tavsiyanoma, 81 ta ilmiy maqola chop ettirgan hamda 5 ta intelektual mulk obyektiga guvohnomalar olingan.
Taʼkidlash kerakki, M.A.Avliyakulov yosh mutaxassis-kadrlarni tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga, ilm-fanning eng oxirgi yutuqlaridan foydalanib, dunyo ilmini egallashiga doimo yordamlashib keladi. Jumladan, Toshkent Davlat agrar universitetining Agrobiologiya fakulteti bakalavr va magistrlarning bitiruv malakaviy ishlari muhokamasida Davlat imtihoni komissiyasi raisi va aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Bundan tashqari Toshkent davlat agrar universiteti va Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti – Milliy tadqiqot universiteti talabalariga amaliyot rahbari sifatida bilim berib kelmoqda. Shu bilan birga, 2019 yildan boshlab Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida loyihalarni koʻrib chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (avvalgi Innovatsion rivojlanish vazirligi) huzuridagi Ilmiy-texnik kengash (ITK) aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Oxirgi yillarda qishloq xoʻjalik ekinlarini parvarishlashda smart agrotexnologiyalarni qoʻllash, tejamkor sugʻorish texnologiyalarini ishlab chiqish va energiya tejamkor yangi innovatsion agrotexnologiyalar asosida tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan mavzular boʻyicha koʻplab ilmiy izlanuvchilarga rahbarlik qilib kelmoqda. Ixtisoslikka oid ikki nafar fan doktoriga rahbarlik qilib muvaffaqiyatli himoya qilishgan. Hozirda yana 4 nafar tayanch doktorant hamda 1 nafar mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Shuningdek M.A.Avliyakulov Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yеtishtirish agrotexnologiyalari ilmiy–tadqiqot instituti huzuridagi DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01 raqamli ilmiy kengashning 2019 yildan buyon haqiqiy aʼzosi, ushbu Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar kengash kotibi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti – Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatadi.
M.A.Avliyakulov koʻplab xorijiy va mahalliy jurnallarda sohaga oid ilmiy maqolalarni eʼlon qilish bilan birga “Paxtachilik va donchilik”, “Agro Processing”, “Ifoda Agrokimyo himoya”, “Texnosfera xavfsizligi” jurnallari tahririyati aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
M.A.Avliyakulov respublikamiz qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-amaliy ishlari va yosh kadrlarni tayyorlashdagi samarali mehnatlari uchun hamda ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishda keng miqyosda joriy etishdagi ishtiroklari uchun 2023 yilda “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
M.A.Avliyakulov turli yillarda Hindiston, Tunis, Turkiya, Italiya davlatlaridagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlarida oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etgan. Shuningdek, M.A.Avliyakulov Oʻzbekistonda paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va klasterlar dalalarida gʻoʻzani parvarishlash boʻyicha dala seminarlari tashkil etib, ilmiy asoslangan tavsiyalar berib kelmoqda. Bundan tashqari, Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Suvchilar maktabi”, “Fermerlar maktabi” kabi oʻquv kurslarida fermerlar va soha mutaxassislariga eng zamonaviy ilgʻor texnologiyalar boʻyicha bilim va koʻnikmalar berib kelmoqda.
M.A.Avliyakulov oʻz bilimi va namunali xulqi bilan jamoa orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan yosh olim, oʻziga yuklatilgan vazifalarni masʼuliyat bilan his qilishi va soha rivojida tinmay mehnat qilishi bilan hurmat qozongan.