Tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, ajoyib pedagog, Respublikamizda va xorijiy davlatlatlarda tanilgan farmakolog olima, kamtarin va oʻta madaniyatli mehribon ustoz Sanʼat Sabirovna Azizova hayot boʻlganlarida shu yilning iyun oyida muborak 90 yoshga kirar edilar.
Azizova Sanʼat Sabirovna 1934-yili Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan, ota-onalarini kasbi muallim. 1952-yilda oʻrta maktabni oltin medal bilan bitirgach, Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga kirib, 1958-yilda imtiyozli diplom bilan tugatganlar. Oʻzbek ayollardan hali farmakolog olimlari yetishib chiqmaganini bilib, shu qiyin sohada izlanishlar olib borishga ahd qilib, shu yili UzRFA Oʻsimlik moddalari kimyosi institutining farmakologiya laboratoriyasiga aspiranturaga qabul qilindilar. Ushbu institutda avval kichik, keyin esa katta ilmiy xodim lavozimida ishladilar.
S.S.Azizovaning ilmiy ishlari tibbiyotning dolzarb muammolariga bagʻishlangan boʻlib, oʻsimliklardan ajratib olingan yangi moddalarning farmakologik xususiyatlarini tajriba hayvonlarida tekshirish va amaliyotda tatbiq etishga qaratilgan edi. Olima Oʻrta Osiyoda oʻsadigan shifobaxsh oʻsimliklardan ajratib olingan 30 dan ortiq glikozidlar K strofantin, B olitorizid, korhorozid, erizimozid, erizimin, apobiozid, kuspidozid, strofantidin, strofantidin astat va boshqa moddalarning farmakologik xususiyatlarini tekshirdilar. Olingan natijalar asosida “Аpobiozid” va “Strofantidin atsetat” pereparatlari yaratib amaliyotga tadbiq etilgan.
1963-yil “Yurakning bazi bir eksperimental patalogik holatlarida olitorozid va korxorozidning taʼsiri” mavzusida nomzodlik, 1968-yili esa 34 yoshda “Strofantin qatoridagi yurak glikozidlarining eksperimental toj tomirlar buzilishida taʼsiri” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar.
1972-yili Toshkentda Oʻrta Osiyo pediatriya tibbiyot instituti ochilgach, farmakologiya kafedrasini tashkil qilish tibbiyot fanlar doktori professor S.S.Azizovani zimmasiga tushdi. Olima avval oʻquv uslubiy murabbiylik ishlarini, keyin esa ilmiy tekshirish ishlarini yoʻlga qoʻydilar. Aynan shu davrda farmakologiya fanidan maʼruzalar hamda amaliy mashgʻulotlar rus tilida olib borilar, darsga tayyorlanish uchun akademik D.A.Xarkeevichning farmakologiya darsligidan foydalanilar edi.
1996-yilda professor S.S.Azizova oʻzbek tilida birinchilardan boʻlib, «Farmakologiya» darsligini yozdilar. 2000-yilda ushbu kitob toʻldirilib qayta nashr qilindi. Rusiy zabon talabalar uchun esa, bu darslik 2002-yilda rus tilida yozildi va nashr qilindi. 2006-yili esa “Farmakologiya” darsligi lotin alifbosida yetarli nusxada bosmadan chiqarildi.
Hozirgi kunda Respublikamizdagi barcha tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalari bu darslikdan keng foydalanayaptilar. Kafedrada olima muallifligida oʻzbek, rus tillarida 3 marta oʻquv uslubiy qoʻllanma nashr qilindi, yangi naʼmunaviy reja, amaliy mashgʻulot va maʼruzalar uchun ishchi rejalar tuzildi.
Professor S.S.Azizovaning asosiy vazifalaridan biri, yuqori malakali farmakologlar tayyorlash edi. Shuning uchun institutni bitirgan iqtidorli talabalarni tanlab, kafedrada ishlash uchun jalb qildilar va pediatrik farmakologiyaning rivojlanishida katta ishlar olib borib, ilmiy maktab yaratdilar.
S.S.Azizova butun hayoti davomida С.С.Азизова бутун ҳаёти давомида yurak glikozidlar, kardioprotektorlar, gepatoprotektorlar, ateroskleroz va modda almashinuviga qaratilgan turli dori moddalarining taʼsirini oʻrgandi, bu sohaninig pediatrik xususiyatlarini oʻrganish bilan olib bordi.
S.S.Azizova oʻzining ilmiy maktabini yaratdi va olima tomonidan 7 fan doktori 22 fan nomzodlari tayyorlandi. 300 dan ortiq ilmiy maqola, 3 ta darslik, 3 ta monografiya chop etildi, 6 ta mualliflik guvohnomasi olindi. Professor S.S.Azizova koʻpgina xorijiy davlatlar Chexoslovakiya, AQSh, Kanada, Avstriya, Hindiston, Turkiya da boʻlgan xalqaro anjumanlarda qatnashib, Oʻzbekiston fani, maʼnaviyatini yuqori darajada namoyon qilganlar.
1992-yilda olimaga tibbiyot sohasida erishgan yutuqlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni berildi. Oliy taʼlim vazirligi ustoz jamgʻarmasi koʻrik tanlovida qatnashib, 1998- yilning eng yaxshi ilmiy rahbari 1-darajali diplomiga sazovor boʻldilar.
2005-yil Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda Farmakologiya darsligi bilan qatnashib, “Yilning eng yaxshi oʻquv adabiyoti” mukofotiga sazovor boʻldilar va I darajali diplom bilan taqdirlandilar.
Professor S.S.Azizova ilmiy, pedagogik ishlari bilan bir qatorda jamoat ishlarida ham faol tashkilotchi edilar. Olima Yunusobod tumani Toshkent shahar va viloyat xotin-qizlar qoʻmitasining raisi, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasining Plenum, Prezidium aʼzosi boʻldilar.
Oilada oʻz farzandlarini ham ilm-fanga, oʻz xalqiga, Vataniga fidokorona xizmat qilishga undadilar. Oʻgʻli Iskandar Muqimjonov va qizlari Nodira Zokirova tibbiyot fanlari nomzodi. Dilorom Ahmedova tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarda taniqli sogʻliqni saqlash tashkilotchisi, pedagog hamda olima pediatr.
Professor S.S.Azizova Respublikamizning koʻzga koʻringan olimasi, Oʻzbekiston fanining xalqaro miqyosda yuksalishida katta hissa qoʻshgan fan arbobi, tibbiyotimiz fidoiysi, maʼrifat va maʼnaviyatning jonkuyar targʻibotchisidir.
Olima S.S.Azizovani yosh mutaxassislarni tayyorlashda qoʻshgan katta xissalarini yuqori baholab, 2017 yildan Toshkent pediatriya tibbiyot institutida iqtidorli talabalar va magistrlar uchun olima nomidagi stipendiya taʼsis qilingan. Hozirgi kungacha 5 nafar talaba va magistrlar “Professor C.S. Azizova” nomidagi Atoqli olima stipendiyasiga sazovor boʻlishgan.
S.S.Azizovaning hayot yoʻli va mehnat faoliyatlari shogirdlari uchun namuna boʻlib qoladi va ularning yorqin xotiralari hamisha qalbimizda va yodimizda yashaydi.