D.I.Axmedova bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasida taniqli tashkilotchi, mutaxassis, olima va pedagog.
Olima va Oʻzbekiston Respublikasi vazirligining bosh pediatri D.I.Axmedova yosh avlod salomatligini saqlashdagi ibratli ishlari bilan tanilgan.
Uning boshchiligida onalar va bolalar salomatligini yaxshilashga qaratilgan xalqaro standartlarga asoslangan tashkiliy va amaliy yangiliklar kiritib kelmoqda, chaqaloqlar va bolalar kasalliklarini tashxislash va davolash standartlari, shu jumladan orfan kasalliklarning klinik yoʻriqnoma va protokollari doimiy ravishda ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda.
Dilorom Ilxamovna Ahmedova 1974 yilda oʻrta maktabni oltin medalga va 1980 yilda Oʻrta Osiyo pediatriya tibbiyot institutini (hozirda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti) imtiyozli bitirdi. D.I.Ahmedova 1982 yilga qadar OʻzRSSV Pediatriya ilmiy tekshirish institutida (hozirgi vaqtda – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazi) klinik ordinaturani oʻtadi. 1982 yildan 1998 yilgacha shu institutning kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, soʻngra chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalarni reabilitatsiya qilish ilmiy boʻlimi rahbari boʻlib ishladi. D.I.Axmedova 1989 yilda “Клиническое обоснования применения бензонала в комплексном лечении гемолитической болезни новорожденных” mavzusida nomzodlik, 1998 yilda — “Гемолитическая болезнь новорожденных: патогенетические аспекты лечения и реабилитации” mavzusida doktorlik ilmiy ishini yoqladi. 2002 yilda professorlik unvoni berildi. 1999 yildan 2006 yilgacha Toshkent pediatriya tibbiyot institutida “6-7 kurslar uchun bolalar kasalliklari” kafedrasi mudiri boʻlib ishladi. 2006 yildan 2010 yilgacha Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ilmiy ishlar boʻyicha prorektor boʻlib faoliyat koʻrsatdi.
D.I.Ahmedova 2010 yildan 2012 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish Bosh boshqarmasiga rahbarlik qildi. 2012 yildan 2023 yil 17 oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori boʻlib ishlagan.
2023 yil 17 oktyabrdan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining gospital pediatriya №2, xalq tabobati kafedrasi mudiri. 2001-2006 yillar va 2012 yildan to hozirgi qadar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh pediatri.
Professor D.I.Ahmedova ilmiy rahbarligida 1999 yildan hozirgi kungacha muntazam ravishda 20 taga yaqin fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion grantlar bajarildi va bajarilmoqda.
Olima tomonidan 560 dan ortiq ilmiy nashrlar, 7 ta monografiya va 3 ta darslik, 8 ta ixtiroga patent va 5 ta EHM dasturlari olingan, 120 dan ortiq uslubiy va oʻquv-uslubiy tavsiyanoma va qoʻllanmalar chop etilgan. Ishlab chiqilgan usullar tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, bolalar oʻrtasida kasallanishlarni va oʻlimni kamaytirish imkonini beradi. D.I.Axmedova rahbarligida 8 nafar fan doktori va 19 nafar fan nomzodlari tayyorladi. Hozirgi kunda olima bir necha doktorlik hamda magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda.
D.I.Ahmedova koʻplab xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarining tashkilotchisi va qatnashchisi, Xalqaro Pediatrlar Assotsiyatsiyasinning Atrof-muhit salomatligi va iqlim oʻzgarishi Qoʻmitasi aʼzosi, Yevropa pediatrlar assotsiatsiyasining aʼzosi, MDH davlatlari pediatriya federatsiyasining vitse prezidenti. Uning ilmiy izlanishlari chet davlatlarda ham yuqori baholandi.
D.I.Axmedova Rossiya Federatsiya tibbiy texnik fanlari Akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademigi) etib saylangan.
D.I.Axmedova Oʻzbekistonda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Birlashgan Mamlakatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi YUNISЕF ning zamonaviy texnologiyalarini moslashtirish va joriy etishda faol qatnashadi. Olima JSST/YUNISЕF tavsiyalari asosida bolalarga sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinida tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha bir qancha ilmiy tadqiqotlar bajardi (bolalarning oʻsishi va rivojlanishi monitoringi, bolalarning ovqatlanishi), bular bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida qoʻllanilmoqda.
Oʻzbekistonda onalar va bolalar orasida hayot uchun muhim mikronutriyentlar yetishmovchiligini oldini olish va bartaraf etish hamda sogʻlom ovqatlanish mezonlarini tatbiq etishga yoʻnaltirilgan davlat dasturlarni samarasini aniqlash va keyinchalik chora tadbirlar belgilash uchun YUNISЕF yordamida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda milliy izlanish olib bordi.
D.I.Ahmedova Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi aʼzosi. D.I.Ahmedova Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlari “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Aholi oʻrtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qator Farmon va qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda faol qatnashadi.
D.I.Axmedova hozirgi kunda bolalar orasida oʻta muhim muammolardan — kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilashga qaratilgan Davlat dasturini ishlab chiqishda faol ish olib bormoqda va hozirgi kunda uni tatbiq etilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.
D.I.Axmedova “Onalik va bolalik” boʻyicha ilmiy kengash raisining muovini va ilmiy seminarni raisi, respublikada chop etiladigan “Pediatriya”, “Sogʻliqni saqlashni tashkil etish va boshqarish”, “Shoshilinch tibbiyot axborotnomasi” jurnallari, Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma “Евразийский Вестник педиатрии” jurnali, Rossiya Federatsiyasining “Педиатрическая фармакология” va “Вопросы педиатрической педиатии” (Rossiya), hamda Turkiyaning “Haydarpaşa Numune Medical Journal” jurnallarini tahririyat kengashi aʼzosi. Oʻzbekiston, Andijon davlat tibbiyot institutining “Xalqaro Ilmiy Pediatriya jurnali” (“International Journal of Scientific Pediatrics”) bosh muharriri.
Harakatchan va intiluvchan, ilmda fidoiy va jonkuyar, oʻziga va jamoaga nisbatan talabchan boʻlgan taniqli olima D.I. Ahmedova ajoyib tashkiliy fazilatlarga ega rahbar. U jamoaning obroʻ-eʼtiborini qozondi va jamiyatda katta obroʻga ega. D.I.Axmedova el yurt ishonchini qozondi, tibbiyot sohasidagi xizmatlari evaziga “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi 20 yilligi”, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi 25 yilligi” koʻkrak nishonlari, xamda “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash aʼlochisi. D.I.Axmedova 2017 yilda «Ogʻir darajadagi eshitish zaifligi va karlik boʻlgan bolalarni reabilitatsiyasi» ilmiy dasturi uchun Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika sohasidagi 1-darajali mukofotlari bilan taqdirlangan.