Olim

BABAJANOVA DILORAM BABAJANOVNA

Tarix fanlari doktori, professor

Diloram Babajanovna Babajanova 2006 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil”, 2016 yilda “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishonlari va 2012 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2022-yili “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



Umumiy mehnat staji – 54 yil. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Oʻzbekiston tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar “Olima” Uyushmasi Boshqaruvi aʼzosi, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti huzuridagi DS c.03/30.12.2021.Tar.26.03 raqamli Ilmiy Kengashi aʼzosi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Muvofiqlashtiruvchi Kengash aʼzosi, tarix fani yoʻnalishi boʻyicha Ixtisoslashgan Kengash raisi, Ota-onalar kengashi raisi, “Olima” uyushmasi raisi hamda faxriy jamoatchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



D.Babajanova oʻz mehnat faoliyatini 1970 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi arxivariusi sifatida boshlagan. 1971-1982 yillar Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi huzuridagi Partiya tarixi instituti Partiya arxivi xodimi, 1982-1984 yillar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Markaziy arxivi katta inspektori, 1984-1990 yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi, 1990-1993 yillarda Rossiya Fanlar Akademiyasi Tarix instituti doktoranti, 1993-1995 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti doktoranti, 1995-1996 yillar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy kotibi, yetakchi ilmiy xodimi, 1996-1999 yillar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Prezidiumi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan. 



D.Babajanova 1999-2012 yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Oʻzbekiston tarixi kafedrasi mudiri, 2000-2002 yillarda universitet maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha 1-prorektor lavozimlarida ham faoliyat yuritgan. 2002-2005 yillar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Prezidiumi ilmiy-tahliliy boshqarma boshligʻi vazifasida faoliyat yuritgan. 2012 yildan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Oʻzbekiston tarixi kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.



1989 yilda “Oʻzbekistonda yengil sanoatni rivojlantirishda qardosh respublikalar ishchilari hamkorligi” mavzusida, 1997 yilda “Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Diloram Babajanova 2004 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan. U taʼlim-tarbiya ishini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan uzviy holda olib bormoqda. Uning 250 dan ortiq ilmiy ishlari, jumladan, 4 ta monografiya, 10 dan ortiq darslik, risola va oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan. Koʻplab tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilib, 15 nafar fan nomzodlari va falsafa doktorlari (PhD) tayyorlagan, hozirda ham 5 nafar tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. 



D.Babajanova 1998-2006 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Ijtimoiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha Ekspert kengashi aʼzosi va ilmiy kotibi, 2006-2012 yillar davomida OʻzMU huzuridagi Ixtisoslashgan kengash aʼzosi, 2019-2021-yillar Andijon davlat universiteti huzuridagi falsafa doktori(PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi. 2019-2023 yillar OʻzDJTU huzuridagi siyosiy fanlar doktori (Dcs) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi. D.Babajanova 2005 yildan 2020 yilga qadar OʻzLiDeP Toshkent shahar Kengashi Ijroiya Qoʻmitasi raisi Mafkuraviy ishlar oʻrinbosari, shuningdek OʻzLiDeP Toshkent shahar Kengashi “Siyosiy taʼlim markazi” rahbari sifatida faoliyat yuritdi.



Diloram Babajanova oʻziga yuklatilgan topshiriq va vazifalarga masʼuliyat bilan yondoshadi hamda sifatli bajaradi. U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda 2002-yildan hozirga qadar Oʻzbekiston Xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Boshqaruvi aʼzosi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi sifatida turli davlat tadbirlarida faol qatnashib, respublika boʻylab seminar-treninglar oʻtkazish bilan bir qatorda “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi oʻlaroq mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishdagi amalga oshirilayotgan tashabbuskorligi uchun “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” respublika tanlovlarida ishtirok etgan. Universitet va respublikaning turli hududlarida aholi, jumladan xotin-qizlar oʻrtasida olib boriladigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda faol ishtirok etib keladi Shuningdek, xalqaro va millatlararo munosabatlarni shakllantirishda bir qancha mamlakat vakolatxonalarida (Eron, Hindiston, Turkiya, Turkmaniston) doʻstona hamda bagʻrikenglik aloqalarini oʻrnatishda faol qatnashib kelmoqda.



Muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida tashkil etiladigan tadbirlarda oʻzining millatlararo munosabatlar, demografik jarayonlar, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, diniy bagʻrikenglik kabi mavzulardagi maʼruzalari bilan faol ishtirok etib keladi.



Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, tumanlar hokimligi tomonidan beriladigan topshiriqlarni amalga oshirishda maktablar va oliy oʻquv yurtlarida yosh qizlarga hayot tajribalaridan namuna sifatida xotin-qizlarning iqtisodiy erkinligini taʼminlash, axloqiy va estetik tarbiyaga mos turli yoʻnalishdagi seminar-treninglarni jamoatchilik oʻrtasida faol  olib boradi. Mudofaa vazirligi, Milliy Gvardiya, Favqulodda Vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklarida turli mavzulardagi maʼruzalari bilan doimiy hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Doimiy ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Sahovat” uylarlari tarbiyalanuvchilari bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib, ularga doimiy koʻmak berib kelayotgan, kitoblar sovgʻa qilish bilan sahovatpeshalik va fidoiylik koʻrsatib kelmoqda.



Hozirda koʻplab telekoʻrsatuvlarda (“Oʻzbekiston”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Mahalla”, “Sevimli”, “Zoʻr”, “Yoshlar”, “Milliy”, “Oʻzbekiston-24”) mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻrni, iqtisodiy erkinligi, gender tengligi, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatdagi faol siyosiy oʻzgarishlar, beshta tashabbus va iqtisodiy strategiya, inson, bolalar hamda ayollar huquqlari va ularni himoya qilish kabi masalalar bilan bogʻliq inter faol, yangi texnologik uslublarga tayangan holda ilmiy-amaliy, koʻp yillik xalqaro tajribaga asoslangan dolzarb mavzularda faol ishtirok etib kelmoqda. "Munosabat" koʻrsatuvining doimiy eksperti sifatida faoliyat olib bormoqda. Uzoq yillar davomida jamoatchilik orasidagi maʼnaviy–maʼrifiy sohalardagi faol munosabati bilan turli vazirlik va tashkilotlar tomonidan “Faxriy yorliq”lar va “Tashakkurnoma”lar bilan taqdirlanib keladi.



D.Babajanova Italiya, Gresiya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr va Malayziya kabi dunyoning 10 dan ortiq davlatlarida tarixchi, siyosatshunoslik, jamiyatning ijtimoiy rivojlanishi, ayollar va inson huquqlari, gender tengligi, millatlararo munosabatlar, turkiy xalqlar birdamligi, tarixiy siymolar xotirasini tiklash, dunyo ishbilarmon ayollarining faoliyati va tajribasini o‘rganish hamda tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda malaka oshirib, xalqaro simpozium va ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, sertifikatlarga ega bo‘lgan.



D.Babajanova o‘z professional hayot tajribasi va to‘plagan xalqaro bilimlaridan foydalangan holda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar, diniy bag‘rikenglik, demokratik yangilanishlar, saylov qonunchiligi masalalarini keng targ‘ib qilib kelmoqda. Xususan, olib borayotgan seminar-treninglari yordamida xotin-qizlarning liderlik qobiliyatini, intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda uni jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi amaliy ishlarda qo‘llashda katta hissa qo‘shib kelmoqda. Bundan tashqari, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, jamiyatda oila institutini mustahkamlash hamda yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish, ayollar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikni oldini olish hamda profilaktika qilish kabi dolzarb masalalarda  zamonaviy inter faol uslublarni qo‘llagan holda turli seminar-treninglar olib bormoqda.



Shuningdek, “ Uzluksiz ta’lim tizimida o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va ularda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish”, Sog‘lom turmush tarzi va oila”, “Millatlararo munosabatlardagi barqarorlik”, “Yuksak ma’naviy madaniyatning oila turmush tarzida shakllanishi”, “O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy tiklanish va ta’lim tizimidagi islohotlar”,  “Yangi O‘zbekistonda aholi salomatligi va ekologik masalalar”, “Ajdodlar merosi”, “Gender tengligi”, “Ayollarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy faolligi”, “Globallashuv davrida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash”, “Globallashuv davrida ommaviy madaniyatning ijtimoiy oqibatlari”, “O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning samarali mexanizmi”, “Tarix, millat va ma’naviyat masalalari”, “O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari”, “Yangi O‘zbekiston olimalarining ilm-fan va ta’limni rivojlantirish orqali barqaror dunyoni barpo etishdagi ishtiroki”, “Xotin-qizlarning mamlakat ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” kabi mavzulardagi xalqaro va respublika miqyosidagi seminar va konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.



D.Babajanova 2024 yil may oyida Turkiya Respublikasining 100-yilligiga bag‘ishlab Antaliya viloyatining Kemer shahrida Gazi va Kastamonu universitetlari  hamda Ta’lim ma’murlari va ekspertlari uyushmasi EYFOR 15-Xalqaro ta'lim boshqarmasi forumida “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni” mavzusida  ma’ruzasi bilan qatnashdi. Shuningdek, simpozium doirasida turkiyalik litsey va maktab o‘qituvchilari uchun  “Buyuk ajdodlarning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida “Mahorat darslari” ham o‘tkazib berdi.



Amir Temurning 660 yilligi, Xiva va Buxoro shaharlarining 2500 yilligi, Imom al Buxoriy va Ahmad al Farg‘oniyning tavallud to‘ylari, Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi, “Avesto”kitobi yaratilganining 2700 yilligi, Imom al Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy yubileylarida qilgan sermazmun ma’ruzalari,  shuningdek, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Mahmud Zamahshariy, Yusuf Xos Hojib, Mirzo Ulug‘bek singari mutafakkirlarimizga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy seminarlarni tashkil etishdagi samarali ishlari bilan o‘zining noyob iste’dodi, bilim va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etgan.



Ko‘p yillar davomida xalqimizning milliy-madaniy tarixiy merosi, zamonaviy sivilizatsiya rivojlanishining xalqaro, milliy, madaniy, tarixiy, sivilizatsion, tabiiy-ilmiy, ijtimoiy gumanitar, ma’naviy, lisoniy, falsafiy muammolari borasidagi ilmiy faoliyatining ko‘pgina qirralari bilan o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan professor Diloram Babajanova ushbu masalalarni yechishga astoydil kirishgan. So‘nggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda el aziz-Inson aziz” shiori ostida o‘tkazilgan “Madaniyat va ma’rifat” Karvoni, “Ma’naviyat” festivali doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12 ta viloyatda minglarcha insonlar bilan muloqotda faol targ‘ibotchi sifatida qatnashib, xalqimizning samimiy mehr-muhabbatini qozondi. O‘tkazilgan targ‘ibotlar doirasida mamlakatimizda bo‘layotgan islohotlar va yangilanishlarni xalqqa yetkazishda ulkan hissasini qo‘shib kelmoqda.



D.Babajanova o‘zining mehnatsevarligi, tashkilotchiligi, samimiyligi, kamtarinligi va yetuk ilmiy salohiyati tufayli respublika ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida katta obro‘ qozongan. Ish faoliyatini tartibga soluvchi qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar talablarini biladi hamda ular bilan ishlashda yuqori saviyaga ega, rahbariyat tomonidan berilgan vazifa va topshiriqlarga nisbatan mas’uliyat bilan yondashadi, ishni sifatli va belgilangan muddatda ijro etadi. Respublika Prezidenti va hukumati olib borayotgan odilona siyosatni chuqur tushunadi va unga ogʻishmay amal qiladi.