Olim

BARATOV SHARIF RAMAZONOVICH

Psixologiya fanlari doktori, professor

Baratov Sharif Ramazonovich 1960-yilda Buxoro viloyatining Kogon tumani Talicha qishlogʻida tugʻulgan. Sh. Baratov oʻz mehnat faoliyatini  1983-yildan Buxoro davlat pedagogika instituti Psixologiya kafedrasi oʻqituvchisi sifatida boshladi.



Dastlab Buxoro davlat pedagogika institutida (1979-1983y.y), keyinchalik Moskva shahridagi “Umumiy va pedagogik psixologiya” Ilmiy tadqiqot institutida ilmiy stajirovka   va aspiranturada tahsil oldi (1985-1983y.y). 1990-yilda psixologiya   fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini hamda  1998-yilda akademik Gʻ.B. Shoumarov rahbarligida “Oʻzbekistonda psixologik xizmat tashkil etilishining ilmiy-amaliy va ijtimoiy-psixologik asoslari”mavzusidagi  doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2005-yilda   professor unvonini oldi.



 



Sh.Baratov Oʻzbekistonda psixologik xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirishga asoslangan  ilmiy maktab  yaratdi va  ushbu yoʻnalishda tadqiqot olib borgan 4 nafar fan doktori hamda  25 nafar fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qildi. Sh.Baratov yurtimizda psixologiya fanini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar hamda loyihalarga rahbarlik qildi. Jumladan, uning rahbarligida 6 ta umumiy moliyaviy hajmi 3 mlrd soʻmdan ziyod boʻlgan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobida moliyalashtiriladigan amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar amalga oshirildi.



Sh. Baratov Xalqaro psixologiya fanlar akademiyasining 2024-yil 18-martdagi qaroriga asosan Xalqaro psixologiya fanlar akademiyasining vitse-prezidenti qilib saylandi.



Ayni paytda, Sh. Baratov Yaroslavl shahrida joylashgan Xalqaro psixologiya fanlar akademiyasining “Человеческий фактор”  hamda “За заслуги в психологии”   medallari bilan taqdirlangan.



Sh.Baratov respublikamizda psixologik xizmatni rivojlantirishga, bu sohaning muammolarni ilmiy hal etishga butun diqqat eʼtiborini qaratdi. Buning natijasida, Oʻzbekiston Respublikasida psixologik xizmat  sohasini olib kirdi va ilmiy maktabga asos soldi. U 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, 8 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar, 30 ta ilmiy uslubiy qoʻllanmalar, 8 ta monografiya muallifidir.



Professor Sh.Baratov Oʻzbekiston Respublikasi  Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK rayosatining qarori bilan tavsiya etilgan  dissertatsiya ishlari natijalari yuzasidan ilmiy maqolalar chop etilishi lozim boʻlgan zaruriy nashrlar roʻyxatiga kiritilgan    “Psixologiya”, “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar ilmiy axborotnomasi” hamda  “Вестник интегративной психологии (Ярославль)” ilmiy jurnallarining Bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



2021-yilning 1-dekabridan shu kunga qadar Sh.R.Baratov oʻzi asos solgan Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti rektori lavozimida faoliyat yuritib, respublikamizda professional psixologlar yetkazib berishda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.