Bazarov Dilshod Rayimovich 1961-yil 23-sentabrda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan, texnika fanlari doktori, professor. Taniqli injener-gidrotexnik olim, Oʻzbekiston respublikasi suv xoʻjaligi aʼlochisi, Gidroenergetika iftixori, Ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi ilmi sohasidagi Xalqaro Akademiyaning akademigi.
Dilshod Bazarov 1984 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutini tamomlab, injener-gidrotexnik mutaxassisligiga ega boʻlgan. Mexnat faoliyatini 1978 yilda Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida quruvchilikdan boshlagan.
Shuningdek ilmiy faoliyatini 1984-1987 yy.da Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida injener, kichik ilmiy xodim lavozimlarida boshlagan. 1988-1993 yy.da Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti “Gidravlika” kafedrasida assistent boʻlib ishlagan. 1991 yilda «Исследование наносного и гидравлического режима реки при бесплотинном водозаборе» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Shundan soʻng 1993-1997 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti “Gidravlika” kafedrasi dotsenti, 1993-1997 yy.da kafedra doktoranti. 1997-1998 yy.da TIQXMII Marketing xizmati va tadbirkorlik boʻlimi boshligʻi, 1999-2004 yy.da Iqtisodiyot va tadbirkorlik boʻyicha prorektor boʻlib faoliyat yuritgan.
2000 yilda «Научное обоснование новых численных методов расчета деформаций русел рек, сложенных легкоразмываемыми грунтами» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Moskva Ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi ilmiy tadqiqot institutida himoya qilgan va texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
Olimga 2000 yilda “dotsent”, 2015 yilda “professor” ilmiy unvoni berilgan.
2004-2005 yillar va 2008-2018 yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti “Gidravlika” kafedrasi professori, 2018 yildan hozirga qadar “Nasos stansiyalari va gidroelektrostansiyalar” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Olimning ilmiy ishlari va tadqiqot yoʻnalishlari qishloq va suv xoʻjaligi va gidroenergetika sohalarida, jumladan suv resurslaridan samarali foydalanish, gidrotexnika va gidroenergetika inshootlari ishonchliligi va xavfsizligi boʻyicha quyidagi ilmiy maktablarni yaratgan:
Sermahsul olim, 44 yillik mehnat va 34 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida qishloq va suv xoʻjaligiga minglab kadrlar tayyorlab berishda oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan. 2018 yilda “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” Respublika tanlovining “Mutaxassislik boʻyicha eng yaxshi pedagog” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan. Olim tomonidan 10 ta darslik, 150 dan ortiq ilmiy maqolalar, 8 ta oʻquv qoʻllanma, 1 ta elektron darslik, 7 ta monografiya va 10 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalar chop etilgan. U hozirga qadar 2 nafar fan doktori, 11 nafar falsafa doktori, 17 nafar magistrlar tayyorladi. Shogirdlaridan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori boʻldi.
Olim Amudaryoning yuqori oqimini boshqarishda suv resurslarining samaradorligini oshirish va Aydarkoʻlni oquvchi koʻlga aylantirish boʻyicha ilmiy asoslangan konsepsiya, nasos stansiyalaridan foydalanish va toʻgʻonsiz suv olishdagi tavsiyanomalar muallifi hisoblanadi.
Bugungi kunda olimning shogirdlari Oʻzbekistonda, Oʻrta Osiyo respublikalarida va xorijiy (AQSh, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Afgʻoniston va boshqa) mamlakatlarda samarali mehnat faoliyatini olib bormoqdalar.
Olim OAK roʻyxatidan oʻtgan Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg Politexnika universitetidagi “AlfaBuild” jurnalida redkollegiya aʼzosi va taqrizchisi, “Oʻzbekgidroenergetika” jurnalida tahrir hay’ati aʼzosi, Moskva Davlat Qurilish Universiteti muhandislik yoʻnalishidagi jurnal tahrir kengashi aʼzosi va muharrir oʻrinbosari sifatida faoliyat koʻrsatadi.
Hozirda olim SCOPUS reyting bazasida roʻyxatdan oʻtgan “Magazine of Civil Engineering” (Q3) jurnalda redkollegiya aʼzosi va taqrizchisi hamda “E3S Web of Conferences” (Q3), “AIP Conference Proceedings” (Q4), “IOP Publishing” (Q4) kabi nufuzli ilmiy jurnallarda 1350 dan ortiq konferensiya materiallarini chop etishda bosh muharrir sifatida faoliyat olib bormoqda.
Tajribali olim SCOPUS reyting bazasida roʻyxatdan oʻtgan (Q1) jurnallarda muntazam ilmiy maqolalar chop etib, hozirga qadar oʻtkazilgan 10 dan ortiq xalqaro ilmiy – amaliy konferensiyalar bosh tashkilotchisi hisoblanadi.
Olimning ilmiy-pedagogik faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2020 yilda “Oʻzbekiston respublikasi suv xoʻjaligi aʼlochisi” va 2022 yilda “Gidroenergetika iftixori” kabi koʻkrak nishonlari bilan mukofotlangan.