Olim

BEKMURODOV MANSUR BOBOMURODOVICH

Sotsiologiya fanlar doktori, professor

Professor Mansur Bobomurodovich Bekmurodov 2017 yildan buyon Davlat boshqaruvi akademiyada kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. M.Bekmurodov mamlakatimizda ijtimoiy fanlar rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan olimlardan biri hisoblanadi. Xususan, u 50 yil davomida Oʻzbekistonda sotsiologiya fanini alohida fan sifatida shakllanishi va institutsionallashtirish borasida faol ilmiy va tashkiliy faoliyat bilan shugʻullanib kelmoqda. U oʻzining butun kasbiy faoliyati davomida sotsiologik nazariyalarni ishlab chiqish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazishni sifat jihatidan yangi va zamonaviy tadqiqot amaliyotini shakllantirishga, shuningdek, jamoatchilik fikrini oʻrganishda tizimli monitoringini taʼminlashga muhim hissa qoʻshib kelmoqda.



Moskva davlat madaniyat institutining doktoranti sifatida M.Bekmurodov

“Oliy oʻquv yurtlari talabalarining kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish” mavzusida fan nomzodi dissertatsiyasini 1987 yili himoya qilgan, unda oʻqitish va empirik tadqiqotlar olib borishda ilmiy va tashkiliy faoliyatning dualistik kombinatsiyasining fundamental uslubiy yondashuvlari taqdim etgan.



1987 yilda M.Bekmurodov tashabbusi bilan Davlat boshqaruvi akademiyasiga ishga kelguniga qadar u 40 yil Madaniyat institutida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent professor, dekan va prorektor lavozimlarida ishlagan. Shaxsan M.Bekmurodovning saʼy harakatlari va tashabbusi bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutida “Madaniyat sotsiologiyasi” yoʻnalishi ochildi va hozirgi kunga qadar bu yoʻnalish “Ijtimoiy-madaniy faoliyat” nomi bilan faoliyat koʻrsatmoqda.



Aynan shu taʼlim muassasasi Oʻzbekistonda “Ijtimoiy ish” taʼlim yoʻnalishini yangi yoʻnalish sifatida muvaffaqiyatli joriy etgan birinchi tayanch oliy taʼlim muassasasi boʻldi. 2008 yildan boshlab esa Oʻzbekistonning boshqa oliy taʼlim muassasasi, jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Fargʻona, Buxoro va Samarqand davlat universitetlarida alohida taʼlim yoʻnalishi sifatida “Ijtimoiy ish” yoʻnalishi ochilishiga taʼlimiy va meʼyoriy hujjatlar, yaʼni taʼlim standarti, oʻquv reja va dasturlar tayyorlab berish orqali koʻmaklashdi.



2004 yildan 2010 yilgacha boʻlgan davrda professor M.Bekmurodov Oliy taʼlim vazirligida tahlil etilgan Sotsiologik tadqiqot guruhiga rahbarlik qilib, mutaxassislarni tayyorlash sifati va darajasini oshirish bilan birga taʼlim tarbiya ishlarini sotsiologik tadqiqotlar orqali monitoring qilishda ishtirok etdi.



Professor M.Bekmurodovning mamlakatimizda ijtimoiy fanlar taraqqiyotini rivojlantirishga boʻlgan saʼy-harakatlari natijasida Oʻzbekistonda sotsiologiya faniga asos solindi. Shuningdek, M.Bekmurodovning tashabbusi bilan “Sotsiologiya”, “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikri”, “Farosat ilmi”, “Oʻzbek mentaliteti”, “Shukronalik falsafasi”, “Ijtimoiy davlat”, “Zamonaviy boshqaruv sotsiologiyasi” masalalariga alohida eʼtibor qaratib, ularni chuqur oʻrganish asosida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.



Professor M.Bekmurodovning taklifi bilan 2005-2010 yillarda Oʻzbekiston respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidagi barcha taʼlim muassasalarida “Ustoz – shogirdlik” tizimi joriy etilgan. Mazkur tizim bugungi kunda ham respublikamizning aksariyat taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya jarayonlari samaradorligini taʼminlash uchun xizmat qilmoqda.



Bundan tashqari M.Bekmurodov Respublika “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining ochilishiga, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnali, shuningdek, “Kutubxona” jurnalining tashkil etilishida katta hissa qoʻshgan. Hozirgi kunda u “Jamiyat va boshqaruv”, “Psixologiya”, “Turizm olami”, “Fan va taʼlim”, “Ijtimoiy tadqiqotlar” va “Oʻzbekistondan ijtimoiy fanlar” kabi ilmiy jurnallarining tahririyat aʼzosi hisoblanadi.



Professor M.Bekmurodov ishtirokida mamlakatimizda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha birinchi milliy sotsiologik markazini tashkil etish ishchi guruh aʼzosi sifatida ishlagan. Oʻsha davrdan boshlab, 10 yil davomida professor M.Bekmurodov “Ijtimoiy fikr”, “Inson huquqlari” sotsiologik ilmiy jurnallarida bosh muharrir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.



M.Bekmurodovning ekspert sifatidagi tavsiyasiga koʻra “Ekspert fikri”, “TASMI”, “ITA — Fakt”, “Tahlil”, “FIKR” Nodavlat notijorat sotsiologik tadqiqot markazlarini ochilishiga hissa qoʻshgan.



2018 yilda Oʻzbekistonda sotsiologiyaning fan sifatida rivojlanishiga qoʻshilgan hissalardan biri Oʻzbekistonda ilk bor sotsiologiya fani boʻyicha (РhD hamda DSc) ilmiy darajalar beruvchi 22.00.01, 22.00.02 va 22.00.03 shifrlari boʻyicha DSc.20/30.12.2019.S.23.02 raqamli Ilmiy Kengash tashkil etilib, shu kunga qadar u yerda professor M.Bekmurodov nazariy va empirik tadqiqotlar uchun ilmiy kadrlar salohiyatini mustahkamlashda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Oʻtgan yillar davomida 15 nafar fan doktori, 67 nafar fan nomzodi tayyorlandi. Professor M.Bekmurodov 8 nafar fan doktori va 19 nafar fan nomzodining ilmiy rahbari va maslahatchisi hisoblanadi. Shu bilan birga, 2 nafar Prezident stipendiyasi va 5 nafar Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohiblari rahbari hisoblanadi.



M. Bekmurodov tomonidan mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda 300 ga yaqin oʻquv va ilmiy ishlari, jumladan, 5 ta darslik, 24 ta monografiya, 11 ta oʻquv qoʻllanmalar chop etilgan. U Markaziy Osiyo va Qozogʻiston davlatlari etnolog va sotsiolog olimlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Markaziy Osiyo va Qozogʻiston Etno-sotsiologik tadqiqotlar markazining masʼul vakilidir. Fransiya, Isroil, Koreya, Tayland, Rossiya, Qozogʻiston, Malayziya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilgan nufuzli konferensiyalarda maʼruzalar bilan koʻplab chiqishlar qilgan.



Professor M.Bekmurodov 2018 yili Toshkent shahridagi “Koʻkcha darvoza” mahallasida, 2021 -2022 yillari Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida sotsiologik yondashuvni qoʻllash orqali odamlarning hayotini farovonlashuvi, tumanning ishsizlikdan xoli hududga aylanishi, yoshlarni xorijga ish izlab ketishini keskin kamayishiga oʻzining hissasini qoʻshgan. Natijada Yangibozor tumanida 25 ta yirik va 74 ta oʻrta va kichik korxonalar barpo etilib, tumanning ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylanishi, ajrimlarning 5 baravarga kamayganligi, 25 yoshgacha boʻlgan yoshlarning xorijga ish izlab ketishining keskin kamayishiga erishilgan.



Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” doirasida M.Bekmurodov aholini savodxonligini oshirish maqsadida respublikamizning 9 ta shahar va tumanlarda jamoatchilik kutubxonalari tashkil etgan. Shuningdek, aholini turmush darajasini oʻrganish boʻyicha uning tashabbusi va rahbarligida respublikada birinchi bor sotsiologik tadqiqot oʻtkazilib, mahallalarning faoliyatini yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalari ishlab chiqildi. Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali sotsiologik ilmiy faoliyat asoslarini targʻib qilishda ham professor M.Bekmurodov faol ilmiy va tashkiliy faollik koʻrsatmoqda.



Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati va ilmiy jamoasi professor M.Bekmurodovni Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarning haqiqiy ishtirokchisi, shogirdlariga mehribon ustoz, ilm va fan fidoyisi hamda zabardast olim sifatida biladi.