N.Bekova Buxoro davlat pedagogika institutining oʻzbek, tojik filologiyasi va chet tillar fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimini 1992 yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1992 yilda Peshkoʻ tumanidagi Abdurahmon Jomiy nomli 6-oʻrta maktabda oʻzbek tili va adabiyotidan dars bergan. 1993-1998 yillarda Navoiy viloyati Zarafshon shahar radiosida bosh muharrir lavozimida ishlagan. 1999 yildan oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasiga oʻqituvchi lavozimida ishga qabul qilindi. N.Bekova 2000-2003 yillarda Buxoro davlat universiteti tasavvuf va oʻzbek adabiyoti kafedrasi huzuridagi kunduzgi aspiranturada oʻqib, professor R.Vohidov rahbarligida “Alisher Navoiyning hamd gʻazallari va “Ruh ul-quds” qasidasining badiiyati va manbalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yakunlab, 2003 yilning 10 dekabrida OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining Ixtisoslashgan kengash yigʻilishida muvaffaqiyatli himoya qildi.
N.Bekova 2005 yilning 8 iyulidan kafedra dotsenti lavozimida ishlagan . U oʻzbek filologiyasi fakulteti talabalariga “Oʻzbek adabiyoti oʻqitish metodikasi”, “Turkiy xalqlar adabiyoti”, “Mumtoz tarixiy poetika”, “Navoiyshunoslik”, “Maxsus fanlarni oʻqitish metodikasi” kabi fanlardan mashgʻulotlar olib boradi. Darslarida davr talabi asosida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanadi. U bir nechta dolzarb mavzularda ochiq maʼruzalar tashkil etib, mutaxassislar eʼtiborini muammoli masalalarga qaratadi.
Ayniqsa, uning “Adabiyot oʻqitishning dolzarb muammolari” mavzusidagi ochiq leksiyasida respublikamizning turli oliy oʻquv yurtlaridan ekspert aʼzosi sifatida ishtirok etgan professor-oʻqituvchilar maʼruzachining pedagogik mahoratiga yuqori baho berib, namuna sifatida mazkur tajribani targʻib etish taklifini bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashdi. Bu masala universitet ilmiy kengashida ham koʻrib chiqildi va N.J.Bekova tomonidan ochiq leksiya namunali oʻtkazilganligi qayd etildi.
2008-2015-yillarda Ibn Sino nomidagi Buxoro mintaqaviy ilmiy markazi Yoshlar akademiyasi prezidenti lavozimida ishlab, ibratli faoliyat yuritib keldi. Bir nechta iqtidorli yoshlarning qobiliyatini roʻyobga chiqarishda turli soha vakillari bilan hamkorlikda ishladi. Buxoro iqtidorli yoshlaridan beminnat va xolis yordamini ayamadi va hamon ularga qoʻsh qanot boʻlib kelmoqda.
N.Bekova 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar, 10 ta monografiya, 6 ta elektron darslik, 30 dan ortiq darslik, oʻquv-qoʻllanma, oʻquv-metodik qoʻllanmalar muallifidir. Ilgʻor pedagog sifatida darslarini IPT asosida tashkil etib, “Tasavvuf poetikasi”, “Adabiyot oʻqitish metodikasi” ,”Oʻzbek adabiyoti”, “Turkiy xalqlar adabiyoti” fanlaridan elektron darslik tuzdi.
BuxDU huzuridagi 4-akademik litsey uslubiy yordam koʻrsatish guruhining kichik ishchi guruhida 2010-2014-yillarda raislik qildi. Litseyda har yili turli-tuman mavzularda tadbirlar va namunali darslar tashkil etib, namunali uslubiy yordam koʻrsatdi.
Dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Turkiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiya federatsiyasida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy anjumanlarda dolzarb mavzularda maʼruza qildi. Filologiya sohasi boʻyicha jahonning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda monografiya, risola, maqolalar yozib, mazkur soha rivojiga jahon miqyosida ham oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Jumladan, Turkiyalik Hikmat Korash hamda Funda Toprak, Ozarbayjonlik Almaz ulvi Binnatova, Natella Zakirli, Tojikistonlik Ruxshona Vosiyevalar bilan hamkorlikda Alisher Navoiy adabiy merosi tadqiqiga oid ilmiy ishlari ketma-ket nashr qilinmoqda.
Jahonning nufuzli jurnallarida 50dan ortiq ilmiy maqolalari eʼlon qilindi.
“Navoiy forsiy merosining janriy tarkibi va badiiyati” mavzusidagi doktorlik ishini 2021 yilda Samarqand ilmiy darajalar beruvchi kengashida himoya qildi. U ilmiy tadqiqoti yoʻnalishida 190 dan ortiq maqola va tezislar eʼlon qilib, ilmiy anjumanlarda dolzarb muammolarga oid maʼruzalar bilan ishtirok etmoqda.
Nazora Bekova mehnat faoliyati davomida 20 ta magistrlik dissertatsiyasi, 43 ta MBI va 8 ta doktorant hamda mustaqil tadqiqotchiga rahbarlik qildi. Uning ilmiy rahbarligida 5 ta tadqiqotchi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olishga erishdi. OʻzR Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikda tuzilgan “Navoiy qomusi”ning asosiy mualliflaridan biridir. U OʻzR FA Til va adabiyot instituti tomonidan tayyorlangan “Navoiy qomusi” lugʻatini tuzishda ishtirok etib, shu nomdagi ilmiy grantga aʼzo sifatida samarali faoliyat koʻrsatdi. Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat va Buxoro olimlarining navoiyshunoslikka qoʻshgan hissasini qomus talablari asosida toʻplab, boyitishda oʻz hissasini qoʻshdi.
N.Bekova adabiyotshunos olima, jonkuyar murabbiy, faol maʼnaviyat-maʼrifat targʻibotchisi sifatida nafaqat universitet, balki shahar, viloyat va respublika miqyosida oʻtkaziladigan turli tadbirlarda ishtirok etadi, ommaviy axborot vositalarida mazmunli chiqishlar qiladi. U 2006-yildan 2014-yilgacha Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi toponimik komissiyasining aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatdi.
U Oʻzbekiston telekanali “Navoiyni anglash” koʻrsatuvining doimiy faol aʼzosi sifatida teletomoshabinlar nazariga tushgan navoiyshunos olimadir.
Olima 2007 yildan buyon Xalqaro
Antigue Woriod ilmiy akademiyasi doktori, professori va laureati. 2015 yilning 16 mayidan esa mazkur akademiyaning akademigi unvonini olishga muvaffaq boʻldi.
Nazora Bekova dunyoning Top-1000 roʻyxatidan oʻrin olgan turli oliygohlarda boʻlib, Oʻzbekistonning filologiya sohasi boʻyicha erishgan yutuqlarini tinmay keng targʻib qilmoqda.
N.Bekova xorijlik talabalarga turli qiziqarli mavzularda maʼruzalar qiladi. Ayniqsa, Qozogʻistonda Abay, Muxtor Avezov, Ozarbayjonda Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Tojikistonda Rudakiy, Loyiq Sherali, Qirgʻizistonda Chingiz Aytmatovga doir olib borgan saboqlari qardosh xalq talabalarida nihoyatda iliq taassurot uygʻotdi .
Tinib- tinchimas olima taʼtil kunlarida- joriy yilning 1 iyul oyida "Yozgi maktab" loyihasi doirasida dunyoning Top-1000 roʻyxatidan olgan Shvetsariyaning Syurix universitetidan bir qator professor oʻqituvchilar, talabalarga Abu Mansur Muhammad al-Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar hayoti va maʼnaviy merosi haqida darslar tashkil etdi, juda samarali natijalarga erishdi.
Koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun N.Bekova universitet rahbariyati, shahar, viloyat hokimligi, Xalq taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda respublikamizning turli nufuzli organlari tomonidan “Faxriy yorliq” va “Tashakkurnoma”lar bilan taqdirlangan.
Shuningdek, N.Bekova universitet va fakultet, shahar, viloyat, respublika jamoat ishlarida faol ishtirok etadi, jamoa orasida hurmatga sazovor. Har bir topshiriqni oʻz vaqtida sidqidildan bajaradi. N.Bekova oʻzi faoliyat yuritayotgan kafedra, fakultet, universitetda ham alohida yutuqlari bilan ajralib turadi. U juda sermahsul faoliyat koʻrsatadi.
N.Bekova jamoa manfaatlarini himoya qilib, fidoiylik bilan xizmat qiladi. Adabiyotshunos olima fakultet huzurida tashkil etilgan “Ijodkor yoshlar” markazining rahbari, ilmiy ishlar boʻyicha dekan muovini lavozimida ham samarali ishladi. Yoshlarning jonkuyar murabbiysi rahbarligida yosh qalamkashlarning ijod namunalari sayqallanib, nashrga tayyorlanadi, ommaviy axborot vositalarida targʻib qilindi va qilinmoqda. N.Bekova oʻz malakasini doimiy ravishda oshirib boradi.