1974 yil 10 sentabrida Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida tugʻilgan.
1997 yilda Buxoro davlat universitetini tuproqshunoslik va agrokimyo mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
1997-2005 yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida (oldingi Tuproqshunoslik va agrokimyo davlat ilmiy-tadqiqot instituti) aspirant, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim.
2005-2013 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi boʻlimi boshligʻi.
2013-2015 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi taʼlim muassasasi direktori.
2015-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bosh mutaxassisi, boʻlimi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
2020 yil yanvar oyidan hozirgi kunga qadar Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida mehnat faoliyatini yuritib kelmoqda.
Ilmiy faoliyat. Sh.Bobomurodov 2002 yil “Zarafshon quyi oqimi sugʻoriladigan tuproqlarining ishlab chiqarish qobiliyati va uni oshirish usullari” mavzusida 03.00.27– “Tuproqshunoslik” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 2007 yil “Tuproqshunoslik” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan.
Tuproqshunoslikda ilk bor sahro mintaqasi tuproqlarida (Qorakoʻl vohasi) noanʼanaviy tabiiy oʻgʻitlar- bentonit va bentonitli loylar, koʻl va daryolarning mineral yotqiziqlari va ularning organik oʻgʻitlar aralashmasidan tayyorlangan kompostlarning tuproqlar unumdorligini oshirishdagi roli oʻrganilgan, ijobiy ilmiy natijalar olingan.
2019 yilda “Tuproqshunoslikda zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini (GAT) qoʻllash samaradorligining ilmiy-amaliy asoslari” mavzusida 03.00.13-“Tuproqshunoslik” ixtisosligida biologiya fanlari boʻyicha fan doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Tuproqshunoslikda zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini (GAT) qoʻllash samaradorligining ilmiy-amaliy asoslari boʻyicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlari asosida quyidagi natijalarga erishgan:
ilk bor tuproq qoplami zamonaviy geoaxborot texnologiyalari yordamida majmuaviy tahlil qilinib, natijalardan tezkor va qulay foydalanish imkonini beruvchi tizim ishlab chiqilgan;
rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribalari asosida respublikamiz tuproqshunoslik, kartografiya va yer resurslarini boshqarish sohalarida geoaxborot tizimlaridan foydalanishning ilmiy asoslari aniqlangan va tamoyillari ishlab chiqilgan;
tuproq xossalarini va unumdorlik holatini aks ettiruvchi atributiv maʼlumotlar strukturasi va bazasi ishlab chiqilgan, tuproq tadqiqotlarini olib borish va maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish hamda natijalarini taqdim qilish boʻyicha tuproq geoaxborot-tahliliy tizimi (TGATT) yaratilgan;
axborotlarni yangilash, maʼlumotlarni qidirish va tarqatish boʻyicha mutaxassislarning qoʻl mehnati xarajatlarini kamaytiruvchi, sohaga oid maʼlumotlarning haqqoniyligi va ulardan foydalanish samaradorligini oshiruvchi “Tuproq axborot-tahliliy tizimi” dasturiy taʼminoti yaratilgan.
Hozirda shogirdlari bilan birgalikda tuproqlar degradatsiyasini oldini olish va yumshatish, tuproqshunoslik va agrokimyo sohalarini raqamlashtirish, GAT-texnologiyalaridan foydalangan holda ekinlarni optimal joylashtirishning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish, respublika tuproqlarini kimyoviy tahlil qilishda 51ISO/TC 190 Soil Quality asosida 26 turdagi xalqaro tuproq kimyoviy tahlillari standarti joriy qilish, tuproq unumdorligini qayta tiklash va oshirishga qaratilgan, tuproq shoʻrlanishini kamaytirishda zamonaviy biologik preparatlarni sinash, tuproqlar unumdorligini muhofazalashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Respublikamizda ilk marotaba qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida tuproqlarning sogʻlomlik darajasini baholovchi xalqaro indekslarni (SQI) joriy qilish hamda ular asosida tuproq-ekologik xaritalarini ishlab chiqish yoʻnalishlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida izlanishlar olib borilmoqda.
Sh.Bobomurodov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2019 yil 30 dekabrdagi 421-sonli qaroriga muvofiq Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.25/30.12.2019.Qx/B. 43.01 raqamli qishloq xoʻjaligi va biologiya fanlari boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi boʻlgan, 2020 yildan buyon mazkur Ilmiy kengash raisi hisoblanadi.
2017-2019 yillar mobaynida biologiya fanlari boʻyicha 2 ta fan doktori (DSc) va 3 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalariga rasmiy opponentlik qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining “Tuproqshunoslik” ixtisosligi boʻyicha malakaviy imtihonlarni oʻtkazish komissiyasi raisi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining 2022 yil 4 noyabrdagi buyrugʻi asosida “Oʻrmon xoʻjaligi, tuproqshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha Ilmiy-texnik kengash raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Uning rahbarligida 2020-2023 yillar mobaynida Buxoro (265 ming ga), Andijon (230 ming ga), Sirdaryo (263 ming ga), Samarqand (143 ming ga) va Jizzax (277 ming ga) viloyatlarida tuproqlarni baholash, Buxoro (265 ming ga), Jizzax (268 ming ga) va Sirdaryo (197 ming ga), Samarqand (143 ming ga) viloyatlarida tuproqlarning agrokimyoviy kartogrammalarini tuzish, shuningdek, Sirdaryo (254 ming ga), Navoiy (95 ming ga), Fargʻona (169 ming ga), Andijon (55 ming ga), Jizzax (222,3 ming ga), Buxoro (225 ming ga) va Xorazm (219 ming ga ) viloyatlarining sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari shoʻrlangan tuproqlarini xaritaga tushirish ishlari bajarildi hamda ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalar agroklaster va fermer xoʻjaliklariga taqdim etildi.
Sh.Bobomurodovning bevosita tashabbusi bilan tuproqshunoslik sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimini keng joriy etish yuzasidan institutda “Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika boʻlimi” yangidan tashkil etildi. Hozirda mazkur boʻlim tomonidan tuproqshunoslikda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish yuzasidan Sirdaryo viloyatida ilmiy-amaliy loyiha bajarilmoqda.
BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlik doirasida 2022 yilda institutda “Raqamli geoaxborot texnologiyalari markazi” tashkil etildi. Tadqiqotlarda olingan barcha tuproq maʼlumotlari Qishloq xoʻjaligi vazirligining “onlayn” tarzdagi “geoportal” geofazoviy axborot tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri yuborilmoqda.
Uning rahbarligida institutning xalqaro hamkorligi yanada rivojlandi. AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlar tuproqshunos olimlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ushbu mamlakatlarda tuproqshunoslik sohalarida erishilgan yutuqlarni respublika tuproqlariga keng joriy qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Sh.Bobomurodovning bevosita rahbarligida tuproqshunoslik yoʻnalishida respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy izlanishlarni keng yoritish maqsadida institut huzurida ilk bor “Tuproqshunoslik va agrokimyo” ilmiy jurnali tashkil etildi.
Sh.Bobomurodovning bevosita rahbarligida 2021 yilda 5 dekabr — Butunjahon tuproq kuni hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining 100 yillik yubileyi munosabati bilan “Zamonaviy jamiyatda tuproqshunoslik: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida 40 dan ortiq dunyoning koʻzga koʻringan xorijiy tuproqshunos olimlari ishtirokida Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani yuqori saviyada tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 139-bandi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqishda bevosita qatnashgan.
Sh.Bobomurodov tashabbusi bilan respublika sharoitida birinchi marta tuproq tadqiqotlarni tez va sifatli oʻtkazish, joyning oʻzida natijalar olish imkonini beruvchi, tuproqning ball boniteti va kimyoviy tarkibi boʻyicha birlamchi tezkor va sifatli maʼlumotlarga ega boʻlish maqsadida jahon andozalariga mos keladigan “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari tashkil etildi. Bu esa oʻz navbatida yangidan tashkil etilayotgan klaster va fermer xoʻjaliklari uchun tezkor ravishda yer maydonlarining meliorativ holatini aniqlash va oʻgʻitlarni tabaqalashtirgan holda qoʻllash imkonini beradi.
Asosiy ilmiy-uslubiy ishlari: Yuqoridagi qayd etilgan yoʻnalishlarda olib borilgan ilmiy-tadqiqotlari asosida 3 ta monografiya, 3 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 9 ta tavsiyanoma, 130 dan ortiq maqolalar chop etgan boʻlib, shulardan 20 tasi nufuzli xorijiy va xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan. 6 ta mualliflik guvohnomasi olingan.
U hozirgi kunda 2 nafar tayanch doktorantga ilmiy rahbarlik va 3 nafar mustaqil tadqiqotchiga ilmiy maslahatchilik qilmoqda.