Boboyev Sayfulla Gʻafurovich 1979-yilning 13-martida, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida ziyoli oilada tugʻilgan. Bugungi kunda yurtimizning taniqli olimiga aylangan Sayfulla Boboyevni bu darajaga yetishida oddiy maktab oʻqituvchisi boʻlib tarbiyalagan otasi Gʻafurjon ota va uy bekasi boʻlgan onasi Oyshahar onaning xizmatlari beqiyosdir. Ularning oʻgit va duolari bilan 1996 yilda poytaxtga yoʻl olgan S.Boboyev 2000-yil Toshkent Davlat agrar universiteti (ToshDAU)ning Agranomiya fakultetini tamomlagan va bakalavr darajasini (olim agronom), 2006-yilda shu universitetning magistratura boʻlimini tamomlab, magistr darajasini (gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi) olishga muyassar boʻlgan.
Sayfulla Gʻafurovich 2009-yilda 06.01.05-Seleksiya va urugʻchilik ixtisosligi boʻyicha “Genomlararo gʻoʻza duragaylari asosida seleksiya uchun boshlangʻich ashyo yaratish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan boʻlsa, 2011-yilda “Seleksiya va urugʻchilik” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan. 2017-yilda 03.00.09-Umumiy genetika ixtisosligi boʻyicha “Murakkab turlararo duragaylash orqali gʻoʻzaning koʻp genomli yangi duragaylarini yaratish va xususiyatlarini ochib berish” mavzusida fan doktori dissertatsiyasini himoya qilgan va biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini va 2021-yilda shu ixtisoslik boʻyicha professor ilmiy unvonini olgan. 2018-yildan Rossiya oziq-ovqat xavfsizligi akademiyasi akademigi hisoblanadi. S.Gʻ.Boboyev ilmiy sohadagi faoliyatini 2000-yili Oʻzbekiston Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutining “Gʻoʻza genetikasi va sitologiyasi” laboratoriyasida kichik ilmiy xodimlik lavozimidan boshlagan va 2013-yilgacha boʻlgan davrda shu laboratoriya ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi va laboratoriya mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Bu davrda 4F.1-11, A-11-071, QXA-9-047, QXA-8-078 loyihalarining asosiy ijrochisi, QXFYO-01-4, QXAYO-8-01 loyihalari rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
Boboyev Sayfulla Gʻafurovich Oʻzbekiston Milliy universitetidagi faoliyatini 2014-yildan doktorant (DSc) sifatida boshlagan va oʻz muddatida 2017-yilda himoya qilib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Shu yildan Biologiya fakulteti “Genetika” kafedrasi dotsenti lavozimida ish boshlab, 2018-yilning martidan hozirgi vaqtga qadar Genetika kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Kafedradagi pedagogik faoliyati davomida “Genomika asoslari”, “Oʻsimliklar sitoembriologiyasi”, “Oʻsimlik va hayvonlar sitoembriologiyasi”, “Seleksiya asoslari”, “Evolyutsiya nazariyasi”, “Tibbiyot genetikasi”, “Molekulyar genetika”, “Odam genetikasi”, “Molekulyar genetika va gen injeneriyasi”, “Biologiyaning dolzarb muammolari” kabi fanlardan maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari olib borgan.
Universitetdagi faoliyati davomida OT-A-QX-2018-348 va A-8-10 sonli amaliy loyihalari rahbari ITD-6-01-sonli loyihaning asosiy ijrochisi boʻlgan boʻlsa, IL-632204138-“Orol dengizining qurigan tubi hududida biopreparatlarni joriy qilgan holda tuproq xossalarini yaxshilash va minerallashgan kollektor-zovur suvlarini yaylov ekinlarini yetishtirishda foydalanish orqali tuzga chidamli turlarini tanlash” va IL-632204172 -“Shoʻrlangan tuproqlarda oʻsuvchi ayrim istiqbolli efir moyli oʻsimliklarni Orolboʻyi Moʻynoq tumani hududida yetishtirish va uni amaliyotga joriy etish” mavzularidagi amaliy loyihalar yetakchi ilmiy xodimi sifatida tadqiqotlar olib borgan.
Koʻp yillik tadqiqotlari natijasida asosiy va hammualliflikda yaratilgan gʻoʻza navlari uchun 9 ta patent egasidir. Ish faoliyati davomida 250 ga yaqin ilmiy ish chop etilgan boʻlib, ular orasida hammualliflikda chop etilgan “Genetika va genomika asoslari” va “Sitologiya va gistologiya” darsliklari, “Genomika asoslari” va “Oʻsimliklar genetikasi” oʻquv qoʻllanmalarini alohida tilga olish mumkin. Shu jumladan 4 ta monografiya, 5 ta uslubiy koʻrsatma va 80 dan ortiq mahalliy va xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar (30 ga yaqin xorijiy, 8 ta Scopus bazasida), 120 dan ortiq Xalqaro va Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari toʻplamlarida tezislar chop etilgan.
S.Gʻ.Boboyev “Ustoz-shogird” tizimida iqtidorli talabalar, magistrlar, doktorantlar va izlanuvchilar bilan samarali ishlar olib borishni yoʻlga qoʻygan, jumladan, uning rahbarligida 1 nafar fan doktori (DSc), 1 nafar biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, 20 nafardan ortiq magistrlar dissertatsiya ishlarini himoya qilgan va hozirda 3 nafar tayanch doktorantga rahbarlik qilib kelmoqda. Soʻnggi 5 yil davomida 20 ga yaqin fan doktorlik dissertatsiya ishlariga rasmiy opponentlik qilgan. Soʻnggi 2 yil davomida dunyoning TOP-1000 talik universitetlari qatorida turuvchi M.Auyezov nomidagi Janubiy-Qozogʻiston davlat universiteti talabalariga ham maʼruzalar oʻqib keladi. Pokiston davlatining Biotexnologiya va gen injeneriyasi institutida 6 oylik stajirovkalarda boʻlib oʻz bilimini boyitib qaytgan.
2020-yildan “Scientific Progress” ilmiy jurnali va 2022-yildan “Modern Biology and Genetics” jurnalining tahrir hayʼati aʼzosi hisoblanadi. S.Gʻ.Boboyev ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash va uning qoshidagi Ilmiy seminarlarda ham faol ishtirok etib, OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.B.53.01 raqamli ilmiy kengash qoshidagi 03.00.09-Umumiy genetika ixtisosligi boʻyicha ilmiy seminar aʼzosi, “TIQXMMI” MTU huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti huzuridagi DSc.03/14.07.2 raqamli ilmiy kengashi va ilmiy seminari aʼzosi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi qoshidagi “Biologiya” fanlari ilmiy-texnik kengashi aʼzosi va “Qishloq xoʻjaligi va atrof muhitni muhofaza qilish” fanlari ilmiy texnik kengashida 2 muddat davomida rais oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
S.Gʻ.Boboyev tomonidan ilk bor gʻoʻzaning D1, D5, A2, AD1, AD2 genom guruhlariga mansub G. thurberi Tod. x G. raimondii Ulbr. x G. arboreum L.) x G.hirsutum L.] x G.hirsutum L.} sxemasidagi 4 genomli va {[(G. thurberi Tod. x G. raimondii Ulbr. x G. arboreum L.) x G.hirsutum L.] x G.barbadense L.} sxemasidagi 5 genomli murakkab genomlararo duragaylari yaratilgan. Madaniy tetraploid turlar genotipini boyitishda yovvoyi turlarning samaradorligi aniqlangan. Yangi murakkab genomlararo duragaylarda morfo-biologik va qimmatli xoʻjalik belgilarining irsiylanishi va oʻzgaruvchanlik qonuniyatlari hamda xoʻjalik belgilar orasidagi korrelyatsion bogʻliqliklar aniqlangan. Genomlararo murakkab duragaylarni sintez qilishda kuzatiladigan qiyin chatishuvchanlik, duragaylarining somatik hujayralaridagi xromosomalar sonining tebranishi, xromosomalar morfologiyasi, mikrosporogenez bosqichlarida kechadigan nuqsonlar, xromosomalar konyugatsiyasi, meyozning metafaza (MII) va anafaza (AII) bosqichlaridagi buzilish va nuqsonlar hamda ularni meyotik indeksga taʼsiri ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
Koʻp yillik tadqiqotlar asosida qimmatli-xoʻjalik belgilarning ijobiy majmuasiga ega boʻlgan yangi 100 dan ortiq oilalar va 20 dan ortiq tizmalari ajratib olinib, amaliy genetik-seleksion tadqiqotlarda foydalanish uchun taqdim etilgan. Olingan ilmiy natijalar asosida tezpisharligi, hosildorligi, tolasining yuqori sifati hamda vilt kasalligiga bardoshliligi boʻyicha ajralib turuvchi nav namunalari bilan gʻoʻza kolleksiyasi boyitilgan. Gʻoʻzaning yovvoyi turlari genotipi hisobiga boyitilgan, turli biotik va abiotik omillarga bardoshli, xoʻjalik belgilari ishlab chiqarish talablariga mos boʻlgan, SP-1303, SP-Kamolot, S-7277, Kamolot-79 kabi navlari yaratilgan. Hozirda ushbu navlarning ekin maydonlarini kengaytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.