Olim

BOBOYEV SOBIRJON MURODULLAYEVICH

Texnika fanlari doktori, professor

S.Boboyev 1981 yilda Kiyev muhandislik-qurilish institutini “Issiqglik-gaz taʼminoti va ventilyatsiya” mutaxassislik boʻyicha tamomlab, shu yilning oʻzida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Issiqlik gaz taʼminoti va ventilyatsiya” kafedrasi assistenti lavozimiga ishga qabul qilingan. U 1983-1987 yillarda — Moskva muhandislik-qurilish instituti “Isitish va ventilyatsiya” kafedrasi aspiranti boʻlib tahsil olgan.



S.Boboyev 1987-1991 yillarda — Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti issiqlik, gaz taʼminoti va havo havzalarini muhofaza qilish kafedrasi assistenti, kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, 1991-1992 yillarda — Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti issiqlik, gaz taʼminoti va havo havzalarini muhofaza qilish kafedrasi dotsenti, 1992-1997 yillarda — Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti issiqlik, gaz taʼminoti va havo havzalarini muhofaza qilish kafedrasi mudiri, 1997-2011 yillarda — Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti oʻquv ishlari prorektori, rektori, 2011 -2018 yillarda — Samarqand davlat universiteti “Ekologiya” kafedrasi professori, 2018-2023 yillarda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti issiqlik gaz taʼminoti, ventelyatsiya va servis kafedrasi mudiri, 2023-h.v. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Mexanika muhandisligi” kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



S.Boboyev 2000 yilda texnika fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyani himoya qilgan. Texnika fanlari doktori, professor. S.Boboyev 2020 yil 21-22 mayda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Volgograd davlat texnika universiteti va Belorussiya Milliy texnika universiteti hamkorligida “Muhandislik kommunikatsiyalari sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy qilishning muammo va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanini tashkil qildi.



Bugungi kunda kafedrada iqtidorli talabalar bilan ishlash boʻyicha “Yosh muhandis” ilmiy tugaragi faoliyat yuritmoqda. Unga 25 nafar talaba jalb qilingan. S.Boboyev rahbarligida 2018-2019 oʻquv yilida F.Sattorov, 2019-2020 oʻquv yilida Sh.Oblaqulov “Ventilyatsiya va havoni moʻtadillash” fanidan respublika fan olimpiadasida qatnashib fahrli III-oʻrinni egallashgan. S.Boboyev bitiruv loyiha ishlariga rahbarlik qilgan talabalardan M.Majidov, T.Primov va U.Botirovlar “International festival of architectural civil engineering and design schools of eurasia” koʻrik tanlovida ishtirok etib T.Primov 3-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2018 yilda Volgograd davlat texnika universiteti “Effektivniye modeli i texnologii resursosberejeniya, energosberejeniya i prirodopolzovaniya v stroitelstve i JKX” koʻrik tanlovida ishtirok etgan magistr A.Abdulxamidov 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yangi asr isteʼdodlari” respublika koʻrik tanlovida S.Boboyev rahbarligida “Eng yaxshi innovasion muhandislik kommunikasiyalari loyihalari va ishlanmalari” boʻyicha 2018 yilda Z.Fayziyev 1-oʻrinni, 2019 yilda K.Volkova 3-oʻrinni 2022 yilda M.Ravshanova faxrli II-oʻrinni egallashgan. S.Boboyev faol jamoatchi sifatida mahallada oʻtkaziladigan barcha tadbirlarda qatnashib, mamlakatimiz taʼlim tizimidagi islohotlar va uning asosida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarni keng targʻib etib kelmoqda. Jumladan Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilarini “Bir ziyoli-bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida Samarqand viloyati Urgut tumani “Uzunsoy” MFYda oʻspirin yoshlarni taʼlim-tarbiyaga yoʻnaltirish, ularni oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga jalb qilish boʻyicha targʻibot ishlarini amalga oshirib kelmoqda.



S.Boboyev Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.26/27.02.2020.T.109.01 ilmiy Kengashi raisi. U rais sifatida ilmiy izlanuvchilar va tayanch doktorantlar dissertatsiya ishlari himoyasini tashkil qilish va oʻtkazish, ilmiy seminarlar, malakaviy imtihonlarni qabul qilishni tashkil qilishda faol ishtirok etmoqda.



2019 yildan buyon akademik M.S.Osimiy nomidagi Tojikiston texnika universiteti huzuridagi doktorlik ilmiy darajasini beruvchi GD.KOA-016 ilmiy Kengash aʼzosi sifatida hamda doktorlik dissertasiya ishlariga rasmiy opponentlik qilib kelmoqda. OAK xayʼatining roʻyxatiga kiritilgan “Meʼmorchilik va qurilish muammolari” ilmiy-texnik jurnali hamda Scopus-Web of Science roʻyxatiga kiritilgan “PROBLEMS OF ARCHITECTURE AND CJNSTRUCTION” xalqaro ilmiy-texnik jurnallarida tahririyat hayʼati aʼzosi. U istiqbolli reja asosida kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish uchun iqtidorli yoshlarni tanlash, ularni ilmiy sohaga yoʻnaltirish, xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiyalarni oʻtkazish ishlariga bevosita rahbarlik qilib kelmoqda.



Uning kafedra iqtidorli yoshlarini xorijiy oliy taʼlim muassasalariga tahsil olish uchun joʻnatish va xorijiy oliy taʼlim muassasalari yetakchi professorlari, olimlarini kafedraga taklif etib, iqtidorli yoshlarga taʼlim tarbiya berish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari tahsinga sazovordir.



S.Boboyev oʻquv-uslubiy, moddiy-texnik bazalarini shakllantirish, yoshlarga taʼlim-tarbiya berishning innovatsion usullarini oʻquv jarayoniga joriy etish va qoʻllash tadbirlarida yetakchilik qilib kelmoqda. Kafedrada oʻqitilayotgan 10 dan ortiq fanlardan multimediali va elektron shaklda oʻquv-uslubiy majmualarning yaratilishi, mavjud laboratoriyalarning yangidan jihozlanganligi, kafedraning shakllanishiga katta xizmat qildi.



S.Boboyev talabchan rahbar sifatida kafedra professor-oʻqituvchilarini doimiy oʻz mahoratini oshirib borishini taʼminlab kelmoqda. Natijada 2019 yilda kafedraning 3 nafar professor-oʻqituvchilari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan R.Aymatov Moskva davlat qurilish universitetida, Z.Fayziyev Belorussiya Milliy texnika universitetida, U.Yakubov Qozon davlat arxitektura qurilish universitetida” ilmiy stajirovka oʻtab keldilar. Bugungi kunda ushbu yosh olimlar texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishini yakunlash arafasida. 2020 yilda Yosh olimlar, doktorantlar M.Axmedova, N.Olimova, G.Keldiyorova, M.Toshtemirov va A.Ismoilovlar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratilgan davlat grantlari gʻolibiga aylangan. S.Boboyevning ilmiy rahbarligida 2021 yil sentyabr oyida M.Axmedova, 2021 yil dekabr oyida G.Keldiyorova, 2023- yilda Aytmuratov Bahadir, 2024 yilda Olimova Nargiz, Burxonov Xurshid va Pirnazarov Ilhomlar texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertasiyasini muvafaqqiyatli himoya qilishdi.



S.Boboyev SamAVTO zavodining “Boshqaruv binosi” va “Lazer sexi”, Urgut erkin iqtisodiy zonasidagi “URGUT TEKSTIL” MChJ, “Samarqand sifat goʻsht savdo” MChJ, Farxod shaharchasidagi Keramik mahsulotlar ishlab chiqarish zavodi, Samarqand shahridagi tikuv fabrikasi, Samarqand tumanidagi “AGROMIR” qoʻshma korxonasi ishlab chiqarish sexi, Narpay tumanidagi “Narpay textile” tikuv fabrikasi va boshqa binolarni ventilyasiya va havoni moʻtadillash tizimlarini amaliy loyihalash ishlarini bajargan. Xoʻjalik shartnomalari asosida universitet hisobiga yiliga 50-100 mln soʻm miqdordagi tushimlarni amalga oshirib kelmoqda.



S.Boboyev Shvetsiya davlatida oʻtkazilgan, Shvetsiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya, Tojikiston kabi xorijiy davlatlarda 20 dan ortiq davlatlarida muhandislik, atrof muhit muhofazasi, ekologiya, muhandislik kommunikatsiyalar qurilishi, yosh olimlarni tajribasini oshirish, soha faoliyati va tajribasini oʻrganish hamda tatbiq etish kabi yoʻnalishlarda malaka oshirib, xalqaro sertifikatlarga ega.



S.Boboyev oʻz professional hayot tajribasi va toʻplagan xalqaro bilimlaridan foydalangan holda Oʻzbekistonda muhandislik qurilish meyorlari va meʼyoriy qoidalari qabul qilinishida oʻzining fikrlarini bilimlarini targʻib qilib kelmoqda.



Soʻnggi uch yilda S.Boboyev tomonidan 3 ta monografiya 5 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta foydali modelga patent, 4 ta scopus xalqaro ilmiy jurnallarida va 40 dan ortiq ilmiy maqolalar chop qilingan.



S.Boboyev chuqur bilimga ega, yuqori salohiyatli va fidoiy pedagog-olim, oʻz vataniga va xalqiga sodiq, kamtarin va samimiy inson. U tashkilotchi rahbar sifatida respublikamizdagi oliy taʼlim maussasalari professor-oʻqituvchilari va aholi oʻrtasida hurmat-eʼtibor qozongan.