Olim

TUXTASINOV ILXOMJON MADAMINOVICH

Pedagogika fanlari doktori, professor

Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 1980 yilning 4 mayida Andijon viloyati Shahrixon tumanida tug‘ilgan. 2001-2005 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi bo‘lgan. 2005-2007 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida magistraturada tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 2007 yilda - O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti aspiranti va o‘qituvchisi sifatida boshlagan.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 2010-2012 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Ingliz tili, tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2012-2013 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fakulteti dekani, 2013-2015 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tili II fakulteti dekani, 2015-2016 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi “Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi”ning direktori-prorektor, 2016 yil 26 avgustdan hozirgi kunga qadar Samarqand davlat chet tillar instituti rektori lavozimlarida ishlab kelmoqda.



   Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 2011 yil 30 dekabrda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidagi K.067.44.02 raqamli nomzodlik ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoyasi bo‘yicha ixtisoslashgan Kengashda “Badiiy matnda qo‘shma so‘zlarning lingvokulturologik va gender xususiyatlari (ingliz va o‘zbek tillari materiallari asosida)” mavzusida 10.00.06 – “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan 2012 yil 31 mayda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan (01 № 013314. 2012 yil,187/1 bayonnoma).Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 2018 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi DSc27.06.2017 Ped.27.01 raqamli ixtisoslashgan Kengashda “Tarjimon tayyorlashda kasbiy kompentetsiyalarni shakllantirish va rivojlantirish (ekvivalentlik hodisasi asosida)” mavzusida 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (sohalar bo‘yicha) ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan 2018 yil 29 dekabrda fan doktori ilmiy darajasi berilgan (260/1-sonli bayonnomasi 04№005727).Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichga O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 2019 yil 28 martda dotsentlik ilmiy unvoni berilgan (263/1-sonli bayonnomasi 04№008664) Shuningdek, SamDCHTI buyrug‘i asosida “Ingliz tili grammatikasi va tarixi” kafedrasida professor vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlangan (05.09.2018 y.Buyruq №243-K).Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichga O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 2020 yil 30 sentyabrda professorlik ilmiy unvoni berilgan (286/1-sonli bayonnomasi 05№003444).Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich Samarqand davlat chet tillar institutidagi o‘quv, tarbiyaviy, ilmiy-tadqiqot jarayonini rivojlantirish, mehnat va ijro intizomini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga o‘quv-metodik yordam ko‘rsatish, o‘qitish tizimida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, internet tarmog‘ida institut, fakultet, kafedralar veb-saytlarini tashkil qilish, lokal tarmoqda reyting bo‘yicha nazorat tizimini yaratish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, kredit tizimiga o‘tish, yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar ochish, yangi fakultet tashkil etish kabi ishlarda shaxsiy tashabbuskorlik ko‘rsatgan.



   Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichning SamDCHTIdagi rektorlik faoliyati (2016-2022 yy.) davrida institutda davlat grantlari va xo‘jalik shartnomalari salmog‘i hamda, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bir necha barobarga ko‘paygan. Jumladan, 2019 yilda SamDCHTI huzurida PhD.03/30.2019. Fil/Ped.83.01 raqamli Ilmiy Kengash tashkil etilgan. Natijada, so‘nggi 3 yilda institutda 8 nafar fan doktori (DSc) va 54 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlanib, bugungi kunda institutda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha ilmiy maktablar faoliyat yuritmoqda. Ushbu ilmiy maktablarda 34 nafar doktorantlar va 216 nafar mustaqil izlanuvchilar doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqdalar.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichning SamDCHTIdagi rektorlik faoliyati davrida institutda oxirgi 2 yilda 4 nafar professor, 6 nafar fan doktori (DSc), 19 nafar dotsent va 33 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari qo‘lga kiritildi.I.M.Tuxtasinovning rahbarligi va ilmiy maslahatchiligida 8 nafar PhD, 15 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari hamda 15 dan ortiq bitiruv malakaviy ishlari himoya qilingan. Bugungi kunda yana 6 nafar (2 nafar DSc, 4 nafar PhD) tadqiqotchilar ilmiy darajalar olish uchun I.M.Tuxtasinovning rahbarligi va ilmiy maslahatchiligida faoliyat olib bormoqdalar. Shuningdek, Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 35 nafardan ortiq ilmiy tadqiqotchilar va doktorantlarga ham norasmiy ilmiy maslahatchi sifatida o‘z tavsiyalarini berib bormoqda.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichning jami ilmiy-uslubiy ishlari 138 tani tashkil etib uning muallifligida 10 ta darslik, 6 ta monografiya, 84 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar nashr etilib, 19 ta patent va guvohnomalar olingan. Xalqaro ilmiy texnik bazalardagi jurnallarda 9 ta maqola nashr etilgan bo‘lib, “Xirsh indeksi” 19 ni tashkil etadi. Shuningdek, 18 ta o‘zbek tilidagi mashhur asarlar va romanlar ingliz tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich rektorlik faoliyati (2016-2022 yy.) davrida Samarqand davlat chet tillar institutida oxirgi besh yilda 15 nafar xalqaro, 17 nafar respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, 1 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 6 nafari Navoiy davlat stipendiyasi, 6 nafari Islom Karimov stipendiyasi sohiblari yetishib chiqgan.



   Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich rahbarligida Samarqand davlat chet tillar instituti Respublikaning 28 ta OTMlari qatorida World University Rankings – 2023 xalqaro reytingida “reporter” maqomiga ega bo‘ldi.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichning SamDCHTIdagi rektorlik faoliyati (2016-2022 yy.) davrida Xalqaro aloqalar ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Institut tomonidan 88 ta yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. So‘nggi 2 yilda institutga 65 nafar xorijiy mutaxassislar jalb qilingan. Bugungi kunda institutda 14 nafar xorijlik mutaxassis faoliyat olib bormoqda. 2022-2023 o‘quv yili holatiga ko‘ra institutda 15 nafar xorijlik talabalar ham tahsil olishmoqda.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich Buyuk Britaniyaning “Aston” universiteti, Germaniyaning “Humboldt” universiteti va Myunxen til va tarjima instituti, Fransiyaning “CY” hamda “Kan” universitetlari, Ispaniyaning “Kadis” universiteti, Portugaliyaning “Portu” universiteti, Turkiyaning “Burdur Mehmet Akif Ersoy” va “Hajettepe” universitetlari bilan hamkorlikda ERASMUS+ dasturining International Credit Mobility “Key Action 1 – Mobility for learners and staff – Higher Education Student and Staff Mobility” loyihalarida faol ishtirok etgan. AQSH, Fransiya, Gretsiya, Polsha, Ispaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya, kabi malakatlarda tashkil etilgan 10 dan ortiq seminar, forum va anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich rahbarligida 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga Samarqand davlat chet tillar institutidan jami 11 ta til bo‘yicha 500 nafar ko‘ngilli tarjimonlar jalb etildi. Shuningdek, 2022 yil 10-12 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Sammiti doirasida Samarqand davlat chet tillar institutidan tajribali magistrantlar va yosh professor-o‘qituvchilari tarkibidan 145 nafar tarjimon-volontyorlar ishtiroki ta’minlandi.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 2022 yil 27-30 noyabr kunlari Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida Parij shahrida Ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim Forumida ishtirok etib, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Puate Universiteti o‘rtasida Anglashuv Memorandumi, Fransiyaning Bordo hamda Monpele 3 Universitetlari bilan ERASMUS+ dasturlari bo‘yicha bo‘yicha hamkorlik memorandumlarini imzolashga erishdi.



   Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovichning SamDCHTI dagi rahbarligida 2022-2023 o‘quv yiliga kelib 8 ta fakultet, 25 ta kafedrada 527 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Oxirgi 5 yilga nisbatan ilmiy salohiyat 19 % dan 23% ga ko‘tarilgan. Xorijiy til o‘qituvchilardan 364 nafari (85,6%) xalqaro va milliy til bilish sertifikatlariga ega bo‘lishgan.I.M.Tuxtasinov Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi deputati Adolat partiyasi a’zosi sifatida siyosiy jarayonlar va bu boradagi islohotlarning jonkuyar targ‘ibotchisi hamdir. Shuningdek, Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich 2021 yildan 2022 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning Samarqand viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich jonkuyar va adolatli rahbar bo‘lish bilan birga, o‘z ilmiy maktabini yarata olgan olimdir.