Butikov Igor Leonidovich 1958 yilda Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida tugʻilgan. U yerda 1973 yilda Gliyer nomidagi Termiz musiqa maktabini va 1975 yilda Lunacharskiy nomidagi 5-son umumtaʼlim maktabni tamomlagan.
1975 yilda u Toshkent xalq xoʻjaligi institutining (hozirda – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) moliya fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1979 yilda tugatgan va “Kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish va kreditlash” mutaxassisligi boʻyicha iqtisodchi malakasini olgan. Institutni tugatganidan soʻng, I.L.Butikov Qurolli Kuchlar safiga chaqirildi va u yerda raketa qoʻshinlarida oʻquv poligonining yoqilgʻi quyuvchi haydovchisi boʻlib xizmat qildi, soʻngra maxsus kurslarni tugatib, zaxiradagi ofitser harbiy unvonini oldi. I.L.Butikovning mehnat faoliyati Toshkent xalq xoʻjaligi institutining “Pul muomalasi va kredit” kafedrasidan boshlandi, uni shu institutni tugatgandan soʻng 1979 yilda assistent lavozimida ishlashga taklif qilishdi.
1984 yilda I.L.Butikov Moskva Moliya institutining (hozirgi Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti) mashhur iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori, prof. O.I.Lavrushin boshchiligidagi “Pul muomalasi va kredit” kafedrasiga maqsadli aspiranturaga oʻqishga kirdi. 1987 yilda aspiranturani tugatib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan unga “Moliya, pul muomalasi va kredit” mutaxassisligi boʻyicha iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.
I.L.Butikov aspiranturani tugatgach, Toshkentga qaytib kelib, Toshkent xalq xoʻjaligi institutida assistent, katta oʻqituvchi boʻlib ishladi, oʻquv-uslubiy ishlarni faol olib bordi, xususan, professor I.S.Sayifnazarov rahbarligida chet ellik talabalar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 1991 yil 25 aprelda sobiq Ittifoq Xalq taʼlimi davlat qoʻmitasining 4/747-d-sonli qarori bilan unga “Pul muomalasi va kredit” kafedrasi dotsenti ilmiy unvoni berildi.
1991 yilda Milliy biznes universitetida brokerlik kurslarini tamomlab, “Toshkent” Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasida broker sifatida ish boshladi. Oʻsha yilning avgust oyida uning tashabbusi bilan mazkur birjada Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorining birinchi rasmiy instituti – “Toshkent” birjasining Fond boʻlimi tashkil etilib, u ushbu boʻlimga boshliq qilib tayinlandi, ““Toshkent” Oʻzbekiston universal tovar-xomashyo birjasi” MCHJ esa ““Toshkent” Oʻzbekiston universal tovar-xomashyo birjasi” AJ ga aylantirildi.
1992 yilda u “Toshkent” tovar-fond birjasi” MCHJ Boshqaruvi raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Uning rahbarligida 1992 yilda “Toshkent” birjasi fond boʻlimining qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar boʻyicha aylanmasi 26 mln. rublga yetdi (MDHdagi eng yirik birja hisoblangan Moskva xalqaro fond birjasining aylanmasi – 86 mln. rubl edi).
1993 yilda I.L.Butikovga respublika rahbariyati tomonidan “Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini tayyorlash topshirildi. Qonun loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi va 2 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan imzolandi. Qonun 2008 yilning oʻrtalariga qadar amal qildi va mamlakat qimmatli qogʻozlar bozorining shakllanishida katta rol oʻynadi.
1994 yilda respublikada “Toshkent” respublika fond birjasi” tashkil etildi. I.L.Butikov birja Boshqaruvi raisi etib saylandi. 1994 yil apreldan 1996 yil aprelgacha boʻlgan davrda uning rahbarligida va bevosita ishtirokida mamlakat qimmatli qogʻozlar birja bozorining tashkiliy asoslari ishlab chiqildi, xususan, “Toshkent” RFBda qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish qoidalari qabul qilinib, birja savdolarini birja aʼzolari treyderlarining elektron oʻzaro hamkorligi orqali real vaqt rejimida oʻtkazish imkonini beruvchi “Fond birjasi” birinchi mahalliy dasturiy mahsuloti yaratildi.
1996 yildan boshlab I.L.Butikov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 26 martdagi PF-1414-son Farmoni va mamlakat hukumatining 1996 yil 25 apreldagi 161-son qarori bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasida qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilariga maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish boʻyicha nohukumat agentligining (“Konsauditinform” agentligi) Bosh direktori lavozimida ish boshladi.
Uning rahbarligida “Konsauditinform” agentligi oʻzining toʻrt yillik faoliyati davomida oʻsha vaqtda 400 dan ortiq auditorlik tashkiloti faoliyat koʻrsatgan auditorlik xizmatlari bozorini muvaffaqiyatli oʻzlashtirdi. Mamlakatning har bir mintaqasida agentlikning shuba korxonalari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 16 ta boʻlinma) tashkil etilgan edi, shu bilan birga, agentlik mamlakatning taxminan 1200 ta korxonasiga auditorlik xizmatlarini koʻrsatdi. 5000 dan ortiq aksiyadorlik jamiyatidan har yili 700 taga yaqini audit oʻtkazish uchun “Konsauditinform” agentligi xizmatlariga murojaat qilishdi.
Bu davrda I.L.Butikov “Konsauditinform” agentligi tomonidan respublika Markaziy banki bilan birgalikda chop ettiriladigan “Oʻzbekiston Moliya bozorining sharhi” ilmiy-amaliy jurnali hamda “Konsauditinform” agentligining axborot byulleteni” jurnalining bosh muharriri edi. Keyinchalik ushbu jurnallar nomi mos ravishda “Iqtisodiyot va mulkdorlar sinfi” va “Qimmatli qogʻozlar bozori va birja ishi” jurnallariga oʻzgartirildi. 8 yil davomida (1996 yildan 2004 yilgacha) I.L.Butikov ikkala nashrning ham bosh muharriri boʻlib xizmat qildi.
2000 yil oxirida I.L.Butikov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.01.1997 yildagi 27-sonli qarori bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot institutining direktori etib tayinlandi.
2002 yilda u Bank-moliya akademiyasining sirtqi doktoranturasiga oʻqishga kirdi. I.L.Butikovning doktorlik dissertatsiyasiga uning ustozi – iqtisod fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, professor M.Sh.Sharifxoʻjayev rahbarlik qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2010 yil 25 fevraldagi 004535-sonli qarori bilan I.L.Butikovga iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning qarorlariga muvofiq I.L.Butikovning rahbarligida bozor iqtisodiyoti infratuzilmasining eng muhim institutlari tashkil etildi, jumladan “Toshkent” Respublika Fond birjasi (1994-1995 yy.), Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini tayyorlash milliy markazi (1994-2010 yy.), Oʻzbekiston Respublikasida qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilariga maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish boʻyicha nohukumat agentligi (1996-2000 yy.), “Qimmatli qogʻozlar bozori va birja ishi”, “Iqtisodiyot va mulkdorlar sinfi” ilmiy-amaliy nashrlari (1996-2004 yy.). 2000 yildan buyon u Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi qoshidagi Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti(hozirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi) direktori boʻlib ishlab kelmoqda.
I.L.Butikov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmita va yalpi majlislarida doimiy ravishda maʼruzalari bilan ishtirok etib keladi.
U bir necha bor Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Mahorat darslari” oʻtkazgan, shuningdek, TDIU va Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida “IPO Fond bozorlariga kirish” fani boʻyicha professor lavozimida oʻrindoshlik asosida ishlagan (2012-2013 yy).
I.L.Butikov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining akkreditatsiyasidan oʻtgan, shuningdek qimmatli qogʻozlar, koʻchmas mulk va tovarlar bozorlari, korporativ boshqaruv uchun kadrlar, professional baholovchilar, sud boshqaruvchilarini tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi Yangi bozorlar uchun mutaxassislarini tayyorlovchi milliy markazining asoschisi hisoblanadi (1994 y.).
I.L.Butikov bir qator xalqaro va xorijiy tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan kurslarga qatnashib, oʻz malakasini oshirgan. Jumladan, 1992 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, London Fond birjasi tomonidan Fond birjasi maslahat qoʻmitasi va Moskva xalqaro fond birjasi koʻmagida tashkil etilgan Fond birjalarining rahbarlari va mutaxassislari uchun kurslarda, 1994 yilda AQSHning Nyu-York shahridagi qimmatli qogʻozlar va fond birjalari komissiyasida, 1995 yilda Kolorado universiteti (Boulder sh., Kolorado shtati) “Moliyaviy bozorlar” dasturi boʻyicha stajirovkada, 2003 yilda Janubiy Koreya Markaziy depozitariysi stajirovkasida malaka oshirgan. Shuningdek, u 2011 yilda Oʻzbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi qoshidagi Hakamlik sudyalari akademiyasi hamda 2016 yilda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazining maxsus kurslarida malaka oshirib, tegishli sertifikatlarga ega boʻlgan. 2018 yildan hozirgacha u Oʻzbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Boshqaruvi aʼzosi, 2023 yilda unga II darajali oliy arbitraj sudyasi malaka darajasi berilgan.
I.L.Butikov 2000 yildan 2024 yilgacha boʻlgan davrda iqtisodiyot sohasidagi davlat buyurtmalari asosida ilmiy-texnik dasturlar doirasida amalga oshirilgan va muvaffaqiyatli yakunlangan 8 ta ilmiy loyihalarning rahbari sifatida faoliyat koʻrsatib, oʻzining ilmiy asoslangan taklif va tavsiflari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojiga muhim hissa qoʻshgan. 2022 yilda amalga oshirilgan “Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozori multilisting tizimi (MLT)ning samarali ishlashini taʼminlovchi dasturiy mahsulotni yaratish” innovatsion loyihasi shular jumlasidandir.
I.Butikov tomonidan mamlakatimiz qimmatli qogʻozlar bozori, koʻchmas mulk bozori, xususiylashtirish, korporativ boshqaruv, venchur moliyalashtirish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 7 ta darslik va oʻquv qoʻllanmasi, mahalliy va xorijiy jurnallarda 80 dan ortiq ilmiy maqola, ilmiy-amaliy konferensiyalar toʻplamlarida 50 dan ortiq tezis, gazeta nashrlarida 30 ta maqola chop etilgan, davlat organlariga 180 dan ziyod amaliy va innovatsion xarakterdagi ilmiy ishlanmalar taqdim etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, respublika va xalqaro ilmiy konferensiya va seminarlarida 50 dan ortiq maʼruzalar qilingan, uning nomiga Intellektual mulk agentligidan 26 ta mualliflik guvohnomalari olingan, ilmiy hujjatli filmlarga 2 ta ssenariy tayyorlangan.
I.Butikovning 25 ta ilmiy va amaliy ishlanmalari davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida amaliyotga joriy etilgan. Xususan, hozirgi paytda Koreya Fond birjasi tomonidan yetkazib berilgan Yagona dasturiy-texnik majmuaning joriy etilishi munosabati bilan aynan I.L.Butikov tomonidan ishlab chiqilgan ““Toshkent” RFB da qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilish qoidalari” asosida “Toshkent” respublika fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilmoqda (“Toshkent” RFB ning 2016 yil 7 oktyabrdagi 01/04-04-1259-sonli maʼlumotnomasi, Intellektual mulk agentligining 2017 yil 8 avgustdagi 000530-raqamli mualliflik huquqi guvohnomasi, 405 bet, 16,9 bosma taboq).
I.L.Butikov tomonidan ishlab chiqilgan venchur fondlarini, innovatsion faoliyatni tashkil etish va rivojlantirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz ichiga olgan “Oʻzbekistonda venchurli moliyalashtirish tizimini yaratishning kontseptual qoidalari” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi 684-son “UzVC” milliy venchur fondi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini tayyorlashda foydalanilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 9 iyuldagi 02-55/4093-sonli maʼlumotnomasi).
Oxirgi 5 yil mobaynida I.L.Butikov Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan eʼtirof etilgan nashrlar roʻyxatiga kiritilgan “Biznes-Ekspert”, “Bozor, pul va kredit” jurnallari tahririyat kengashi aʼzosi, shuningdek Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi “Xalqaro iqtisodiyot” ixtisosligi boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.11|25/08/2022.S.24.02-son Ilmiy kengashi aʼzosi sifatida faol ishlab kelmoqda. Shuningdek, u “Banki i finansovie rinki” jurnali (Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti) xalqaro tahririyat kengashining aʼzosi sifatida Oʻzbekistonni xorijiy ilmiy va maxsus professional tashkilotlarda munosib namoyon etib kelmoqda. 2021 yil may oyida 6 yil muddatga China International Economic and Trade Arbitration Commission (Xitoy xalqaro iqtisodiy va savdo arbitraj komissiyasi) Hakamlar hayʼati aʼzosi etib saylangan.
Respublika rahbariyatining farmoyishlari bilan I.L.Butikov bir necha bor mamlakat iqtisodiyotini isloh qilish komissiyalari tarkibiga, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 26 iyundagi 3863-sonli Farmoyishi bilan Davlat boshqaruvini isloh qilish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash komissiyasi tarkibiga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Birinchi oʻrinbosarining 2014 yil 7 oktyabrdagi 02-8-81-sonli farmoyishi bilan Iqtisodiyotda xususiy mulkni yanada oshirish, fond bozorini rivojlantirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash boʻyicha idoralararo ishchi guruh tarkibiga kiritilgan.
Oliy attestatsiya komissiyasining 2018 yil 28 sentyabrdagi 256/1-sonli qarori bilan I.L.Butikovga professor ilmiy unvoni berilgan.
Butikov Igor Leonidovich Vatan manfaati yoʻlida qilgan xizmatlari va halol mehnati uchun bir necha bor faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan, 2006 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni va 2021 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
I.L.Butikov fidoyi va malakali iqtisodchi sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda koʻrsatgan alohida xizmatlari, ayniqsa qimmatli qogʻozlar va koʻchmas mulk bozorlarining salohiyatini oshirishga qoʻshgan hissasi uchun hukumat va jamoatchilik orasida hurmat qozongan. Oʻzi yashayotgan mahallada jamoat ishlarida ham faol va tashabbuskor. Mahallaning obodligi va ozodaligi, aholi salomatligini saqlashda yordamini ayamaydi.