Olim

DAVRANOV QAXRAMON

OʻzR FA akademigi, biologiya fanlari doktori, professor

Qaxramon Davranov 1945 yil Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qorabogʻ qishlogʻida tugʻilgan. Millati oʻzbek. Maʼlumoti oliy. 1967 yilda Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – provizor.



Mehnat faoliyatini 1967 yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida laborantlikdan boshlagan. 1968-1969 yillar stajyor tadqiqodchi lavozimida ishlagan. 1969-1972 yillar davomida shu institut aspiranturasida oʻqigan. 1972 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutiga ishga taklif qilingan va u yerda kichik ilmiy xodim (1972 yy.), katta ilmiy xodim (1972-1984 yy.), laboratoriya mudiri (1984-1996 yy.), ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari (1996 y.) hamda direktor (1996-2003 yy. va 2019 yildan — hozirgi vaqtgacha) boʻlib ishlab kelmoqda. 2007 yildan 2019 yilgacha Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida faoliyat yuritib kelgan: Loyiha boʻyicha yetakchi ilmiy xodim (2007 y.), 2008-2019 yillar universitetning Biologiya fakulteti “Mikrobiologiya va biotexnologiya” kafedrasida professor lavozimida ishlagan. 2019 yildan hozirgacha OʻzR FA Mikrobiologiya institutida direktor lavozimida faoliyat olib bormoqda.



1972 yili 7 iyunda Oʻz FA Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida professor P.X. Yoʻldoshev rahbarligida “Gʻoʻza chigiti malatdegidrogenazasini oʻrganish” mavzusida kimyo fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini va 1984 yil Oʻz FA Biokimyo institutida professor A.M. Bezborodov rahbarligida “Oospora lactis va Rhizopus microsporus zamburugʻlarining lipazalari: biokimyoviy jihatlari” mavzusida biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1999 yili professor, 2023 yilda akademik ilmiy unvoniga tasdiqlangan.



Q.Davranov mikrobiologiya va biotexnologiya fanlarining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan va bu yoʻlda uning 300 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etilgan. Ulardan 150 dan ortigʻi xorijiy mamlakatlarning nufuzli, yuqori impakt faktorga ega boʻlgan ilmiy jurnallarida nashr qilingan.



Ilmiy kashfiyotlari uchun 30 dan ortiq mualliflik guvohnomalari va patentlar olgan, ulardan bittasi Yevroosiyo patenti (№021467) boʻlib, u tuproq unumdorligini oshirish va oʻsimliklarni kasalliklardan himoya qilishga qaratilgan. Uning maqolalaridan 300 dan ortiq xorijlik olimlar oʻz maqolalarida foydalanganlar.



Q.Davranov shu paytgacha 7 nafar fan doktorlariga (3 nafari mikrobiologiya va virusologiya, 2 nafari biotexnologiya, 1 nafari oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi hamda 1 nafari biokimyo) va 20 nafar fan nomzodlariga (ulardan 7 nafari biotexnologiya, 6 nafari mikrobiologiya va 5 nafari biokimyo hamda 1 nafar oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi) ilmiy rahbarlik qilgan.



Umumiy mehnat faoliyati 63 yil. Ilmiy-pedagogik ish faoliyati 19 yil.



Q.Davranov – mikroorganizmlar asosida yangi biotexnologiyalar yaratishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha oʻz maktabini yaratgan yirik olim.



Q.Davranovning ilmiy faoliyati mikrobiologik sintez natijasida hosil boʻladigan mahsulotlarni ajratib olish, baholash va ishlatish bilan, jumladan, mikroorganizmning lipaza, proteaza, amilaza, sellyulaza, glyukozoizomeraza, nitrilgidrataza kabi fermentlarini sof holda ajratish, oʻrganish, ulardan foydalanish hamda tabiiy, past molekulali metabolitlarni tozalab olish, ularni identifikatsiya qilish, biogenez mexanizmlari va biosintezni boshqarish mexanizmlarini tadqiq qilish bilan bogʻliq.



Q.Davranov jahonda birinchilardan boʻlib mikroorganizmlar sintez qiladigan lipaza fermentining koʻp molekular shaklliligining maqsadli ravishda hosil boʻlishi va ushbu jarayonning sabablarini eʼtirof etuvchi tadqiqot maʼlumotlari olgan hamda mikroorganizmlar oʻzlari yashayotgan ekologik sharoitga javoban, lipaza fermentining har xil molekular shakllarini sintez qilishi va ulardan ayrimlarini oʻzlarining sogʻlom hujayralari tashqarisiga sekretsiya qilishi, ayrimlarini esa, hujayra ichida saqlab qolishini ilmiy asoslab bergan.



Olim tomonidan mikroorganizmlar lipazalarini toza holda ajratib olishning yangi usullari yaratilgan, mualliflik guvohnomasi (A.S. N877933) bilan himoya qilingan va 20 dan ortiq lipaza faolligiga ega boʻlgan fermentlarning molekular shakllari sof holda ajratib olingan. Ulardan bir nechtasi kristall holatida tozalab olingan va ularning fizik-kimyoviy, biokimyoviy va enzimologik xususiyatlari batafsil oʻrganilgan. Lipaza fermenti orasida fan uchun mutlaqo yangi boʻlgan va oʻsha davrda (1980 yillar) jahon mikroorganizmlar biokimyosi fanida oʻrganilmagan shakllari ham bor ekanligi ilmiy asoslab berilgan va bu maʼlumotlar keyinchalik, oradan 10-15 yillar oʻtib xorijlik olimlar tomonidan ham oʻz tasdigʻini topgan.



Fanda ilk bor mikrob lipazalarining bir-biridan fizik-kimyoviy xususiyatlari va taʼsir mexanizmlari boʻyicha farq qilishiga qaramay, ularning “faol markazlari” bir xil ekanligi va markazni hosil qilishda uch aminokislota – serin, gistidin va asparagin kislotasi ishtirok etishi isbotlagan. Lipazaning har xil taʼsir mexanizmiga ega boʻlishida fermentning uchlamchi strukturasi (tuzilishi) masʼul ekanligi, fermentativ kataliz jarayonida lipaza oʻzining uchlamchi strukturasini oʻzgartirib, “yopiq” holatdan “ochiq” holatga oʻtishini ilmiy jihatdan toʻliq asoslab bergan (Gulomova K., Ziomek E., Schrag J.D., Davranov K., Cygler. M. Purification and characterization of a Penicillium sp lipase which discriminates against diglycerides.// LIPIDS. Tom: 31 Vipusk: 4 Str.: 379-384. APR 1996).



Q.Davranov tomonidan mikroorganizmlar sintez qiladigan lipazalarning molekular shakllarining oʻzgaruvchanlik mexanizmlari oʻrganilgan va bu jarayon lipaza fermentining yangi molekular shakllarini hosil qilish bilan emas, balki mikrob hujayrasida bu fermentning faolligini boshqarib turadigan tabiiy ingibitorning mavjudligi bilan bogʻliq ekanligi ilmiy asoslab berilgan.



Birinchi marotaba zamburugʻ hujayralarida lipaza faolligini chegaralab qoʻyish usuli oʻrganilgan va bu faoliyatni tabiiy ingibitor bajarishi isbotlangan hamda u oʻta toza holatda ajratib olinib, uning fizik-kimyoviy va kinetik xususiyatlari, aminokislotalar tarkibi oʻrganib chiqilgan va “in vitro” sharoitida, maxsus tanlangan sharoitlarda lipaza molekulasi bilan bogʻlanib, uning faolligini oʻzgartirishi, tajribalar asosida isbotlab berilgan. Shunday qilib, olim mikroorganizmlar fermentlarining boshqarilgan biosintezi haqidagi maʼlumotlarni boyitishga oʻz hissasini qoʻshgan va oqsil tabiatli yuqori molekulali lipaza ingibitorlari mikroorganizmlar hujayralarida ushbu fermentning faolligini boshqarib turuvchi tizimlardan biri ekanligini ilmiy asoslab bergan. Lipazalarning hujayra ichida lokalizatsiyasini oʻrganishda toʻplangan maʼlumotlar, fermentning hujayra ichida har xil kompartmentatsiyalanishini tasdiqlagan va ularning hujayra ichida taxminiy harakatlanishini aniqlashga yordam bergan.



Birinchi marotaba hujayra ichidagi lipaza faolligini oqsil tabiatli ingibitorlar yordamida boshqarish mumkin ekanligi tajribalar asosida isbotlab bergan.



Q.Davranovning ilmiy va ilmiy amaliy faoliyatining ikkinchi yoʻnalishi, “mikrob-tuproq-oʻsimlik” tizimida, tashqi muhit taʼsirlariga chidamli boʻlgan, muayyan sharoitda oʻsimliklarning oʻsishi, rivojlanishi, hosildorligi hamda hosilining sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatish xususiyatiga ega boʻlgan hamda tuproq unumdorligini oshiruvchi mikrob preparatlari yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.



Shuningdek olimning oʻsimliklarning turli xil stress sharoitlarga (qurgʻoqchilik, shoʻrlanish) chidamliligini oshirish, ulardan yuqori va sifatli hosil yetishtirish uchun “tuproq-mikrob-oʻsimlik” munosabatlarini chuqur tahlil qilish zarurligi haqidagi fikrlari SCOPUS va Web of Science bazalariga kiruvchi qator jurnallarda chop etilgan va koʻplab iqtiboslarga asos boʻlmoqda.



Akademik Q.Davranov shogirdlari bilan ilk marotaba mamlakatimizning turli hududlari kesimida mahalliy Bacillus thuringiensis entomopatogen bakteriyasining tarqalganlik darajasini aniqlagan va uni ilmiy asoslab bergan. Ushbu biopreparatni qishloq xoʻjalik amaliyotida qoʻllashga Davlat kimyo komissiyasi tomonidan ruxsat etilgan.



K.Davranovning ilmiy kashfiyotlari 1 ta Yevro-Osiyo patenti, 30 dan ortiq mamlakatimiz patentlari va sobiq ittifoqning mualliflik guvohnomalari bilan muhofaza qilingan. Uning rahbarligida 7 nafar fan doktori va 20 nafar fan nomzodlari dissertatsiyalar himoya qilishgan. Uning shogirdlari hozirgi kunda Koreyada (Li Chkun Sev), Germaniyada (Xalameyzer V.B., Egamberdiyeva D.R.), AQSHda (Diyorov J.X.), Qirgʻiziston (Abilayeva B) hamda respublikamizning oliy oʻquv yurtlarida, Fanlar akademiyasining institutlarida va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalarida yuqori samarali faoliyat olib bormoqdalar. U Oʻzbekiston FA va oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda yaratgan ilmiy ishlari uchun 1-darajali diplom (1986 y.) hamda fan va texnika sohasida Oʻzbekiston Yoshlar mukofoti (1977 y.) sovrindori.



Q.Davranov dunyodagi bir qator nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, Kanada Milliy akademiyasining Biotexnologiya instituti, Xayfadagi TЕXNION instituti (Isroil), AQSHdagi Bioximiya instituti (Filadelfiya shtati), Rossiya Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti, Rossiya Fanlar akademiyasining Biotexnologiya federal markazi, Mikroorganizmlar biokimiyosi va fiziologiyasi instituti, Rossiya medbiosanoati, Oziq-ovqat biotexnologiyasi instituti, Belarus Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti, Ukraina Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya va virusologiya instituti hamda “Enzim” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi; Gruziya Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi instituti, Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti, Chexiya Fanlar akademiyasining Biologiya va organik kimyo instituti, Pragadagi Mikrobiologiya instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti, Bioorganik kimyo instituti, “Genomika va bioinformatika” markazi bilan ilmiy hamkorlik olib bormoqda.



Akademik K.Davranov tashabbuskor, izlanuvchan olimlardan biri. Uning bu fazilatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti (1967-1972 yy.), Mikrobiologiya institutlari (1972-2003 yy.) da faoliyat koʻrsatgan paytlarida namoyon boʻldi. U 1986 yildan 2003 yilgacha OʻzR FA Mikrobiologiya instituti “Mikroorganizmlar fermentlari” laboratoriyasiga rahbar, 1997-2003 yillarda OʻzR FA Mikrobiologiya institutida direktor, 2006-2019 yillar Oʻzbekiston Milliy Universitetida professor lavozimlarida faoliyat yuritgan va 20 ga yaqin darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va risolalar yaratgan. 2019 yildan OʻzFA Mikrobiologiya instituti direktori lavozimiga qayta taklif qilingan. Shu davrda institut ilmiy mavzulari dolzarbligini faollashtirishga va jahonning koʻplab ilmiy markazlari bilan mustahkam aloqa oʻrnatishga, institutda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari jahonda oʻziga xos oʻringa ega ekanligini koʻrsatib berishga erishgan. Institutda yangi: molekular biologiya, fitovirusologiya, XXR FA huzuridagi Pekin Mikrobiologiya instituti bilan qoʻshma laboratoriya tashkil qilgan.



1992 yili Kanada Milliy akademiyasining Biotexnologiya instituti, 1994 yilda Isroil Texnologiya institutlarida taklif etilgan mutaxassis sifatida faoliyat yuritgan.



Akademik K.Davranov “Muqobil yoqilgʻi va energiya korxonalari” assotsiatsiyasi qoshidagi “Biotexnologiya” Ilmiy-texnik kengash raisi sifatida samarali faoliyat olib borgan (2010-2020 yy.). Bugungi kunda OʻzR FA Mikrobiologiya instituti huzuridagi DSc 0230.12.2019.B.38.01 raqamli Ilmiy kengash aʼzosi.



Shular bilan bir qatorda, katta ilmiy-tashkilotchilik va jamoatchilik ishlarini muvaffaqiyat bilan olib bormoqda. U “Prikladnaya bioximiya va mikrobiologiya” jurnalida (Rossiya, 1997 yildan 2003 yilgacha) va “Annals of phytomedicine an international journal” (Hindiston, 2021 yildan hozirgacha) tahrir kengashi aʼzosi; “Oʻzbekiston Milliy universiteti xabarnomasi”, Oziq-ovqat xavfsizligi: Milliy va global muammolar ilmiy jurnali, Farmatsiya, immunitet va vaksina ilmiy-amaliy jurnalida (2021-2022 yy.), Oʻzbekiston biologiya jurnalida hayʼat aʼzosi sifatida faoliyat yuritmoqda.



U bir qancha ilmiy grantlarga rahbarlik qilib kelmoqda.



2012-2013 hamda 2013-2014 oʻquv yillarida Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakulteti “Biologiya” bakalavriat yoʻnalishi bitiruvchilarining bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlar dissertatsiyalari, Toshkent Kimyo-texnologiya institutining “Biotexnologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar dissertatsiyalari hamda 2016-2017 va 2021-2022 oʻquv yillarida Islom Karimov nomidagi Toshkent Politexnika universitetida biotexnologiya mutaxassisligi boʻyicha magistrlar dissertatsiyalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Davlat Attestatsiyasi hayʼatlariga raislik qilgan. 2022-2023 yillarda Sh.Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining “5140101 – biologiya (fan yoʻnalishi boʻyicha)” magistratura mutaxassislari bitiruvchilariga oʻtkaziladigan yakuniy davlat attestatsiya sinovlari komissiya aʼzosi boʻlgan.



Isteʼdodli olim, tashkilotchiligi va oʻz yuksak insoniy fazilatlari bilan respublika va xorijiy mamlakatlar olimlari hurmatini qozongan.