Olim

DODAXO‘JAYEV ABDULLA TURSUNOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Toshkent Davlat texnika universitetining “Ekologiya va atrof – muhit muhofazasi” kafedrasining professori, texnika fanlari doktori, Oʻzbekiston kimyo sanoati konserni boshqaruvi raisining muovini, Oʻrta Osiyoning birinchi kimyo sanoati “Elektrkimyosanoati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ilmiy ishlar boʻyicha muovini.     “Oʻzbekiston kimyo sanoati” aksiyadorlik jamiyatida respublikada birinchi tashkil etilgan “Innovatsiyalar markazi” ning tashkilotchisi va direktori, Respublika kimyo sanoati tizimidagi texnik va texnologik muammolari boʻyicha ilmiy maktablarni yaratgan va Davlat grantlariga rahbarlik qilgan:



“Suvda toʻliq va tez eruvchan tarkibida oʻsimliklar oson oʻzlashtiradigan xelat formadagi mikroelementlar tutgan kompleks mineral oʻgʻitlar texnologiyasi”, “Sanoat korxonalarida ishlatilgan katalizatorlar chiqindilaridan rangli metallar (rux, nikel, mis, vanadiy) ni ajratib olish va qayta ishlatish”.



Quyidagi Davlat grantlarini muvaffaqiyatli bajarilishida faol qatnashgan:



“Ishlatilgan kadmiy – kalsiy – fosfat katalizatoridan (KKF) kadmiyni ajratib olish va yangi katalizator sintezida qoʻllash”



“Tarkibida kislorod va azot saqlovchi ayrim organik birikmalarni maqsadli sintez qilish uchun katalizatorlar tanlashning ilmiy asoslarini yaratish”



Prof. Dodaxoʻjayev A.T. ilmiy – amaliy izlanishlari natijasida Respublika kimyo sanoati uchun bir necha katalizatorlar ishlab chiqarish texnologiyalari yaratildi va sanoatda joriy etildi.



Bu katalizatorlar qatorida tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurt birikmalarini vodorod sulfidigacha gidridlash (AHM markali) katalizatori,tabiiy gazni vodorod sulfididan tozalovchi (ЧПС – 03 markali) rux asosidagi  yuttirgich, is gazidan vodorod olish (OXK – 2 markali) katalizatori, ammiak sintezi (CA – CB – markali) katalizatori shular jumlasidan boʻlib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar qatoridan oʻrin olganlar.



Yuqorida qayd etilgan ilmiy – amaliy ishlanmalardan hosil boʻlgan iqtisodiy samaralar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga hissa boʻlib qoʻshilib, 2011 – yildagi fan va texnika sohasidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.



Prof. Dodaxoʻjayev A.T. Respublika qishloq xoʻjaligining ehtiyoji uchun ishlab chiqarilayotgan mineral oʻgʻitlar assortimentini kengaytirish, samaradorligini oshirishga ham oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan olimdir.



Prof. Dodaxoʻjayev A.T. ning ilmiy – amaliy faoliyati natijasida yaratilgan texnologiyalar, reglamentlarni ishlab chiqarishga joriy qilinishi quyidagi mahsulotlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarishga asos boʻldi:



ugleammoniy tuzlari, kaliy sulfati, fosfomochevina, sulfomochevina, karbamid ammiakli selitra (KAC), universal oziqlantiruvchi eritma, magniy sulfati, yopishqoqlikka qarshi reagent, magniyli karbamid, suyuq oʻgʻitlar, magniy nitrati eritmasi, azot – oltingugurtli mineral oʻgʻiti, avtomobil yoʻllarini muzlab qolishiga qarshi reagent, neft va gaz quduqlari unumdorligini oshiruvchi reagent (antinakipin).



Prof. Dodaxoʻjayev A.T. ilmiy – amaliy faoliyati respublika metallurgiya korxonalari bilan ham bogʻliq.



Oʻzbekiston qattiq va oʻtga chidamli materiallar kombinatida shu korxonaning suyuq chiqindilaridan  granullangan mikroelementli mineral oʻgʻit va gazni qayta ishlash sanoatida ishlatib boʻlingan katalizatordan alyuminiy nitrat eritmasini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratdi va joriy qildi.



“Olmaliq togʻ – kon – metallurgiya kombinati” AJ da ishlatib boʻlingan koʻp tonnali sulfat kislotasi ishlab chiqarishi katalizatoridan vanadiyni ajratib olish va qayta ishlatish kompleks texnologiyalarini yaratdi. Sanoat qurilmasini loyihalash uchun kerak boʻladigan dastlabki maʼlumotlar taqdim etildi.



Qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun kukunsimon – maydalangan oltingugurtni ishlab chiqarish uskunalarida yongʻin xavfsizligi boʻlmaydigan texnologiyasi yaratib, sanoat tegirmonida joriy qilindi.



V.L. Galperin nomli “Toshkent truba zavodi” MChJ va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish uchun tayyor mahsulotni zanglashdan saqlovchi fosfatlovchi eritmani fosforli oʻgʻit – ammofos va rux oksidi asosida ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi va bu mahsulot Rossiyadan keltiriladigan  Фоскон – 35 va Фоскон – 35 (K) fosfatlovchi elektrolitlarni mahalliylashtirish imkoniyatini berdi.



Prof. Dodaxoʻjayev A.T. ning ilmiy izlanishlarining yana bir yoʻnalishi atrof – muhitni sanoatning  koʻp komponentli, tarkibida  zaharli moddalari boʻlgan chiqindi gazlarini kataliz usuli bilan tozalash va zararsizlantirishga bagʻishlangan boʻlib amaliy natijalari mebel sanoatida, kimyo sanoatida – kaprolaktam ishlab chiqarishda, tarkibida oltingugurt birikmalari koʻp boʻlgan neftdan bitum olish zavodlarida joriy qilingan boʻlib atmosfera havosini tozalashda muhim ahamiyatga egadir.



Texnika fanlari doktori, professor Dodaxoʻjayev Abdulla Tursunovich 1946 – yil 10- iyulda Toshkent shahrining Samarqand Darvoza koʻchasidagi “Zangi ota” (oʻsha paytda) mahallasida ikkinchi jahon urushi   qatnashchisi oilasida tavallud topgan.



1963 – yili oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlab, 1968 – yili Toshkent Politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi TDTU) ni “Kimyo texnologiya” fakultetini imtiyozli tamomlab muhandis – texnolog mutaxassisligini olgan.



Hayoti va ilmiy pedagogik faoliyati sanalari:



1968 – 1969 – yillar Toshkent Politexnika institutining “Jarayonlar va uskunalar” kafedrasida stajyor – tadqiqotchi;



1969 – 1975 – yillar shu kafedrada aspirant, assistent;



-           1975 – 1990 – yillar Toshkent Politexnika institutining Chirchiq shahridagi fakultetida kafedra mudiri, fakultet dekani;



-           1990 – 1993 – yillar “Oʻzbekiston Davlat kimyo sanoati konserni” boshqaruvi raisining oʻrinbosari;



-           1994 – 1995 – yillar Toshkent Politexnika institutining Chirchiq fakulteti “Noorganik moddalar texnologiyasi” kafedrasi professori, fakultet dekani;



-           1996 – 2000 – yillar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining “Mineral oʻgʻitlar” (hozirgi “Umumiy va noorganik kimyo instituti”) yetakchi ilmiy xodimi;



-           2001 – 2007 – yillar “Elektrkimyosanoat” (hozirgi “Maksam – Chirchiq” AJ) da markaziy laboratoriyada, boshqarmada ilmiy ishlar boʻyicha rais muovini, bosh muhandis muovini;



-           2007 – 2017 – yillar “Oʻzkimyosanoat” AJ ning boshqaruvi raisi buyrugʻi asosida “Innovatsiya markazi” ning direktori;



-           2017 – 2021 – yillar “Oʻzkimyosanoat” AJ da innovatsiyalar va mahalliylashtirish boʻlimining mudiri;



-           2021 – yildan hozirgacha Islom Karimov nomidagi TDTU ning “Muhandislik texnologiyalari” fakultetining “Ekologiya va atrof – muhit muhofazasi” kafedrasida professor;



-           1994 – 1995 – yillar Chirchiq Shahar xalq deputatlari kengashining deputati, “Ekologiya” masalalari komissiyasining rahbari, u deputat sifatida ilmiy pedagogik ishlar bilan birgalikda atrof – muhit muhofazasi masalalari boʻyicha tahlil va takliflarini Shahar deputatlari sessiyalariga kiritilib tegishli qarorlar qabul qilingan.



1972 – yil TDTU da nomzodlik dissertatsiyasini “Исследование гидродинамики и грануляции совмещенного процесса получения аммофоса в кипящем слое”;



1987– yilda «Каталитическая очистка многокомпонентных серосодержащих отходящих газов» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Toshkent shahrida Regional ilmiy kengashda himoya qilgan.



1977 – yilda Dodaxoʻjayev A.T. ga dotsentlik, 1989 – yilda professor ilmiy unvonlari berilgan.



Professor Abdulla Tursunovich Dodaxoʻjayev 6 ta mualliflik guvohnomalari, 22 ta patentlar egasi. Bulardan 11 tasi sanoatda joriy qilinib koʻp milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan va valyuta tejamkorligiga erishilgan. 224 ta ilmiy maqolalar (bulardan 22 tasi xorijiy davlatlarda chop etilgan), 3 ta monografiya, 12 ta fan nomzodi tayyorlangan.



Professor Dodaxoʻjayev Abdulla Tursunovich tomonidan kiritilgan ratsionalizatorlik takliflari, u yaratgan texnologik reglamentlar asosida kimyo sanoatida 10 dan ortiq yangi mahsulotlar ishlab chiqarilyapti.



Ilmiy maʼruzalari va taqdimotlar bilan Minsk (1972 – yil), Novosibirsk (1989 – yil), Moskva (2012 – yil), Batumi (2018 – yil), Samara (2014 – yil) kabi shaharlarda boʻlib oʻtgan ilmiy anjumanlarda qatnashgan va maʼruzalar qilgan.



U rahbarlik qilgan Innovatsiya markazi yordamida barcha kimyo korxonalarida oʻnlab zamonaviy texnologiyalar amalga oshirildi va 35 ta yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.



Professor Dodaxoʻjayev Abdulla Tursunovich “Oʻzbekiston kimyo sanoati” ning innovatsion rivojlanish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 2019, 2020, 2021- yillardagi dasturlarini yaratdi va ularni amalga oshirishda  ishtirok etdi.



“Innovatsiya markazi” prof. Dodaxoʻjayev A.T. rahbarligida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari hamda Oliy taʼlim tizimidagi institutlar bilan samarali ilmiy aloqalar oʻrnatilib fanni ishlab chiqarishga integratsiyasiga salmoqli hissa qoʻshildi.



1988 – yildan Regional ilmiy kengash, “Umumiy va noorganik kimyo”, “Oʻsimliklar kimyosi” institutlarining ixtisoslashgan ilmiy kengashlari aʼzosi.



“Oʻzbekiston kimyo”, “Kompozitsion materiallar” jurnallari ilmiy toʻplamlari redkollegiyalari, Rossiyaning “Совет по катализу” hayʼatining aʼzosi, kimyo sanoatining “Eng mohir mutaxassisi” guvohnomalari, Oʻzbekiston mustaqilligi koʻkrak nishonlari, oliy taʼlim va kimyo sanoatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.



Abdulla Tursunovich Dodaxoʻjayev 4 ta farzand, 14 ta nabira va 10 ta evaralarning bobosi. Turmush oʻrtogʻi xalq taʼlimi aʼlochisi, Mehnat shuhrati ordeni sohibasi Dodaxoʻjayeva Umidaxon Komolovna farzandu arjumanlarini munosib tarbiyalash bilan birgalikda mehnat faoliyatini boshlangʻich sinf oʻqituvchiligiga bagʻishlagan mehribon, ziyoli,  ayoldir.