Aftondil Erkinov (1964 yil, Toshkent) – filologiya fanlari doktori (2000 y.), dotsent (1997 y.). Filologiya fanlari doktori, professor Sodir Erkinov (1930–2009) va “Fan” nashriyoti muharriri Latofat Erkinova (1939–2020) oilasida dunyoga kelgan. 1981–1986 yillari Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) oʻzbek filologiyasi fakultetida oʻqigan.
1987 yili Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar institutida stajyor-tadqiqotchi boʻlgan. 1988–2008 yillari Oʻzbekiston milliy universitetida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi (1992 yildan) va dotsent (1997 yildan) lavozimlarida ishlagan. 2008–2011 yillari Toshkent davlat sharqshunoslik instituti sharq klassik filologiyasi kafedrasida, 2012–2015, 2017–2018 yillari “Tamaddun” nashriyotida ilmiy muharrir sifatida ishlagan. 2016–2017 yillari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻzbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasida faoliyat olib borgan. 2018–2022 yillari Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat koʻrsatgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Navoiyshunoslik” kursidan dars bergan. 2022–2023 oʻquv yilida Metropoliten sanʼat muzeyida (Nʼyu York, AQSh) Endryu-Mellon stipendiasi sovrindori sifatida faoliyat olib borgan. 2023 yildan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori vazifasida ishlaydi.
1990 yili “Alisher Navoiyning peyzaj yaratish mahorati (“Saddi Iskandariy” dostoni misolida)” mavzusida nomzodlik (ilmiy rahbar akademik Aziz Qayumov (1926–2018) hamda 1998 yili esa “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqinining XV – XX asr manbalari” mavzusida doktorlik (ilmiy maslahatchi prof. Najmiddin Komilov (1937–2012) dissertatsiyasini himoya qilgan.
U oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalari, xususan, tarkibiga Alisher Navoiy asarlari ham kiritilgan qoʻlyozma manbalar ustida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi. Germaniya, Fransiya, Turkiya, Eron, Avstriya, Rossiya, Yaponiya va AQSh mamlakatlarida malaka oshirishda boʻlgan va ulardagi qoʻlyozmalar xazinalari bilan tanishgan.
2006 yildan markazi Angliyaning Kembridj shahrida joylashgan islom davri qoʻlyozmalari xalqaro ilmiy tashkiloti (TIMA); 2015 yildan AQShning forsiy tillilar jamiyatini oʻrganish ilmiy assosiatsiyasi (ASPS) hamda 2017 yildan AQShning Markaziy Osiyo tadqiqotlari ilmiy jamiyati (CESS) aʼzosi. 220 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi.
A.Erkinov xorijiy mamlakatlarda oʻzbek mumtoz adabiyoti, madaniyati tarixi va Navoiy ijodiga doir ingliz, fransuz, nemis tillarida oʻttizga yaqin maqolalari eʼlon qilgan.
U oʻzbek adabiyotining ijtimoiy muhit bilan bogʻliq jihatlariga doir yoʻnalishda tadqiqotlar olib boradi: tadqiqotchining 2004 yili Berlinda “Chor Rossiyasi davrida Turkiston va Xiva xonligida xutba va duolar”, 2009 yili Tokioda “1898 yil Andijon qoʻzgʻoloni va uning yoʻlboshchisi Dukchi eshon – davr shoirlari bahosida” nomli kitoblari ingliz tilida nashr etilgan.
A.Erkinov 2003 yili Parij milliy kutubxonasidan Qoʻqon xoni Muhammadalixon (1822–1842) uchun 1836 yili koʻchirilgan bayozni aniqlagan va fanga olib kirgan. 2007 yili oʻz vaqtida Miyon Buzruk Solihov tilga olgan, Qoʻqon xoni Umarxon tomonidan usmonli turklar sultoniga yuborilgan va katta qismini Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”si egallagan sheʼrlar majmuasi – “Muhabbatnoma” qoʻlyozmasining Istanbul universitetida mavjudligini aniqlab, u haqidagi dastlabki maqolasini eʼlon etgan.
A.Erkinov Alisher Navoiyning hayotligi davrida tuzilgan yoki koʻchirilgan bir necha qoʻlyozmalarini aniqlab, navoiyshunoslikka olib kirgan. 2010 yili Alisher Navoiyning “Ilk devon”idan keyin, uning ijodi ixlosmandlari tomonidan 1471 yili Oqquyunlilar saltanatida tartib berilgan, navoiyshunoslikka ilgari maʼlum boʻlmagan Navoiy devoni qoʻlyozmasini aniqlagan. 2012 yili navoiyshunoslikka olib kirgan. Mazkur devon qoʻlyozmasi Misrning Dor ul-kutub kutubxonasida saqlanib, u A.Erkinov tomonidan navoiyshunoslikka “Oqquyunli muxlislar devoni” degan shartli nom bilan kiritilgan. 2015 yili mazkur devon qoʻlyozmasi faksimilesini ingliz, oʻzbek va rus tillaridagi soʻzboshi bilan Tokioda nashr qilgan. 2018 yili “Badoeʼ ul-bidoya”ning Alisher Navoiy hayotligida koʻchirilgan ikki nusxasini Tehron va Istanbul kutubxonalaridan aniqlab, navoiyshunoslikka maʼlum qilgan. Ular navoiyshunoslikka “Badoeʼ ul-bidoya”ning Tehron nusxasi” (888/1483 y. koʻchirilgan) va “Badoeʼ ul-bidoya”ning Istanbul nusxasi” (889/1484-1485 y. koʻchirilgan) degan nom bilan kiritilgan. 2019 yili Oqqoʻyunlilar hukmdori Sulton Yaqub (1478–1490) buyurtmasi boʻyicha tuzilgan, Navoiy sheʼrlaridan saylab olib tuzilgan va 885/1480-81 y. koʻchirilgan kichik majmuani aniqlagan.
Mazkur toʻplam shartli tarzda “Sulton Yaʼqub saylanmasi” degan nom ostida navoiyshunoslikka olib kirilgan. 2022 yili AQShda Alisher Navoiyning umri soʻngida (905/1499-1500) Sultonali Mashhadiy tomonidan koʻchirilgan devoni qoʻlyozmasi bilan tanishib, uning tarkibini maʼlum qilgan. 2024 yili Alisher Navoiyning vafotidan toʻrt oy oʻtganidan soʻng – 906 yil, shavvol /1501 yil, may oyi oxirida koʻchirib tugallangan toʻplamini aniqlab, uni shartli tarzda “Navoiy 1501 yil “Terma devon”i deb atagan. Uni kitob holida “Alisher Navoiy. Terma devon (1501 yil, may). Tadqiqot va matn” nomi ostida 2024 yili Toshkentda nashr qilgan.
A.Erkinov quyidagi muassasalarda taklif qilingan professor sifatida tadqiqot olib borgan: (11-12/2012; 10/2016) Insonshunoslik tadqiqotlari fondi (Parij, Fransiya); (11/2013–03/2014) Slavyan dunyosi tadqiqotlari markazi (SRC). Xokkaydo universiteti (Sapporo, Yaponiya); (04-07/2014) Osiyo va Afrika tillari va madaniyatlari instituti. Tokio chet tillari universiteti (Tokio, Yaponiya). A.Erkinov individual tarzda yutib olgan malaka oshirishlar: 02-07/1999: Martin-Lyuter universiteti (Xalle-Vittenberg, Germaniya);
02-07/2003,04-06/2004, 04-06/2005: “Didro” stipendiyasi, Eron dunyosi boʻlimi, Fransiya ilmiy tadqiqotlar markazi (Parij, Fransiya);04-05/2006: Fransiyaning Eronni oʻrganish instituti (Tehron, Eron);11-12/2006, 10-11/2010, 6-7/2017: Germaniya akademik almashinuv xizmati stipendiyasi (DAAD). Oʻrta Osiyo seminari, Gumboldt universiteti (Berlin, Germaniya); 09-10/2007: Fransiyaning Anadoluni oʻrganish instituti (Istanbul, Turkiya);09/2009–06/2010: Anadolu madaniyatlarini oʻrganish instituti, Koch universiteti (Istanbul, Turkiya); 11-12/2011: Yaponiya ilmni qoʻllab-quvvatlash jamiyati (JSPS). Tokio universiteti (Tokio, Yaponiya);03-05/2016: Zamonaviy sharq markazi – ZMO (Berlin, Germaniya); 04/2017: Germaniyaning Moskvadagi tarix instituti (Moskva, Rossiya); 05/2017: Anadolu va Sharqiy Oʻrta yer dengizi tadqiqotlari markazi, Sent-Endryus universiteti (Sent-Endryus, Buyuk Britaniya);09/2022–08/2023: Metropoliten sanʼat muzeyi Endryu-Mellon stipendiasi sovrindori (Nʼyu York, AQSh).
A.Erkinovning xalqaro proyektlardagi ishtiroki;
- 02/2001–01/2003: Zerrspiegel – “Rossiyaning Oʻrta Osiyo va Kavkazdagi kolonializmi” (1850-1914)” (Loyiha rahbari prof. Yurgen Paul). Sharqshunoslik instituti, Martin-Lyuter universiteti (Xalle-Vittenberg, Germaniya) orientphil.uni-halle.de>
- 2001–2008: “Oʻrta Osiyo qoʻlyozma merosi”. Eron va hind dunyosi boʻlimi, Fransiya ilmiy tadqiqotlar markazi (Parij, Fransiya).
- 01-06/2007: Eronshunoslik instituti, Avstriya fanlar akademiyasi (Vena, Avstriya).
- 10/2007–3/2008: Maks Van Bershem fondi (Jeneva, Shvesariya).
- 07/2008–06/2009, 07/2010-06/2011: Gerda-Xenkel fondi (Dyusselʼdorf, Germaniya).
- 2009–2012: “Oʻrta Osiyo, Hindiston va Erondagi qoʻlyozma anʼanalari” (Loyiha rahbarlari – Dr. Mariya Shuppe va Dr.Nalini Balbir). Eron va hind dunyosi boʻlimi, Fransiya ilmiy tadqiqotlar markazi (Parij, Fransiya).
- 2012–2015: “Oʻrta Osiyo va Eron qoʻlyozmalari va adabiy muhiti” (Loyiha rahbarlari – Dr. Mariya Shuppe va Fransis Rishar). Eron va hind dunyosi boʻlimi, Fransiya ilmiy tadqiqotlar markazi (Parij, Fransiya).
- 07-11/2013, 09/2021-06/2022: “Arxivlar xavf ostida” loyihasi. Britaniya kutubxonasi (London, Buyuk Britaniya).
Fransiya (1999, 2010), Italiya (1999, 2003, 2009), Avstriya (2000), Qozogʻiston (2000, 2015), Germaniya (2002, 2014, 2016), Eron (2005, 2015), Buyuk Britaniya (2006, 2010, 2011), Qirgʻiziston (2009, 2013), Rossiya (2011, 2013, 2015, 2018), Polsha (2011), Yaponiya (2013), Turkiya (2015), Niderlandiya (2016), AQSh (2017; 2023), Gruziya (2018) kabi mamlakatlardagi oʻttizdan ortiq xalqaro ilmiy konferensiyalarda maʼruzalar qilgan.