“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” Faxriy unvoni (1999), “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” (2011), “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” (2017), “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 30 yil” (2022), “M.Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti”ning “Universitet iftixori” (2023) esdalik nishonlari, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni (2023), “K.Timiryazev nomli Oltin medali” (2019), “Rossiya Fanlar Akademiyasining 300 yillik” (2024) medali bilan taqdirlangan.
1978 yilda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti) Biologiya- tuproqshunoslik fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgach, Toshkent Davlat agrar universiteti tuproqshunoslik kafedrasida oʻz ish faoliyatini boshlab laborant, assistent, dotsent, professor, kafedra mudiri hamda ilmiy ishlar prorektori lavozimlarida ishladi. 2011 yildan Oʻzbekiston Milliy universitetining “AgroEko-Biotexnologiya” Ilmiy markazi rahbari va Tuproqshunoslik kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
1982 yilda nomzodlik va 1995 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan, biologiya fanlari doktori unvoniga sazovor boʻlgan. L.A.Gafurova tuproqlar genezisi, evolyutsiyasi, biologiyasi, kimyosi, ekologiyasi sohalarida taniqli olima sifatida ushbu sohalarda oʻz ilmiy maktabini yaratgan. Hozirgi vaqtga qadar u 500 dan ortiq ilmiy asarlar, shu jumladan 28 ta monografiya, 21 ta risola va tavsiyanomalar, 4 ta Atlas, 17 ta Intellektual mulk agentligi guvohnomalari, 18 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifi, shu jumladan xorijiy 7 ta, “GIS texnologii v pochvovedenii” darsligiga “MGUning Klassik darsligi” maqomi berilgan (Seriya-Klassicheskiy universitetskiy uchebnik).
L.A.Gafurova ilmiy rahbarligida 22 ta nomzodlik va 5 ta doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan, u “Oʻzbekiston agrar fani xabarnomasi” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari, “Oʻzbekiston biologik jurnali”, “Tuproqshunoslik va agrokimyo”, “Paxtachilik va donchilik” “Ona zamin” hamda “Проблемы агрохимии и экологии”, “Использование и охрана природных ресурсов”, “Владимирский земледелец” ва “Вестник Нижегородской сельскохозяйственной академии”, “EcoSystems and bioms” jurnallarning tahririyat aʼzosi.
Ilmiy tadqiqotlarni fan, texnika va texnologiyalar ustuvor yoʻnalishlari va zamonaviy yangi bilim sohalari boʻyicha davlat grantlari va xalqaro loyihalar asosida: tuproqlar genezisi, evolyutsiyasi va transformatsiyasi, biologiyasi, iqlim oʻzgarish sharoitida sugʻoriladigan, lalmikor va yaylov yerlari tuproqlaridan samarali foydalanish va muhofaza qilish, qurgʻoqchillik va choʻllanishga qarshi kurashish, raqamlashgan tuproqshunoslik va agrokimyo muammolari, degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligini oshirishda yangi agrobiotexnologiyalari, GAT va MZ texnologiyalarga oid fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib bormoqda.
Respublikada tuproqshunoslik boʻyicha birinchi tuproqshunos-ayol fan doktori. U nafaqat taniqli olima, tadqiqotchi, pedagog, balki Oʻzbekiston tuproqshunoslik ilmini, agrar fani yutuqlarini faol ommalashtiruvchisi hamdir – u 60 dan ortiq respublika va xalqaro ilmiy seminar va vebinarlar, konferensiyalar, forumlar, “dala kunlari” va “fermer kunlari” tashkil etgan, xalqaro kongresslarda, dunyoning yetuk universitetlarida ilmiy maʼruzalar bilan qatnashib kelgan.
“Fan-taʼlim-ishlab chiqarish integratsiyasi”ga bagʻishlangan faoliyati borasida – Respublika InnoWeek va hududiy innovatsion yarmarkalarda, Respublika va xalqaro fermer kunlarida faol qatnashib kelmoqda, turli tuproq–iqlim sharoitlarda joylashgan bazaviy fermer xoʻjaliklarida ilmiy–amaliy va targʻibot-tashviqot ishlari olib bormoqda, nazariy va amaliy – jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlgan qator ilmiy muammolarni yechishda qatnashmoqda, fan va amaliyotni yangi maʼlumotlar, uslublar, texnologiyalar bilan boyitib kelmoqda, ishlab chiqarish uchun tavsiyanomalar, xaritalar, amaliy — uslubiy qoʻllanmalar yaratib joriy qilib kelmoqda.
Yoshlarni ilmiy — texnik ijodiyotini rivojlantirish va “ustoz — shogird” tizimini qoʻllash, talabalarni taʼlim — fan — ishlab chiqarish integratsiyasi asosida tuproqshunoslikning nazariy asoslari va amaliy koʻnikmalariga oʻrgatish, taʼlim sifatini taʼminlash uchun koʻp bilim va kuch sarflamoqda, talabalar bilan ilmiy maqolalar eʼlon qilmoqda, u rahbarlik qilgan doktorantura, magistratura va bakalavriat talabalarining ilmiy ishlari respublika va xalqaro tanlovlarida sovrinli oʻrinlarga ega boʻlmoqdalar.
G.Jalilova — Oʻzbekiston Prezidenti Davlat stipendiantlari, Ye.Ablayeva — Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, S.Murodova-Respublika isteʼdodli yoshlarning “Istiqbolimiz timsollari” anjumanida faol ishtirok etganligi hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari oʻrtasida eʼlon qilingan “fan” yoʻnalish tanlovi gʻolibi, O.Ergasheva va D.Maxkamovalar “Vatanim taraqqiyotiga — mening hissam” nomli tanlov gʻoliblari, D.Egamberdieva — YuNESKO-Loreal premiyasi sovrindori, Sh.Begmatov Xalqaro “Science Light” tanlovida “Eng yaxshi innovatsion ishlanma” nominatsiyasi tanlovi gʻolibi (Kazan) hamda 30 dan ortiq talaba va yosh olimlar respublika va xalqaro agrar fani va ekologiya sohalaridagi turli nufuzli tanlovlarda sovrinli oʻrinlarga ega boʻldilar.
L.A.Gafurova — ilmiy innovatsiyalar boʻyicha faol ishtirokchi. Uning tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy universitetida “AgroEkoBiotexnologiya” Ilmiy markazi, “Tuproqshunoslik axborot–resurs markazi”, “Tuproqshunoslikda GAT markazi”, “Vermi markaz”, “Yosh olimlar ilmiy–innovatsion dala tajriba maydoni”, “Tuproq–oʻsimlik–mikroorganizm” laboratoriyasi va boshqalar tashkil etilgan. “Tuproqshunoslikda innovatsion texnologiyalar”. Yosh olimlar klubi aʼzolari uning rahbarligida innovatsion jarayonlarda amaliy qatnashib kelmoqda.
Ilmiy – pedagogik faoliyatini jamoat ishlari bilan faol qoʻshib olib bormoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi ekspert kengashining aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAKning “Biologiya” fanlari boʻyicha ekspert kengashi raisi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasini Markaziy kengashi aʼzosi. L.A.Gafurova 1996-2011 yy.da Toshkent viloyati “Olima” uyushmasi raisi va 2012 yildan Respublika xotin-qizlar “Olima” uyushmasi boshqaruvi aʼzosi.
2000-2020 yillarda Oliy Majlisning “Insonning huquq va erkinliklariga rioya etish komissiya”si aʼzosi, Inson huquqlari boʻyicha Ombudsmanning Toshkent viloyati Mintaqaviy vakili, hamda Global Tuproqshunoslar hamkorligi (GSP), Shoʻrlangan tuproqlar xalqaro tizimi (INSAS), Xalqaro Ekologiya akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademigi), Xalqaro Oziq-ovqat xavfzisligi akademiyasining akademigi, V.V.Dokuchayev nomidagi Tuproqshunoslar jamiyati Markaziy Kengashi, Xalqaro tuproqshunoslar jamiyati (IUSS) aʼzosi.
L.A.Gafurova 1998 yilda “Ilm – fan sohasidagi faoliyat koʻrsatgan ayollar ” yoʻnalishi boʻyicha – “Eng faol ayol” Respublika koʻrik tanlovi gʻolibi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Eng samarali texnologiyalar transferini amalga oshirayotgan ilmiy ishlar boʻyicha prorektor” nominatsiyasida Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan (2010), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (2006, 2010, 2024), Oliy va Oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (2007, 2014, 2015, 2017, 2022), Innovatsion rivojlantirish vazirligi (2019, 2022) xamda Oʻzbekiston Xotin – qizlar qoʻmitasi (2006, 2012, 2016, 2023) va Rossiya Federatsiyasining Moskva oblasti Qishloq xoʻjaligi vazirining diplomlari bilan taqdirlangan (2023).
Koʻp yillik mehnati, fan-taʼlim sohalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” Faxriy unvoni (1999), “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” (2011), “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” (2017), “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 30 yil” esdalik nishonlari (2022), “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni (2023),“Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti”ning “Universitet iftixori” esdalik nishoni (2023) hamda “K.Timiryazev nomli Oltin medali” (2019), “Rossiya Fanlar Akademiyasi 300 yilligi” yubiley medali (2024) bilan taqdirlangan.
Gafurova Lazizaxon Akramovna 2022 yil Rossiya Fanlar Akademiyasining akademigi etib saylandi.
Ishchan va intizomli, oʻz kasbini sevadigan, tashabbuskor, mehnatsevar, kamtarin, oʻziga va boshqalarga talabchan rahbar, mohir pedagog va olimadir.
Vatan taraqqiyoti yoʻlida bor imkon va kuch – gʻayratini safarbar eta oladigan fidoyi insondir.
Gafurova L.A. 4 farzandni onasi va 11 nabiralarni buvijonisidir.