Olim

HAMIDJON HOMIDIY

Pedagogika fanlari doktori, professor

Serqirra ijod sohibi, taniqli pedagog Hamidjon Homidiy (Homidov) 1935-yil 4-oktabrda Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida etikdoʻz oilasida tavallud topgan.



Bobosi Abduhamid Xoliqzoda va otasi  Abdulhamid Oxund Buxoro va Qoʻqon madrasalarini tugatgan, ziyoli, maʼrifatli kishilar boʻlishgan. Afsuski oʻsha yillardagi siyosat tufayli ularning mol-mulki tortib olinadi. Moddiy qiyinchilik, ruhiy azoblardan otasi sogʻligini yoʻqotadi va erta vafot etadi,  tez orada  onasi ham hayotda koʻz yumadi. Ota-onasidan erta ajralgan Hamidjon Homidiy togʻasini qoʻlida qoladi va maktab-internatda oʻrta maktabni tugatadi. Oʻrta maktab tahsilidan soʻng shahar bosmaxonasida harf teruvchi, tuman gazetasida masʼul kotib boʻlib ishlaydi. Hamidjon 1955-1960-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Tarix-filologiya” fakultetida tahsil oladi.



Boʻlajak zullisonayn olim Hamidjon Homidiy institutning Oʻzbek tili kafedrasida oʻqituvchi, “Pedagog” gazetasida masʼul kotib boʻlib ishlaydi. U 1963-1967-yillar davomida Oʻzbek adabiyoti kafedrasi aspiranturasida oʻqiydi; Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Natan Murodovich Mallayev rahbarligida 1968-yili nomzodlik, 1990-yili doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladi. Ilmdagi muttasil izlanishlari, oliy taʼlimdagi pedagoglik faoliyati uchun 1992 yili olimga professorlik unvoni berildi. U 1982-2010-yillarda universitetning “Hozirgi oʻzbek adabiyoti” hamda “Oʻzbek klassik adabiyoti” kafedralarini boshqardi.



Hamidjon Homidiy manbashunos olim sifatida “Dorobnoma”, Shoh Hijron “Shohnoma”si, “Barzoʻnoma”, “Dinkard”,  “Tazkirat-ul-avliyoi turkiy”, “Motirudiy pandnomasi” singari sarchashmalarni ilk bor ilmiy isteʼmolga olib kirdi; Sharqning buyuk  mashoyixlari  haqida oʻziga xos tazkira yaratdi, daho bobokalonlarimiz xususida ilmiy-badiiy ocherklar yozdi.



Ikki tilda barobar ijod qilgan olim H.Homidiy ijodiy bisotini toʻrt yoʻnalishdagi tadqiqotlar tashkil qiladi. Ular manbashunoslik, tasavvuf tarixi, Sharq mutafakkirlarining ijodiy merosi, avestoshunoslik kabi koʻp masalalarni qamrab oladi. Shundan kelib chiqib olim olib borgan ilmiy kuzatishlarni quyidagi yoʻnalishlarga boʻlib tasnif etish mumkin:



1.         Firdavsiy va oʻzbek adabiyoti. Aspirantlik yillaridanoq mazkur muammoni adabiy oʻzaro taʼsir, anʼana va oʻziga xoslik tizimida tadqiq etishga kirishgan muallif faqat qoʻlyozma manbalarga suyanib koʻplab ilmiy maqolalar eʼlon qildi; “Barhayot sheʼriy qasr”, “Boqiy boʻston tarovati”, “Borbad Marvaziy”, “Shohnomaning shuhrati”, “Firdavsiy va oʻzbek adabiyoti”  singari kitoblarini chop ettirdi; “Shohnomai turkiy”, “Qissai Siyovush”ni nashrga tayyorladi;  bir necha qoʻlyozma manbalarni ilmiy isteʼmolga olib kirdi.



2.         Sharq mutafakkirlari ijodini tadqiq va targʻib etish. Bu jabhada tadqiqotchi oʻzbek, tojik, rus, qozoq tillarida 50dan ziyod maqolalar eʼlon qildi; “Olis yaqin yulduzlar”, “Qirq besh alloma hikoyati”, “Ajdodlar sabogʻi – aql qayrogʻi”, “Koʻhna Sharq dargʻalari”, “Daholar davrasi”, “Misliteli Vostoka” kitoblarini nashr qildirdi.



3.         “Avesto” – maʼnaviyatimiz sarchashmasi. Maʼlumki, 2001-yili ajdodlarimizning uch ming yillik tarixga ega boʻlgan qadimiy yodgorligi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Shu munosabat bilan olim H.Homidiy ham dunyo avestoshunosligining ulkan yutuqlaridan bahramand boʻlib, yodgorliknnig 2 jildlik forsiy nashri, “Bundaxishn”, “Dinkard” singari  koʻhna yodgorliklar, 4 jildlik “Avesto lugʻati”ga suyanib koʻplab maqolalar yaratdi; maxsus telekoʻrsatuvlar uyushtirdi, ikki qismdan iborat “Axuramazda elchisi” telefilmini yaratdi;  Mazdoparastlik dinining asoschisi shoir, olim,  tabib va jamoat arbobi Spitamen Zardushtning fanimizda ilk bor ilmiy biografiyasini yaratdi; “Avesto fayzlari”, “Avesto va tibbiyot” (hammuallif), “Avestoning ilmiy va adabiy qimmati”, “Avestodan Shohnomaga” kitoblarini ommalashtirdi; “Bundaxishn”ni rus tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildi.



4.         Mustaqillik yillarida H.Homidiy milliy, madaniy meros, milliy qadriyatlar, jumladan, Sharq mashoyixlari haqida gazeta hamda jurnallarda maqolalar chop ettirdi, eshittirishlar tashkil etdi. Soʻngra esa “Tasavvuf allomalari”, “Tasavvuf Qaraniydan Rushdiygacha” kitoblarini keng ilm-adab ahli eʼtiboriga havola qildi. Bu asarlarning barchasi soha donishmandlari tomonidan eʼtirof etilib, yuqori baholangan.



Shuningdek yana turli yillarda olimning “Mehridan sarob boʻlganlarim”, “Gumanizm kuychisi”, “Barhayot sheʼriy qasr”, “Mashriqzamin – hikmat boʻstoni” (hammuallif), “Namangan adiblari” (hammuallif), “Oʻzbek adabiyoti”, “Kosonsoy tarixi” (hammuallif), “Nizomiy dilbandlari”, “Ustozlar sabogʻi – aql chirogʻi”, “Yillar samari”, “Poktiynat siymolar” singari jami oʻttizdan ortiq kitoblari nashr etilgan. U bir necha ilmiy daraja beradigan ixtisoslashgan kengashlarning aʼzosi boʻlgan. Hamidjon Homidiy iqtidorli yoshlarning mehribon  rahnamosi sifatida ham faoliyat koʻrsatgan. Professor H.Homidiy 30dan ziyod nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga opponentlik qilgan; shuningdek K.Abdullayev, A.Xudoydodov, Z.Qurboniyozova, Z.Sodiqov, J.Mahmudov, A.Qurbonov, O.Tojiboyeva, H.Joʻrayeva, Z.Shukurova, M.Jabborova, S.Abdurahmonova singari oʻndan ziyod adabiyotshunos, manbashunos yoshlar uning bevosita ilmiy rahbarligida fan doktori va fan nomzodi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olishga muyassar boʻlgan.



Nuktadon olim Hamidjon Homidiy saliqali mutarjim sifatida ham  zahmat chekib kelayotir. U rus, fors, tojik tillaridan “Safarnoma”, “Etim”, “Qoracha qiz”, “Nishonga tegmagan oʻq”, “Koʻhna odamlar”, “Hudud-ul-olam”, “Muqanna isyoni”, “Temur Malik” “Qaysar chumchuq”, “Vafodor argʻumoq”,  “Shohnoma” (saylanma dostonlarning nasriy bayoni) singari oʻndan ziyod asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirgan. Muallifning hikoya va hikoyatlari kitoblariga kirgan, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Sogʻlom avlod uchun” jurnallari hamda gazetalarda eʼlon qilingan. Hamidjon Homidiy 1991-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi.



Bundan tashqari olim bir necha darslik, dastur  va oʻquv qoʻllanmalarining muallifi hamdir. Turli ilmiy toʻplam, jurnal hamda vaqtli matbuotda olimning 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy ommabop maqolalari eʼlon qilingan. Hamidjon Homidiyning ilmiy maqolalari Tehron, Boku, Olmaota, Dushanbe, Xoʻjand shaharlaridagi majmua hamda qomuslardan ham oʻrin olgan.



Hamidjon Homidiy “Doʻstlik” ordeni, “Mustaqillikning 15 yilligi”, ikki marta (1972-1984) “Xalq maorifi aʼlochisi” nishonlari hamda bir necha Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.



Umrining har bir daqiqasini gʻanimat bilib, tinimsiz izlanishdan toʻxtamagan, sermahsul olim Hamidjon Homidiy 2024-yil 11-yanvar kuni 89 yoshida bu yorugʻ olamni tark etdilar. Ular qoldirgan ilmiy, maʼnaviy meros olimning nomini abadiyatga muhrladi desak yanglishmagan boʻlamiz.