Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti (2002-yil, Adabiyot yoʻnalishi) sovrindori, “Alisher Navoiy” nomidagi koʻkrak nishoni sohibasi Orzigul Hamroyeva Jalolovna hozirgi vaqtda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna 1987-yilda Buxoro viloyatida tavallud topgan. Buxoro viloyatidagi 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktabni tugatgan. 2002-yilda adabiyot yoʻnalishi boʻyicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qoʻlga kiritgan. 2000-yilda “Mehr guli”, 2001-yilda “Oq kabutar”, 2002-yilda “Hayrat beshigi” nomli sheʼriy toʻplamlari keng kitobxon ommasiga taqdim qilingan. Orzigul Hamroyeva Jalolovna 2007-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetini imtiyozli tugatgan. 2006-yilda Oliy taʼlim talabalari oʻrtasida mutaxassislik boʻyicha oʻtkazilgan olimpiada gʻolibi boʻlgan. 2009-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetining Adabiyotshunoslik ixtisosligi magistratura bosqichini tamomlagan.
2005-yilda OʻzMU, 2006-yilda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan.
2009-2011-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti “Oʻzbek mumtoz adabiyoti” kafedrasida stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi, 2011- 2015- yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti “Oʻzbek adabiyoti va matnshunoslik” kafedrasi katta ilmiy xodim- izlanuvchiё, 2015-2016-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti F1–02 “Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi” mavzusi boʻyicha tashkil etilgan granti aʼzosi, 2016 – 2017-2018-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Oʻzbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik” kafedrasi katta oʻqituvchisi, 2019-2023-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti “Oʻzbek adabiyoti tarixi” kafedrasi dotsenti lavozimlarida ishlagan.
Olimaning adabiyotshunoslik ilmiga kirib kelishining dastlabki bosqichlari 2003-yildan boshlangan boʻlib, qoʻlyozma manbalar, toshbosma nusxalar bilan tanishib, yirik olim, shoir, dramaturg Abdurauf Fitratning “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (2008-yil) majmuasini tabdil qilgan, majmuani ilk bora joriy yozuvda ilmga taqdim qilgan. 2013-yilda Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” majmuasini chuqur oʻrganib, asar matni bilan jamoatchilikni tanishtirgan, nashrga tayyorlagan.
Olimaning keyingi izlanishlari bevosita qoʻlyozma manbalar va toshbosma nashrlar bilan bogʻliq holda rivojlanib, Abdurauf Fitratning “Eng eski turk adabiyoti namunalari” va “Oʻzbek adabiyoti namunalari” majmualari asosida 2018-yilda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyani 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan. Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” majmuasi tarkibiga kiritilgan 30 dan ortiq asarlarning bir necha yuzlab qoʻlyozma va toshbosma nusxalarini qiyosiy oʻrganish natijasida Fitratning matnshunoslik va manbashunoslik faoliyati tadqiq etilgan. Dissertatsiyaning amaliy natijasi 2019-yilda “XX asr boshlari oʻzbek matnshunosligi taraqqiyotida Fitrat majmualarining oʻrni” nomi bilan monografiya holida nashr etilgan.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna ilk bora mumtoz qofiya nazariyasiga oid tadqiqot ishini oʻzbek adabiyotshunosligiga taqdim qilgan. Olima 2023-yilda filologiya fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Olimaning tadqiqot mavzusi “Temuriylar davridagi qofiyaga oid risolalarda qofiya ilmining qiyosiy tahlili” (10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik) deb nomlanib, tadqiqot ishida arabiy, forsiy, turkiy risolalar qiyosiy oʻrganilgan. Keyinchalik 2023-yilda tadqiqot asosida “Temuriylar davridagi qofiyaga oid risolalarda qofiya ilmining qiyosiy tahlili” nomi ostida monografiya eʼlon qilingan.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna oʻzbek tili va adabiyoti: oʻzbek adabiyoti, jahon adabiyoti, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi yoʻnalishlarida bir qancha qoʻllanmalar muallifi.
Olimaning bu yoʻnalishda “Ona tili. Maʼruzalar toʻplami” (2016), “Ona tili. Abituriyentlar uchun eng yangi savol-javoblar toʻplami. Test” (2016), “Ona tili. Abituriyentlar uchun eng yangi savol-javoblar toʻplami” (2016), “Adabiyot. Abituriyentlar uchun eng yangi savol-javoblar toʻplami. Test” (2016), “Adabiyot. Abituriyentlar uchun eng yangi savol-javoblar toʻplami” (2016) kabi oʻquv qoʻllanmalari bir necha yillardan beri qayta nashr qilinib, ayni yoʻnalishda oʻquvchilarga yordamchi vazifasini bajarmoqda.
Hamroyeva Orzigul Jalolovnaning mumtoz qofiya va uning nazariy asoslariga bagʻishlangan “Aruz va poetika asoslari. Mumtoz qofiya nazariyasi” (2023), Alisher Navoiy ijodining poetik xususiyatlari, qofiya tizimini ochib berishga qaratilgan “Alisher Navoiy lirikasining qofiya tizimi”(2024) oʻquv qoʻllanmalari oʻzbek adabiyoti tarixi, adabiyotshunoslik tarixi, mumtoz tarixiy poetika, navoiyshunoslik asosiga qurilgan fanlar uchun asosiy manba vazifasini oʻtamoqda.
Olimaning 2020-yilda “Adabiyot” nomi ostida oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi nashr qilingan boʻlib, ushbu qoʻllanmada adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid bilan bogʻliq masalalar ilmiy-nazariy xulosa shaklida taqdim qilingan.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna “99 xos ismga mos hikoya” (2019) nomi ostida hikoyalar toʻplamini nashr qilgan boʻlib, bu toʻplamdagi hikoyalar Allohning 99 ismi sifatini ochib berish vazifasini bajargan.
Olima tomonidan 2023-yilda Fitratning adabiyotshunoslik: adabiy tur va janrlar, davrlashtirish, mumtoz poetika nazariyasi, adabiy oqimlar kabi adabiyot nazariyasiga oid ilmiy tadqiqotlari asosida “Fitratning adabiyotshunoslikka oid qarashlari” monografiyasi eʼlon qilingan.
U jadid adabiyoti, jadid olimlari tadqiqotlari, asarlari yuzasidan yirik tadqiqotlar olib borib, bir qancha manbalarni joriy yozuvga tabdil qilgan. Xususan, Abdurahmon Saʼdiyning XX asr boshlarida oʻzbek va tatar talabalari uchun moʻljallangan “Amaliy ham nazariy adabiyot darslari”, “Adabiyot muallimi”, “Adabiyot usullari” kabi darsliklarini “Jadid kulliyoti” turkumi ostida nashr qildirgan.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna Qozogʻiston, Turkiya, Ozarbayjon, Yaponiya, Rossiya, Qirgʻiziston, Germaniya kabi mamlakatlar universitetlarida turkologiya, jadidchilik, jadid matbuoti, sharq adabiyoti muammolari kabi mavzularda maʼruzalar bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Olimaning 2024-yilda XX asr boshlarida ilk bora Oybek tomonidan toʻplangan oʻzbek shoiralarining sheʼriy toʻplami – “Erk kuylari”ni nashr qildirishi XX asr boshlari oʻzbek shoiralari ijodi bilan tanishtirish barobarida, ayni davr adabiy muhiti, adabiy tur va janrlar, obrazlar yangilanishi, shoiralarning ijod uslubi kabi masalalarni oʻrganishda yordamchi boʻldi.
Hamroyeva Orzigul Jalolovning 200 dan ortiq maqolalari respublika ilmiy jurnallari bilan bir qatorda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiy, Ozarbayjon, Amerika, Germaniya, Italiya, Indoneziya, Fransiyaning xalqaro ilmiy jurnallarida eʼlon qilingan.
Olima Qarshi davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2021.Fil.70.01 raqamli ilmiy kengash, Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02 raqamli ilmiy kengash, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi.
Hamroyeva Orzigul Jalolovna shijoatli, mehnatsevar, zukko olima sifatida oʻzbek adabiyotshunoslari orasida oʻz oʻrniga ega. Bugungi kunda poetika ilmi, mumtoz qofiya nazariyasiga oid forsiy risolalar tarjimasi ustida ishlamoqda.