Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev 1973 yil 10 dekabrda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ziyoli oilasida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. Oliy maʼlumotli, 1995 yili Samarqand qishloq xoʻjalik institutini, 2013 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasini tamomlagan. Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor.
2022 yildan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasining raisi lavozimida ishlab kelmoqda. Bungacha, yaʼni 2017-2022 yillarda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi rais oʻrinbosari-Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat koʻrsatgan (2017 y., 17 iyuldagi PQ-3085).
Jami ilmiy-pedagogik faoliyati 28 yil.
I. Ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida:
2017-2021 yillarda Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti binosi kapital taʼmirdan chiqarilib, 4 ta ilmiy laboratoriyalar yangi jihozlari bilan taʼminlandi.
Institut tizimida 1 ta filial, 2 ta ilmiy markaz va 5 ta tajriba stansiyalari tashkil etildi va faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻrmon xoʻjaligi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan olimlarning oʻrtacha yoshi keyingi toʻrt yilda 71 yoshdan 54 yoshga yoshartirilgan. Ilmiy salohiyat esa 17 % dan 47 % ga oshirilgan.
Shu muddatda Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutiga doktorantlar soni 7,3 barobarga oshirildi. 11 nafar fan doktori oʻrmonchilik va turdosh soha yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy ishlarini himoya qilishgan va 8 nafar ilmiy xodim professor va katta ilmiy xodim unvoniga ega boʻlishgan.
Olimlar korpusini yanada yoshartirish maqsadida yana 21 nafar yoshlar doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilinib, yangi ilmiy yoʻnalishlarda ish boshlashgan. Hozirgi kunda 7 ta yoʻnalishda ilmiy maktablar shakllantirilgan.
Uning samarali faoliyati natijasida Oʻrmon xoʻjaligi ITI qisqa muddatda mamlakatimizdagi eng kuchli 10 talikka kirib, yetakchi ilmiy tashkilotga aylandi.
II. Ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi boʻyicha:
2017-2019 yillarda amaliyotga jami 19 ta (15 ta amaliy 4 ta innovatsiya) ilmiy loyihalar boʻyicha tadqiqotlar olib borilib, natijalari ishlab chiqarishga joriy etilgan.
Tadqiqotlar natijalarida yongʻoqmevali ekinlarning 13 ta navlari yaratilgan va Respublikaning 9 ta hududga joriy etilgan. Shuningdek, 15 ta ixtiroga patent guvohnomasi olingan.
Orol dengizi qurigan tubida “Yashil qoplama”lar barpo etish boʻyicha ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar 2018-2021 yillarda 1,7 mln.ga maydonda joriy etilgan.
III. Xalqaro aloqalar boʻyicha:
A.Xamzayev qishloq, oʻrmon va ekologiya sohasida xalqaro tajribalarga ega boʻlib, uning tashabbusi bilan 2017-2024 yillarda “KOISA”, “TIKA”, “JAYKA”, “OYO” “UEFRO”, “NiFOs”, “APAFRI” kabi xalqaro tashkilotlar hamda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Turkiya, Germaniya, Bolgariya, Rossiya kabi davlatlarda malaka oshirgan. Uning tashabbusi bilan bugungi kunda sohaga oid 10 dan ziyod xorijiy oʻquv va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan va sohaga oid 4 marta xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazilgan.
Uning tashabbusi va rahbarligida Oʻrmon va Ekologiya sohasida faoliyat koʻrsatayotgan 60 nafardan ziyod yosh olimlar va mutaxassis xodimlar Amerika, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Belorussiya, Gruziya, Vengriya, Fransiya, Yaponiya, Rossiya, kabi davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalarida malakalarini oshirishi taʼminlangan.
Shuningdek, oʻrmon xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 1500 nafarining malakasi oshirilgan.
IV. Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligi yoʻnalishida:
Uning faoliyat koʻrsatgan davrida 2017 yilga nisbatan urugʻ tayyorlash va tahlildan oʻtkazish hajmi 4,7 barobarga oʻsgan.
Oʻrmon fondi yerlarida yangi ixota oʻrmonlarini barpo etish uchun 2020 yilda Buxoro va Navoiy viloyatida 239,0 tonna, Nukus oʻrmon urugʻchilik laboratoriyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida 1387,3 tonna, Qashqadaryo oʻrmon urugʻchilik laboratoriyasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida131,2 tonna, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 84,6 tonna, Fargʻona viloyatida 107,7 tonna hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 55,2 tonna oʻrmon va dorivor oʻsimliklarning urugʻlari tayyorlanib, laboratoriyalarda sinovdan oʻtkazilgan.
V. Dorivor oʻsimliklar yetishtirish yoʻnalishida:
Dorivor ekin maydonlari oʻtgan 5 yil davomida 1900 gektardan 2046 gektarga, dorivor xom ashyosi tayyorlash hajmi 3950 tonnadan, oʻtgan 2019 yilda 4715 tonna (119%)ga koʻpaytirilgan. 2021 yilda 5019 tonna (127 %), ga bajarilgan.
2018-2020 yillarda 33 turdagi dorivor oʻsimliklar madaniylashtirilib, oʻrmon xoʻjaliklarida 62 turdagi (2,1 barobar koʻp) dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.
2021 yilda 64 turdagi dorivor oʻsimliklarni 6000 gektar maydonda madaniy plantatsiyalarini barpo etish hamda 6939 tonna xom ashyo tayyorlash boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda .
Shuningdek, A.Hamzayevga:
Respublikada tez oʻsuvchi daraxt turlarini koʻpaytirish boʻyicha berilgan topshiriq berilgan. Unga koʻra,
1). Terakning dunyo seleksiyasiga mansub 80 dan ortiq duragay navlari oʻrganilgan va eng yaxshilaridan Dehqonobod, Pop, Kitob, Sirdaryo, Darxon oʻrmon xoʻjaliklarida onalik plantatsiyalari barpo etilgan.
2) Respublika oʻrmon xoʻjaliklarida sanoatbop yogʻoch yetishtirish maqsadida Pavlovniyaning “Tomentoza” “Shangton” kabi turlarining 2,7 mln tupdan ortiq koʻchatlari yetishtirilgan.
3) Yongʻoqmevali oʻrmon plantatsiyalarini tashkil etish topshirigʻiga asosan 2017 yilda 2,8 ming gektarda, 2018 yilda 8,7 ming gektarda, 2019 yilda 10,6 ming gektarda va 2020 yilda esa 9,0 ming gektar maydonda yongʻoqmevali plantatsiyalar tashkil etilgan.
U kishining tashabbusi bilan 2020 yilda Oʻrmon xoʻjaligi sohasida juda qimmatli ilmiy manbalarga ega (10 mingdan ortiq) yangi kutubxona tashkil etilgan.
A.X.Xamzayev jamoatchilik asosida OʻzR OAKda ekspert kengashi raisi, Innovatsion rivojlanish agentligida huzuridagi ilmiy texnik kengash raisi sifatida ham mamlakatimizda har yili minglab ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashda katta hissa qoʻshib kelmoqda. Oʻzining bevosita rahbarligida 50 ga yaqin nomdor stipendiatlar, 30 dan ortiq magistrlar, 1 ta fan doktori, 3 ta falsafa doktorlari tayyorlangan.
A.X.Xamzayev 300 dan ortiq ilmiy ishlar, Shundan, 28 ta oʻquv-uslubiy ishlar, 30 ta ilmiy tavsiyalar va 9 ta monografiyalar nashr ettirgan. Shuningdek, 18 ta qishloq xoʻjalik ekin (2 ta tarvuz, 1 ta kartoshka, 13 ta pista, 2 ta batat) navlari va 16 ta ixtiro muallifi hisoblanadi. A.X.Xamzayev qonun ijodkorligi jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi Qonunlarni hamda oʻrmonchilik, ekologiyaga oid 50 ga yaqin qonunosti hujjatlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etgan.
Partiya yetakchisi sifatida oʻtgan ikki yil (2022-2024 yillarda) partiya faoliyatida katta ijobiy oʻzgarishlar qilindi, yangicha tizim joriy etildi, partiya aʼzolari soni 680 ming nafardan oshdi. Partiya moddiy-texnik bazasi kuchaydi. Ekologik muammolar yechimiga qaratilgan oʻnlab yangi loyihalar ishga tushirildi, hududiy partiya xodimlari, deputatlik guruhlari faollashdi.
Uning rahbarligida Referendum oldi Konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini aholiga yetkazish boʻyicha partiya faollari va elektoratini keng jalb qilgan holda 600 mingga yaqin aholi oʻrtasida 3 500 dan ortiq uchrashuvlar, markaziy OAV da 100 dan ortiq chiqishlar tashkil qilindi. Joriy yildagi Prezident saylovi jarayonlarida ham koʻpming sonli partiya aʼzolarining uyushqoqligini taʼminlab, munosib ishtirok etildi.
A. Hamzayev Mustaqillikning 25 yilligi, 30 yilligi hamda “Oʻrmon fidoyisi”, “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishonlari sovrindori.
Oilali, uch nafar farzandi bor.