Olim

HASANOV BOTIR ACHILOVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Botir Achilovich Hasanov 1946-yil 8 noyabrda Qoraqalpogʻiston Avtonom Respublikasi, Toʻrtkoʻl tumanida tavallud topgan. 1968-yilda Toshkent davlat universiteti (ToshDU, hozir Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, OʻzMU) ni “Biologiya, botanika” mutaxassisligi boʻyicha tugatgan.



1968-yilda M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MDU), Biologiya fakulteti, Tuban oʻsimliklar kafedrasida aspiranturaga kirib, uni 1971-yilda tugatgan.



1972-yilda Oʻrta Osiyo fitopatologiya ilmiy-tadqiqot instituti (SANIIF) ga katta laborant lavozimida ishga kirgan. Shu yili noyabrdan 1973-yil noyabrigacha armiyada harbiy xizmatni oʻtgan. Keyin mazkur institutda ishini davom ettirib, 1973-1974-yillarda katta laborant, 1974-1984-yillarda kichik, 1984-1989-yillarda katta, 1989-1992-yillarda yetakchi ilmiy xodim, 1991-1992-yillarda ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini lavozimida ishlagan.



1991-yilda Oʻzbekiston mustaqilligi eʼlon qilinganidan keyin SANIIF Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tasarrufiga oʻtkazildi va 1992-yilda uning asosida Genetika instituti, 1996-yilda esa Oʻzbekiston Geneika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti tashkil etildi. 1992-1996-yillarda ushbu institutda ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini, 1992-2008-yillarda laboratoriya mudiri va bir necha loyihalarning rahbari lavozimlarida ishlagan.



1975-yilda Moskva davlat universitetida “Zang zamburugʻlarining giperparazitlari” mavzusidagi biologiya fanlari nomzodligi, 1993-yilda “Takomillashmagan zamburugʻlar Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda boshoqli oʻsimliklarning asosiy parazitlari” mavzusidagi biologiya fanlari doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan va, mos ravishda, biologiya fanlari nomzodi va biologiya fanlari doktori ilmiy darajalarini olgan. 1986-yilda katta ilmiy xodim, 2011-yilda professor unvonini olgan.



1996-2005-yillarda oʻsimliklar himoyasi boʻyicha “Kroprotekt” MChJ ning taʼsischisi boʻlib, uning direktori vazifasini bajargan. 2005-2008-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti (ToshDAU) da oʻrindoshlik asosida professor vazifasini bajaruvchi, 2008-2013-yillarda “Fitopatologiya va biotexnologiya” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab, 2013-yildan hozirgacha “Qishloq xoʻjalik fitopatologiyasi” kafedrasida professor lavozimida faoliyat olib bormoqda.



B.A. Hasanovning pedagogik va ilmiy faoliyati oʻsimliklarni himoya qilish, fitopatologiya va mikologiya sohalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, 240 dan oshiq ilmiy ishlarni, jumladan xorijiy nufuzli jurnallarda 55 maqola, 5 ta darslik, 15 ta oʻquv qoʻllanma, 9 ta monografiya hamda 10 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalarni nashr ettirgan. Ixtirosi uchun 2 ta mualliflik guvohnoma va patentga ega. Xalqaro anjumanlarda (Angliya, Estoniya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus) ishtirok etgan hamda maʼruzalar qilgan. Xorijiy tajribalarni oʻrganish maqsadida Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Niderlandiya, Vengriya, AQSh, Hindiston va boshqa davlatlarda seminar hamda oʻquv kurslarida ishtirok etgan.



Bakalavriat va magistratura talabalariga oʻzbek, rus va ingliz tillarida maʼruzalar oʻqiydi, va ularga rahbarlik qiladi. Uning rahbarligida 6 ta shogirdi biologiya va qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha fan nomzodi / falsafa doktori (PhD) va 2 ta shogirdi fan doktori ilmiy darajasini olgan hamda hozirgi kunda bir qator tayanch doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda.



Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi ekinlarini xavfli kasalliklardan, jumladan gʻalla ekinlarini zang kasalligidan va gʻoʻza ekinlarini fuzarioz soʻlish kasalligidan himoya qilishda davlatning ushbu soha boʻyicha mutaxassislariga muntazam yordam qilmoqda va bu soha uchun koʻplab amaliy tavsiyalar tayyorlagan va chop ettirgan.



Olimning ilmiy-pedagogik faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Unga bir qator faxriy yorliqlar, 2016-yilda "Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni va 2023-yilda “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni berilgan.