Ibadullayev Axmadjon Sobirovich 10-iyun 1957-yilda ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1976-yilda Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutining «Kimyo-texnologiya» fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1981 yilda Rezina texnologiyasi mutaxasisligi boʻyicha tugatganlar. 1982 yil Toshkent politexnika institutining «Plastmassalar va ularni qayta ishlash texnologiyasi» kafedrasiga aspiranturaga kirib, uni 1988 yilda «Modifikatsiya qilingan texuglerodlar bilan toʻldirilgan elastomer kompozitsiyalarini yaratish va optimallash» mavzusida 02.00.16-Kompozitsion materiallar kimyosi va texnologiyasi ixtisosligi boʻyicha nomzodlik va 2005 yilda esa «Mahalliy va ikkilamchi xomashyolarni qoʻllab elastomer kompozitsiyalar ishlab chiqarish texnologiyasini ilmiy asosini yaratish» mavzusida 05.17.12-Kauchuk va rezina texnologiyasi va 02.00.16-Kompozitsion materiallar kimyosi va texnologiyasi birlashgan ixtisosliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
1981-1988 yillari Toshkent politexnika instituti «Plastmassalar va ularni qayta ishlash texnologiyasi» kafedrasida aspirant va ilmiy xodim, 1988-1998 yillari institutning Angren filialida oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri, fakultet dekani va doktorant, 1998-2006 yillari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoshidagi «Fan va taraqqiyot» ilmiy texnologik kompleksida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, bosh ilmiy kotib, 2006-2010 yillari Toshkent kimyo-texnologiya institutida magistratura boʻlimi boshligʻi, 2010-2018 yillarda «Menejment va kasb taʼlimi» va «Yoqilgʻi ishlab chiqarish va organik moddalar texnologiyasi» fakultetlari dekani, 2018-2019 yillarda «Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi» kafedrasi mudiri va 2019 yildan Toshkent davlat transport universiteti professori lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Oʻz faoliyati davomida u Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiluvchi texnika yoʻnalishlari boʻyicha yangi 3 ta mutaxasislik kafedrasi va laboratoriyasi tashkil qilgan va hozirgi vaqtda yetuk qadrlar va olimlarni yetishtirishga xizmat qilib kelmoqda.
2019 yildan Oʻzbekiston Oliy Attestatsiya Komissiyasi «Kimyo va farmotsevtika» ekspert komissiyasining aʼzosi, 2023 yildan esa rais muovini.
Axmadjon Sobirovich oʻz pedagogik va ilmiy yoʻnalishlarida chet el davlatlarida, MDX va Respublikamizda koʻzga koʻringan pedagog-olim, yoshlarni mehribon murabbiysi va Elastomer kompozitsiyalarining strukturasini shakllantirish va polimer-bitum yoʻl qoplamalari yaratish ilmiy yoʻnalishlariga ulkan hissa qoʻshgan va birgalikda yetuk qadrlar tayyorlashga erishgan olimdir.
Axmadjon Sobirovich tomonidan Mahalliy xomashyolar asosida elastomer kompozitsiyalari va polimer-bitum yoʻl qoplamalari uchun ingredientlar ishlab chiqarishning ilmiy asosini yaratish sohasida muvaffaqiyatli ishlayotgan ilmiy-maktab yaratgan.
Axmadjon Sobirovich olib borilayotgan «Mahalliy xom-ashyolar asosida elastomer kompozitsiyalari tarkibi, texnologiyasini yaratish va tatbiq qilish» va «Mahalliy xomashyolar asosida polimer-bitum yoʻl qoplamalari yaratish» ilmiy-tadqiqot mavzulari rahbari. Hozirgi kunda Respublikamiz hududida joylashgan Rezina-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari («Birinchirezinatexnika» QQ, Toshkent rezinotexnika va boshqa kichkina korxonalar) ishlatuvchi xomashyolarni mahalliylashtirish va ular asosida yangi texnologiyalar yaratish ustida ilmiy ishlar olib bormoqda.
Axmadjon Sobirovichning rahbarligida 25 dan ortiq fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan. Uning rahbarligida hozirgi kunda 6 ta tayanch doktorant va 5 doktorant himoyaga chiqmoqda. Faoliyati davomida qator Davlat ilmiy-texnik dasturlari loyihalari rahbari boʻlgan. Uning tadqiqotlari natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi rezinotexnika sanoati va yoʻl qurilish uchun xomashyolar yaratilgan va tatbiq qilingan.
Bulardan tashqari uning tadqiqotlari natijalari oliy oʻquv yurtlarining Yuqori molekulali birikmalar va plastmassalarni qayta ishlash texnologiyasi yoʻnalishlari oʻquv rejalariga kiritilgan. U 2007-2018 yillarda Toshkent kimyo texnologiya institutida 02.00.14-Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorantlardan malakaviy imtixon olish komisiyasi raisi, 2008 yildan D 067.24.04 va D 067.50.01 birlashgan ixtisoslashgan ilmiy kengashlari ilmiy kotibi va aʼzosi. Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish qoʻmitasi eksperti. Xalqaro Rezinshiklar uyushmasi kengashi aʼzosi. Bir qator xalqaro anjumanlarning dasturiy va tashkiliy qoʻmitalari kotibi va aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar markazi tomonidan Kimyo sanoati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 13 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan mukofot gʻolibi va boshqa diplomlar va maqtov qogʻozlari bilan taqdirlangan.
Axmadjon Sobirovich 1976 yilda A.R.Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutiga talabalikka qabul qilinganidan to hozirgacha oliy ta’limning turli javhalarida oʻta samarali faoliyat koʻrsatib, yuksak vatanparvarlik, fidoyilik, mexnatsevarlik faoliyati tufayli oliy taʼlim, fan sohalarida, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda va talaba yoshlarni tarbiyalashda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Oliy taʼlimni dunyo standartlariga toʻgʻri keladigan ikki bosqichli taʼlim standartlari va dasturlarini, ularni yangi mukammallashtirilgan yaratishda u jonbozlik qilib kelmoqda. Ular tomonidan 4 ta darslik va 40 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, 10 ta monografiya, 550 dan ortiq ilmiy maqolalar, 15 dan ortiq patent va avtorlik guvohnomalari muallifi hisoblanadi.
Axmadjon Sobirovich oʻzlarining prinsipialligi, talabchanligi, halolligi va shu bilan birga talabalarga, shogirdlarga, hamkasblariga mehribonligi, odamiyligi, fidoiyligi bilan doimo oʻrnak boʻlib kelayaptilar.