Isayev Sabirjan Xusanbayevich 1968-yilda Qozogʻiston Respublikasi, Chimkent viloyati, Sayram tumani Qoramurt qishlogʻida tugʻilgan, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, Suv xoʻjaligi aʼlochisi va Maxpirat nomidagi Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasining akademigi sohibi.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich 1997-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Gidromelioratsiya” fakultetining “Suv xoʻjaligi melioratsiya” ixtisosligini tugatib, injener gidrotexnik mutaxassisligiga ega boʻldi.
Mehnat faoliyatini 1990-2013 yillarda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining laboranti, kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, boʻlim boshligʻi va direktorning ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari, 2013-2014 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Qishloq xoʻjaligi gidrotexnika melioratsiyasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi, 2014-2018 yillarda institutning Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi.
2018-2022 yillarda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori, 2022 yildan buyon “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich oʻzining pedagogik va ilmiy faoliyati davrida assistent, katta oʻqituvchi, dotsent, professor lavozimlarida malakali kadrlar tayyorlashda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Ilmiy faoliyati davomida 350 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlari, shu jumladan, 26 dan ortiq Scopus bazasidagi xalqaro jurnallarda maqolalar, hammuallifliklarda 10 dan ortiq oʻquv qoʻllanma, 15 dan ortiq monografiya, 32 ta foydali model uchun patent va kompyuter EXM dasturlari uchun guvohnomalar, 60 dan ortiq tavsiyanomalar chop qilingan.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich ilmiy faoliyati davrida qishloq va suv xoʻjaligi sohasida, jumladan qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha bir qancha Davlat grantlari va xoʻjalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan.
AQSHning PL-480 “Agroilmdunyo” va 2007 y. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan qoʻllab quvvatlangan Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati ijrosidagi Yevropa ittifoqining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IVMI) tashkiloti bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarida loyiha rahbari sifatida ishlagan.
2003 yil 13 14 may kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan IKARDA tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiya ishtirokchisi.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich 2003 yilda “Shaffof polietilen plyonka ostida parvarish qilingan gʻoʻza dalasida tuz, ozuqa elementlari dinamikasi va plyonkani yigʻishtirib olish muddati” mavzusidagi 06.01.02-«Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” ixtisosligi boʻyicha qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi, 2016 yilda “Gʻoʻza va gʻallani subirrigatsiya usuli bilan texnologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi 06.01.02-«Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” ixtisosligi boʻyicha qishloq xoʻjaligi fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun himoya qilgan.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich 2019 yilda Maxpirat nomidagi Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasining akademigi unvoniga va 2021 yilda Oʻzbekiston respublikasi suv xoʻjaligi vazirligining “Suv xoʻjaligi aʼlochisi koʻkrak” nishoniga sazovor boʻlgan.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich 2017 yildan buyon Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Qx.42.01 raqamli ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Isayev Sabirjan Xusanbayevichning ilmiy nazariy qarashlarini shogirdlari izchil davom ettirmoqdalar. Uning rahbarligida 1 ta (DSc) doktorlik dissertatsiya, 10 ta (Phd), shundan 2 tasi texnika, 8 tasi qishloq xoʻjaligi falsafa fanlari doktorlik dissertatsiyasi himoya qilishgan, shuningdek 2017-2024 oʻquv yillarida 70812302–“Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” va 70812306–“Suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari” mutaxassisliklari boʻyicha 16 ta akademik magistrlik dissertatsiya himoyasi qilishgan hamda 2 ta xorijiy va 5 ta mahalliy doktorant va tayanch doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Oʻzbekiston respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi fani va amaliyotidagi samarali, halol xizmatlari hamda fan bilan amaliyotni oʻzaro uzviy bogʻlashdagi xizmatlari uchun “Suv xoʻjaligi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich oilali, 3 nafar farzandi, 4 nafar nabirasi bor.
Isayev Sabirjan Xusanbayevich koʻp yillik samarali mehnati, isteʼdodi, kasbiy mahorati, ilmiy-ijodiy mahorati soha mutaxassislari va keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan. Respublika miqyosidagi yutuqlari, faoliyatidagi ibratli tajribalari, tashabbuskorligi va izlanuvchanligi bilan nom qozongan.
Shuningdek Isayev Sabirjan Xusanbayevich kamtarin, insonparvar, adolatli, fidoiy, mehnatsevar, masʼuliyatli, talabchan, qatʼiyatli, kommunikativ, mehribon, irodali, bilimdon, eruditsiyali, shijoatkor, tashabbuskor, belgilangan maqsadga yoʻnaltirilgan motivatsiyali, tashkilotchilik, yetakchilik, kompetentlik qobiliyatlariga ega boʻlgan barkamol avlod tarbiyachisi sifatida ilmini, mahoratini, salohiyatini tinimsiz oshirib boradigan, fidoiylik namunalarini koʻrsatib qilayotgan oʻz mehnati bilan jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy–maʼrifiy rivojlanishiga katta hissa qoʻshib kelmoqda.