Ismailov Mirxalil Agzamovich, 1946 yil 28 avgust kuni Toshkent shahrida ishchi oilasida tavallud topdi. 1954-1965 yillarda Toshkent shahridagi 28-sonli maktabda tahsil oldi.
1965 yilda Toshkent politexnika institutiga oʻqishga kirdi va uni 1970 yilda tamomlab, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” boʻyicha texnolog- muhandis mutaxassisligini oldi.
Mehnat faoliyatini 1970 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Hisoblash markazli Kibernetika institutida muhandis lavozimida ish faoliyatini boshladi. Institutda olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqot ishlari bilan tanishish barobarida, yangi tuzilgan xoʻjalik shartnomasini bajarish uchun Yangiyoʻl biokimyo zavodida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish ishlarida faol qatnashdi.
1971 yildan katta muhandis lavozimiga oʻtkazilgandan soʻng mustaqil biokimyo jarayonlarini avtomatlashtirish va boshqarish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini boshlab yubordi. Dunyo miqyosida va Respublikada ushbu sohada tadqiqot ishlari endi rivojlanib kelayotgan edi. Sanoat miqyosida texnologiyalar joriy qilingan boʻlsa-da, lekin ularni avtomatlashtirish hamda avtomatlashgan boshqarish tizimlarini yaratish boʻyicha tadqiqotlarni olib borish zaruriyati dolzarb masala edi.
Shu sababli u Moskva, Leningrad va Kiyev shaharlaridagi hisoblash texnikasi va avtomatika vositalari asosida texnologik jarayonlarni boshqarish boʻyicha tadqiqot olib borayotgan ilmiy markaz olimlari ishlari bilan tanishdi, saboq oldi va oʻz malakasini oshirdi.
1973 yilda aspiranturaning kunduzgi boʻlimiga oʻqishga kirdi va biokimyo sanoat obyektlarini avtomatlashtirish, optimallashtirish va boshqarish sohalarida izlanishlar olib bordi. D.I.Mendeleyev nomidagi Moskva kimyo-texnologiya akademiyasi olimlari — Akademik V.V.Kafarov, t.f.d. prof. A.I.Boyarenov hamda V.P. Meshalkinlar (hozirda Rossiya FA Akademigi) bilan yaqin ilmiy hamkorlik qildi.
1979 yilda texnika fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilmiy izlanishlarni davom ettirish va olgan natijalarni amaliyotga tatbiq qilish maqsadida G.M.Ostrovskiy, V.S.Balakirov, V.V.Biryukov, A.I.Emelʼyanov, A.G.Dʼyachko va boshqa taniqli olimlar bilan hamkorlikda boʻldi.
Kiyev avtomatika instituti, Butun ittifoq gidroliz ilmiy tadqiqot instituti, Butun ittifoq biosanoat ilmiy tadqiqot instituti va boshqa ilmiy tadqiqot markazlari bilan davlat buyutmasi va xoʻjalik shartnomalarini bajardi. Bajarilgan loyihalarda biotexnologiyaga asoslangan sanoat obyeklarini avtomatlashgan boshqarish tizimlarining nazariy va amaliy masalalari boʻlgan matematik modellari, algoritmlari, hamda dasturiy va texnik vositalari ishlab chiqildi. Bu sohada olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari asosida Andijon, Fargʻona, Yangiyoʻl hamda Chimkent biokimyo zavodlarida Respublikada birinchi marotaba integrallashgan boshqaruv tizimi joriy qilindi. Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida loyihaning asosiy ijrochisi boʻlgan Ismailov M.A., nazariy va amaliy bilimlarni egallash orqali boy tajribaga ega boʻldi.
Uning shu davrgacha bajargan fundamental va amaliy tadqiqotlari natijalari asosida, 1991 yil doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib fan doktori ilmiy darajasini oldi. Shundan soʻng, u bosh ilmiy xodim lavozimida shogirdlar bilan birgalikda matematik modellashtirish, optimallashtirish va boshqarish sohalarida ilmiy izlanishlar olib bordi.
1993 yilda Toshkent kimyo texnologiya institutining “Informatika” kafedrasining mudiri lavozimiga tayinlandi. Kafedrada olib borilgan pedagogik hamda ilmiy faoliyat natijalariga koʻra kafedra qisqa muddatda institut boʻyicha namunali kafedra sifatida tanildi.
Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Informatika” institutida olib borilgan ilmiy ishlarini davom ettirish maqsadida rahbariyat uni oʻrindoshlik asosida ishda qoldirdi. Uz ilmiy yoʻnalishiga boʻlgan qiziqishi va fidoiyligi, hamda rahbariyatining taklifi bilan ish faoliyatini boshlagan dargohga qaytishiga sabab boʻldi. 1995 yildan laboratoriya mudiri, ilmiy kotib, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimlarda faoliyat yuritdi.
Ilmiy ishlar bilan bir qatorda, 1979 yildan boshlab Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent Islom Akademiyasi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti Milliy tadqiqot universiteti kabi Oliy taʼlim muassasalarida oʻrindoshlik asosida pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, hozirgi kunga qadar Davlat attestatsiya komissiyalarida qatnashmoqda. Hozirda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti Milliy tadqiqot universitetida professor lavozimida ilmiy pedagogik faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
U 1995 yildan boshlab qariyb 18 yil ixtisoslashgan ilmiy kengash kotibi, aʼzosi, rais oʻrinbosari, raisi sifatida yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Oʻz ilmiy-pedagogik faoliyati davomida monografiyalar, oʻquv darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, EXM uchun dasturiy vositalariga guvohnomalar, jami 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir.
U hozirda OʻzR FA hamda TDTU huzuridagi ilmiy jurnallarning tahririyat aʼzosidir.
Uning rahbarligida 2 ta fan doktori, 18 ta fan nomzodlari va texnika boʻyicha falsafa doktorlari tayyorladi. Hozirda 2 ta tayanch doktorant va 4 ta mustaqil tadqiqotchi hamda 2 ta stajyor tadqiqotchilarga xamda magistrlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Ismailov Mirhalil Agzamovich munosib doʻst, gʻamxoʻr murabbiy, umrini fanga bagʻishlagan olim va koʻp yaxshiliklar qilgan inson sifatida xar doim doʻstlari, kasbdoshlari va shogirdlari ardogʻida. Domla nihoyatda mehnatkash, dilkash, kamtar boʻlish bilan bir qatorda shogirdlarining mehribon ustozidir. U kishidagi gʻayrat va shijoat yoshlar uchun ibratlidir.
Domla erishgan yutuqlariga sababchi boʻlgan ustozlari Akademiklar V.Kobulov,N.R.Yusupbekov, M.M.Kamilov, T.F.Bekmuratov, X.Z.Igamberdiev hamda fan doktorlari A.I.Bayarinov, Sh.M.Gulyamov, K.A.Axmetov va boshqalardan bir umr minnatdor boʻlib, ularga oddiy shogird sifatida hurmat bilan taʼzim qiladilar.