Olim

IVATOV IRISBEK

Iqtisod fanlari doktori, professor

Ivatov Irisbek — 1950 yil 7 oktyabrda, Chimkent viloyatida dehqon oilasida tavallud topgan, millati oʻzbek, oilali, 3 nafar farzandi bor. Iqtisod Fanlari doktori, professor.



U 1968 yili oʻrta maktabni bitirib, Samarqand kooperativ institutining “Savdo iqtisodi” mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga kirgan va uni 1972 yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan va shu yili Moskva kooperativ institutining pedagogika fakultetiga yoʻllanma bilan oʻqishga yuborilgan va uni 1974 yili muvaffaqiyatli tugatib, Fargʻona kooperativ texnikumida “Savdo iqtisodi” mutaxassisligi boʻyicha oʻqituvchilik faoliyatini boshlagan. 1972-1973 yy. Sovet Armiyasi safida xizmat qilgan.



1976 yildan Fargʻona politexnika institutida assistent lavozimida ishlagan, 1976-1979 yillar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining iqtisod institutida aspiranturada oʻqigan va 1982 yili iqtisod fanlari nomzodi, 2004 yili “Marketing” mutaxassisligi boʻyicha “Oʻzbekiston dehqon bozorida marketing faoliyati rivojlanishining istiqbollari” mavzusida iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish boʻyicha dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



I. Ivatov 1980 yildan 1990 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida katta laborant, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, boʻlim mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish kengashi (SOPS)da ham qisqa muddat ishlagan.



Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti (1991 yilgacha Toshkent xalq, xoʻjaligi instituti)da 1990 yildan boshlab, “Savdo iqtisodiyoti” kafedrasida dotsent, tijorat fakultetida dekan muovini va “Savdo menejmenti” kafedrasida dotsent va 1997 yilning avgustidan hozirga 2015 yilga qadar universitetning “Iqtisodiy bilimlarni tarqatish markazi”ga rahbarlik qilib keldi. I.Ivatov 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy — uslubiy ishlar muallifidir. Uning ilmiy rahbarligida 10 nafar fan nomzodi va 2 nafar fan doktori tayyorlandi. Yana koʻplab shogirdlarga ustozlik qilmoqda. 1997 yil Buyuk Britaniyaning London, Nottingem shaharlarida marketing-menejment ixtisosligi boʻyicha malakasini oshirgan.



U bir nechta xalqaro loyihalarda ishtirok etgan va uning faol ishtirokchisi sifatida xorij mamlakatlarida malaka oshirgan. Chunonchi, 1995 y. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon bankining Iqtisodiy rivojlanish instituti tomonidan amalga oshirilgan “Ijtimoiy siyosat, dastur, loyiha” kurslarida ishtirok etib, Moskva, Vashington, Nyu-York shaharlarida koʻplab seminarlar ishtirokchisi boʻlgan. Shuningdek, bu seminarlar Olma-ota, Samarqand va Toshkent shaharlarida ham oʻtkazilgan va ular I.Ivatovning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan.



Ivatov Irisbek, TDIU oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatida har doim faol ishtirok etib, professor-oʻqituvchilar, talabalar va boshqa kitobxonlarga iqtisodiy bilimlarni tarqatish, uslubiy koʻrsatmalar berish borasida katta ishlarni amalga oshirib, respublikadagi iqtisodchi olimlar salohiyatini yanada oshirishda oʻzining amaliy yordamini bermoqda. Shu bilan bir vaqtda uning tashabbusi va saʼy-harakati tufayli 2000 yildan boshlab, TDIU muassisligida “Iqtisodiyot va



taʼlim” ilmiy jurnali chop etilmoqda va Ivatov Irisbek uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi bosh muharriri, hamda 2007 yildan buyon “ Iqtisodiyot” nashriyoti direktori lavozimida faoliyat olib bordi.



2018-2023 yillarda u TDIU Sirtqi boʻlimning “Iqtisodiyot” kafedrasi professori lavozimda oʻz faoliyatini davom ettirib, 2023 yildan “Turizm” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda. Shu bilan bir vaqtda “Iqtisodiyot dunyosi” nashriyoti direktori va jamoatchilik asosida “Iqtisodiyotda innovatsion rivojlanish” ilmiy jurnalining bosh muharriri vazifasini bajarib kelmoqda. Mehnat faoliyati davomida u universitet professor-oʻqituvchilari va talabalar hamda qoʻl ostidagi xodimlar orasida katta eʼtibor qozongani hurmatga loyiqdir.