Hazrati Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ustozlarning olijanob mehnati haqini ado etib boʻlmaydi. Haqiqatan ham, har bir yosh avlodni oʻz farzandidek ardoqlab, tarbiyasi uchun koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini baxsh etadigan ustozlar tom maʼnoda fidoiy kasb egalaridir.
Ustozimiz, biologiya fanlari doktori, professor Zuvaydullo Izzatullayev umrini ilm-fan va taʼlimning rivoji uchun bagʻishlab kelayotgan oliyjanob, mehnatkash hamda kamtarin insondir.
Professor Zuvaydullo Izzatullayev 1943-yilda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani Dahbed qoʻrgʻonida tavallud topdi. 1949-1959 yillarda oʻrta maktabni kumush medali bilan tugatib, mehnat faoliyatini “Dahbed” davlat jamoa xoʻjaligi ishchisi sifatida boshladi. 1960-yili Tojikiston Davlat universitetining Tabiatshunoslik fakultetining biologiya boʻlimiga oʻqishga kirib, uni 1965-yilda bitirdi. 1965-1966 yillarda Armiya safida fuqarolik burchini oʻtadi. 1967-yilda Tojikiston FA Zoologiya va parazitologiya institutiga “Umurtqasiz hayvonlar zoologiyasi” fani boʻyicha aspiranturaga kirib, oʻqishni Rossiya FA Zoologiya institutida (Sankt-Peterburg shahrida) davom ettirdi.
Z.Izzatullayev 1970-yili mazkur institutning ilmiy kengashida “Zoologiya” ixtisosligidan nomzodlik (“Tojikistonning Hisor tizma togʻlari va yondosh rayonlarning quruqlik mollyuskalari”), 1988-yilda (“Oʻrta Osiyo va unga yondosh regionlarning suvda yashovchi mollyuskalari”) mavzularida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
U Oʻrta Osiyo suv mollyuskalarining hozirgi davri va tarixiy rivojlanishi hamda ularning ekologo-zoogeografik va ekologo-sistematik komplekslarini oʻrganish natijasida birinchi boʻlib, ushbu mintaqa suv havzalarining ekologo-zoogeografik rayonlashtirishning mutlaqo yangi shartli tasvirlarini ishlab chiqdi. Bu nafaqat Markaziy Osiyo suvlarida hayot kechirayotgan umurtqasiz hayvonlar faunasinigina emas, balki butun Palearktikada ularning shakllanish yoʻllarini koʻrib chiqishga ijobiy taʼsir etdi.
Olim birinchi boʻlib, Oʻrta Osiyo mollyuskalarining sanitar vazifasini oʻtashini ilmiy asoslab berdi. U malakologiya fanini mollyuskalarning 100 dan ortiq yangi turlari, avlodlari va kenja oilalari bilan boyitdi. Uning hamkasblari bu sohadagi xizmatlarini hisobga olib, mollyuskalarning 10 ga yaqin yangi turlari Z.Izzatullayev nomi bilan atalgan va 1991-yilda uni MDH malakologlari Uyushmasining Prezidiumi aʼzosi etib saylangan.
Professor Z.Izzatullayevning ilmiy faoliyati qishloq xoʻjaligi bilan ham bogʻliq va bu borada oʻsimliklarni himoya qilish veterinariya sohalari hodimlariga zararli mollyuskalarga qarshi kurash borasida yaqindan yordam berib kelmoqda. U zararli mollyuskalarga qarshi uslubiy qoʻllanmalar, ilmiy va ilmiy-ommabop risolalar, plakatlar chop etgan hamda koʻp yillik (1967-2012) izlanishlari natijasida “Oʻrta Osiyo va yondosh regionlarning toza suvlarida yashovchi mollyuskalari” mavzusida 2 jildli 40 bosma taboqdan iborat fundamental monografiyani chop etishga tayyorlagan. Uning ilmiy ishlari natijalari mollyuskalar boʻyicha fundamental kitoblarga: Sobiq Ittifoq faunalari (1978, 1980, 1984), Oʻzbekiston va Tojikistonning qobusnomalari (1973, 1983, 1984, 1989, 1991, 2002), sobiq Ittifoq (1974), Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari “ Qizil kitoblari” (1988, 1997, 2003, 2006, 2009), oʻrta maktablar oʻquv — qoʻllanmalari (1981, 1989, 1990) ga kiritilgan.
Olim tomonidan 700 ga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy va ilmiy — ommabop maqolalar chop etilgan. Uning ilmiy ishlari nafaqat qoʻshni mustaqil mamlakatlar markaziy ilmiy toʻplamlari va jurnallarida, shuningdek chet ellar (AQSh, Vengriya) jurnallari va Xalqaro malakologlar Kongressi toʻplamlarida ham bosmadan chiqqan. Bugungi kunda u nafaqat, sobiq Ittifoqning mustaqil mamlakatlari, balki AQSh, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Yangi Zellandiya, Saudiya Arabistoni kabi (40 dan ortiq) xorijiy davlatlar olimlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi.
U ilmiy ishlari yuzasidan 1983-yil Vengriya poytaxti Budapesht; 1986-yili Buyuk Britaniyaning Edmunton; 1989-yil Germaniyaning Tubingen; 1992-yil Italiyaning Siena; 1995-yil Ispaniyaning Vigo; 2000-yil AQSh ning Nyu-York shaharlarida oʻtkazilgan Xalqaro Malakologlar Kongresslariga taklif etilgan.
Professor Z.Izzatullayev ilmiy maʼruzalari bilan YuNESKO ning “Buyuk Ipak yoʻli” boʻyicha oʻtkazilgan simpoziumida (Dushanbe, 1991), Sohibqiron Amur Temur tavalludining 660-yilligiga bagʻishlangan, Markaziy Osiyo oʻsimlik va hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish va muhofaza qilishning ekologik asoslari, Biologiya va ekologiyaning hozirgi zamon muammolari, Biotexnologiyaning yutuqlari — insoniyatning kelgusi avlodi uchun (Samarqand 1996, 1997, 1999, 2001), Yadroviy fizikaning yangi muammolari, Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligidagi taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuvini rivojlantirish, Markaziy Osiyoda suv tanqisligini bartaraf etishda jamoatchilikning ishtiroki (2001, 2003), Yadro va radiatsion fizika (Olmata, 1999, 2002) Oziq – ovqat xavfsizligi: milliy va global muammolar (Samarqand, 2022, 2023), International Conference on Conservation of Eurasian Biodiversity. ICEB. Andijon – 2023 kabi xalqaro anjumanlarda qatnashib, fanimiz yutuqlarini targʻibot etgan.
1992-1993 yillarda zoologiya sohasi-dagi eng yaxshi ilmiy ishlari uchun eʼlon qilingan AQShning Djon Soros nomidagi Xalqaro ilmiy fondi diplomi va mukofotini olishga sazovor boʻlgan. U 1992-yildan boshlab, SamDU da umurtqasizlar zoologiyasi, malakologiya asoslari, tabiatni muhofaza qilish, tabiat asoslari, biogeografiya, gidrobiologiya, ekologiya kabi fanlardan talabalarga saboq berib, 1997-yildan to 5 yanvar 2012-yilgacha universitetning Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish kafedrasining mudiri vazifasida faoliyat koʻrsatib keldi.
Zuvaydullo Izzatullayev pedagogik va ilmiy faoliyatida yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashga katta ahamiyat beradi. Jumladan, 6 ta fan nomzodi (PhD) va 2 ta fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olishda rahbarlik qildi. Shuningdek, 50 ga yaqin dissertantlarga rasmiy opponent sifatida taqrizlar berdi. U ayni vaqtda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, Andijon va Guliston davlat universitetlarining doktorant va izlanuvchilariga hamda Qarshi davlat universiteti magistrantlarining dissertatsiya-lariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Professor Z.Izzatullayev universitet va biologiya fakulteti jamoat ishlarida faol qatnashadi. Hozirgi kunda olim Samarqand davlat universiteti huzuridagi biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tarkibida rais oʻrinbosari sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.
Olim universitet jamoasi va talabalari orasida chuqur eʼtibor qozongan zukko, kamtarin, odamoxun va fidoyi ziyolilardan hisoblanadi. U “Mehnat faxriysi“ medali bilan taqdirlangan.
Rossiya tabiiy fanlari akademiyasi tomonidan “Iskandar Zulqaynar” ordeni, akad. N.I.Vavilov medali bilan taqdirlangan. U Turon fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi va Rossiya Tabiiy fanlari akademiyasining “Xizmat koʻrsatgan fan va texnika” arbobi faxriy unvoni va Oʻzbekiston Respublikasi-ning 30-yilligi munosabati bilan esdalik “Koʻkrak nishoni” sovrindoridir.
Hozirgi kunda Ustoz boshchiligida Oʻzbekistonda deyarli oʻrganilmagan yoʻnalish – girudologiya boʻyicha qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2023-2026 yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston zuluklari (Hirudinea): turlar tarkibi, bioekologik xususiyatlari, suv tiplarida tarqalishi, xoʻjalikdagi ahamiyatini oʻrganish va noyob turlarni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida izlanishlar olib borilmoqda.